Jahon | 15:10 / 06.11.2017
29669
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston sobiq bosh prokurorining ukasi Bishkekda o‘ldirildi 

Foto: Kloop.kg

Qirg‘iziston sobiq bosh prokurori Aida Salyanovaning ukasi – Ulan Salyanov Bishkekda yuz bergan qurolli hujum oqibatida o‘ldirildi. Bu haqda sobiq bosh prokurorning advokati Ulan Jumakov feysbukda xabar bergan.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni tungi soat 02:00larda niqoblar va kamuflyaj libosida bo‘lgan bir necha qurollangan erkak Salyanovning Bishkekdagi uyiga bostirib kirishgan. Hujum oqibatida 1975 yilda tug‘ilgan Salyanov olgan jarohatlari tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

Qirg‘iziston IIV bu holat bo‘yicha hozircha izoh bermadi. IIVdagi manbaning «Interfaks»ga tasdiqlashicha, hujum haqiqatdan ham sodir bo‘lgan, biroq u hech qanday tafsilotlarni keltirmadi. 

10 oktabr kuni «Ata-Meken» parlamentdagi muxolif fraksiyasi deputati, Qirg‘iziston sobiq bosh prokurori Aida Salyanova Bishkekning Lenin tumani sudi tomonidan mol-mulki musodara etilgan holda besh yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Biroq, uning yosh qizi borligi e'tiborga olinib, sud qarorining kuchga kirishi bola 14 yoshga to‘lgunga qadar qoldirildi.

Qirg‘iziston bosh prokuraturasi Salyanovaga nisbatan 2016 yilning oxirida jinoiy ish qo‘zg‘atdi. U mamlakat adliya vaziri lavozimini egallagan paytida xizmat vakolatlarini suiiste'mol qilishda ayblandi.

Ma'lumot uchun, Salyanova bosh prokuror lavozimini 2011-2015 yillar davomida egallagan. 2015 yildan esa «Ata-Meken» fraksiyasidan Qirg‘iziston parlamenti deputati bo‘lgan.

Mavzuga oid