Jamiyat | 12:05 / 26.10.2017
16647
3 daqiqa o‘qiladi

Loqaydlik va e'tiborsizlik oqibati 

Rifat o‘sha kuni Muborak tumani “Qarliq” qishlog‘idagi bozorda aylanib yurgandi. Nima bo‘ldi-yu, bozor yonida turgan “Vaz-21011” avtomashinasi yonida uymalashib qoldi. Mashina oynasidan ichkariga ko‘z tashlagan Rifatning xayolini unga o‘rnatilgan magnitofonni o‘g‘irladi-qo‘ydi. Bir zumda “Pioner” rusumli magnitofon, mashina egasining qo‘l telefoni va 2 million so‘m pul “g‘oyib bo‘ldi”, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ammo “o‘g‘rigina bola” uzoqqa bora olmadi. Qilmishi uchun sud oldida javob berishiga to‘g‘ri keldi. Jabrlanuvchi, Koson tumani Mug‘jagul qishlog‘ida yashovchi Eldor Ulug‘ov yarashuv to‘g‘risidagi arizasini taqdim etib, Rifat qilmishi uchun undan kechirim so‘ragani, yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplanganligi sababli ular o‘zaro yarashib ketishganligini, Jinoyat kodeksining tegishli moddasi asosida jinoyat ishini yarashuv asosida tugatishni so‘radi.

Sudlanuvchi, endi o‘n sakkiz yoshni qarshilagan Rifat Xolmurodov aybiga iqrorlik va pushaymonlik bildirdi.

Muborak tuman sudi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan ajrim qildi. Sudlanuvchi Rifat Xolmurodovning qilmishiga oid jinoyat ishi harakatdan to‘xtatildi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining 4-qurultoyida so‘zlagan nutqida yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir etish holatlari ko‘payib borayotganini tashvish bilan qayd etdi.

Rifat ham ana shunday yoshlardan biri. Jinoyat sodir etgan paytida Kasbi tumanidagi Maymanoq sanoat kasb-hunar kollejida tahsil olayotgandi. “Tahsil olayotgandi” degan gap bu yerda biroz nisbiyroq qo‘llanildi. Chunki u o‘sha kuni bozorda emas, Maymanoqdagi kollejda – darsda bo‘lishi kerak edi. Ammo na uyidagilari, na kollejdagilar uning qayerda, nima qilib yurganligi bilan qiziqishmagan.

Jinoyat ishi-ku, harakatdan tugatildi, biroq tarbiya ishidagi harakat bir zum ham to‘xtamasligi zarur.

Xulosa aniq – tarbiyada bir daqiqa bo‘lsin, loqaydlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu borada oilada, ta'lim muassasasida, mahallada hamkorlik asosida qat'iy nazorat yo‘lga qo‘yilishi shart. Shundagina yoshlarimiz jinoyat ko‘chasiga aslo kirishmaydi.

Mavzuga oid