Sport | 23:10 / 03.11.2017
17668
5 daqiqa o‘qiladi

Anons. Ispaniya chempionatida navbatdagi tur intrigalari

Ispaniya chempionati 11-tur start olish arafasida. «Tribuna» turning asosiy intrigalariga e'tibor qaratadi.

Messi «Barselona» safida 600-uchrashuvni o‘tkazadi

Turning markaziy uchrashuvi Kataloniyada, «Kamp Nou» o‘yingohida bo‘lib o‘tadi. «Barselona» hafta boshida Gretsiyada, «Olimpiakos»ga qarshi o‘yinda qayd etilgan natijani (0:0) unuttirish uchun muxlislari ko‘z o‘ngida «Sevilya»ni mag‘lubiyatga uchratishi talab etiladi. Kechaning asosiy yulduzi Lionel Messi shu kuni «Barsa» safida 600-uchrashuvda maydonga tushishi kutilmoqda. Andalusiyaliklar jamoasi argentinalik bu futbolchining sevimli klubi hisoblanadi - u Ispaniyada eng ko‘p golini shu jamoa darvozasiga yo‘llagan (29ta). Bu borada ikkinchi o‘rinda «Atletiko» (27), uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda «Real» hamda «Valensiya» jamoalari (24). Mehmonlar jamoasi o‘tgan oy boshidagi inqirozdan endi chiqib kelmoqda, jamoa o‘tgan turda «Leganes»ni mag‘lub etib, Ispaniya chempionatidagi ahvolini, YeChLning o‘tgan turida esa «Spartak»ni mag‘lub etib, guruhdagi vaziyatni yaxshilab oldi.

Shu bilan birgalikda, «Sevilya» kataloniyaliklar jamoasi ustozi Ernesto Valverde uchun noqulay raqib. Shanba kungi o‘yin uning uchun «Sevilya»ga qarshi yigirmanchi o‘yin bo‘ladi. U o‘z faoliyatida bu jamoaga qarshi juda yomon statistika qayd etgan: shu vaqtgacha turli jamoalar boshqaruvida o‘tkazilgan 19 o‘yinda 8 g‘alaba, bir durang va 10 mag‘lubiyat. Yana bir e'tiborli jihat, Ernesto futbolchiligida «Barselona» safida ilk golini «Sevilya» darvozasiga yo‘llagan.

«Real» «Las Palmas»ni «toptap tashlaydi»mi?

«Qirollik klubi» og‘ir davrni boshdan kechirmoqda. Ispaniya chempionati startidagi 10 turda ikki mag‘lubiyat qayd etildi va jamoa «Barselona»dan 8 ochkoga ortda qolib ketdi. Zidan shogirdlari juda kam gol urmoqda - 10 o‘yinda 19ta gol. Jamoaning eng yaxshi to‘purari 3tadan gol urgan Marko Asensio va Isko bo‘lib turibdi. O‘yingacha Garet Beyl safga qaytishi kutilmoqda. Balki aynan u «qaymoqranglilar»ning omadsiz davrini yakunlab berar?

«Las-Palmas» jiddiy qarshilik ko‘rsatishini kutish qiyin. Jamoa turnir jadvalida oxirgi o‘rinlarda bormoqda. «Real» esa «Santyago Bernabeu»dagi o‘yinlarda ko‘proq ochko yo‘qotmoqda: 2 g‘alaba, 2 durang va 1 mag‘lubiyat. Lekin orol jamoasi sentabr oyidan buyon g‘alaba nimaligini bilmagan: 6 mag‘lubiyat. Yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yinda «Las-Palmas» qatorasiga 7 mag‘lubiyat qayd etgan jamoalar qatoriga qo‘shilishi haqiqatga yaqin. Madridliklar esa chempionlik poygasiga qaytish uchun g‘alaba qozonishi, yirik hisobda g‘alaba qozonishi kerak.

«Valensiya» va Dzadza tarix yaratmoqda

«Ko‘rshapalaklar» jamoasi tarixiy natija o‘rnatib bo‘ldi. Bu jamoa o‘z tarixidagi eng yaxshi startni namoyish etdi: mavsumdagi 10 o‘yinda 7 g‘alaba va 3 durang. Navbatdagi rekord qatorasiga 7 o‘yindagi g‘alaba bo‘lishi mumkin. «Valensiya» hali bunday natijaga erishmagan. «Leganes»ga qarshi o‘yinda esa buni amalga oshirish imkoniyat chegarasida. Madrid atrofidagi hudud jamoasi o‘zi uchun debyut bo‘lgan o‘tgan mavsumda 4 marta «Valensiya»ga qarshi o‘ynagan (Kubok doirasida ikki o‘yin) va har safar valensiyaliklar g‘olib chiqqan. Bu jamoani shanba kuni Valensiyada juda qiyin o‘yin kutib turibdi.

«Valensiya»da «ochilgan» Simone Dzadza chempionatda 9ta goli bilan Lionel Messidan keyin (13 gol) ikkinchi o‘rinda bormoqda. U qatorasiga La Liganing yetti turida gol urish orqali 1944 yilda Edmundo Suares tomonidan o‘rnatilgan rekordni takrorlashi mumkin.

3 noyabr, juma 
23:00 BeTIS – XeTAFe 
4 noyabr, shanba
17:00. VALeNSIYa – LeGANeS.
20:15. DePORTIVO – ATLeTIKO.
22:30. ALAVeS – ESPANOL. 
00:45. BARSeLONA – SeVILYa.
5 noyabr, yakshanba
16:00. LeVANTe – JIRONA.
20:15. SeLTA – ATLeTIK.
22:30. ReAL SOSeDAD – EYBAR. 
22:30. VILYaRReAL – MALAGA.
00:45. ReAL – LAS PALMAS.

Mavzuga oid