Jahon | 11:25 / 13.11.2017
23363
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston bosh vaziri mamlakatdagi "juda qo‘rqinchli" holat haqida gapirdi 

Foto: RIA "Novosti"

Qirg‘iziston bosh vaziri Sapar Isoqov mamlakat yo‘l xavfsizligini mustahkamlash sohasidagi islohotlar juda sekin ketayotganini tan oldi hamda bu yo‘nalishdagi ishlarni mustahkamlash haqidagi topshiriq berdi. Bu haqda u vazirlar mahkamasidagi yig‘ilish davomida ma'lum qilgan.

Qirg‘izistonda iyul oyida mamlakat xavfsizlik kengashining yig‘ilishi o‘tkazilib, unda yo‘l xavfsizligi tizimini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasi tilga olingandi.

Juma kuni esa Isoqov vazirlar mahkamasining favqulodda majlisini o‘tkazdi. U yo‘l-transport hodisalari haqida ogohlantirish bo‘yicha bo‘lib o‘tdi, hamda bosh vazir mamlakatda YTH sonini “juda qo‘rqinchli” ko‘rinish olgani haqida ma'lum qildi. Shu sababdan Isoqov bir yarim yil avval tashkil etilgan patrul militsiyasi boshqarmasini tugatish hamda uning o‘rnida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha bosh boshqarmani tashkil etish haqida aytib o‘tdi. 

"Bu bosqichma-bosqich jarayon bo‘lib, u yo‘l xavfsizligi tizimini mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, biz ushbu mahkamada boshqaruv tizimini ham o‘zgartiramiz", - dedi Isoqov.

Bosh vazir yig‘ilish chog‘ida mamlakat xavfsizlik kengashining iyuldagi majlisi vaqtida qabul qilingan rejaning bajarilishini tekshirdi. Rejada hammasi bo‘lib 103 band bo‘lib, o‘z ichiga 148 ta tadbirni qamrab oladi – ular yo‘l harakati xavfsizligini oshirishga yo‘naltirilgan. "Rejani amalga oshirish juda sekin ketmoqda. Barcha tadbirlar o‘z muddatida bajarilishi lozim, rejani bajarmaslik uchun jiddiy choralar qo‘llaniladi. Alohida e'tibor jarayonlarni avtomatlashtirish, xodimlarni ishga olish, “Aqlli shahar” loyihasi, axborot tadbirlariga qaratiladi", - deya aytib o‘tdi u.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda noyabrning faqatgina birinchi haftasida 208 ta YTH yuz berib, ularda 42 inson halok bo‘ldi va 300 dan ortiq kishi jarohat oldi.

Mavzuga oid