O‘zbekiston | 21:10 / 21.11.2017
25352
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Koreya Respublikasining eng nufuzli uch universiteti filiali ochilishi mumkin

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha vazir vazifasini bajaruvchi Sherzod Shermatov, oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov hamda Toshkent shahridagi Inxa Universiteti rektori Sarvar Boboxo‘jayevdan iborat   O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasi yetakchi oliygohlari rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshiradigan davlat tashrifi arafasida bo‘lib o‘tdi.

Janubiy Koreyada bitiruvchilari eng yaxshi natijalarga erishuvchi nufuzli universitetlar uchligi SKYuniversities deb ataladi. SKY uch eng yaxshi universitetning bosh harflaridan tuzilgan: S - Seul milliy universiteti (Seoul National University), K - Koryo universiteti (Korea University) va Y - Yonsey universiteti (Yonsei University). SKY so‘zi inglizchadan osmon deya tarjima qilinadi, bu esa mazkur uch oliygohga kirishning qiyinligiga ishora qiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida aynan shu universitetlar rahbariyatlari bilan uchrashdi. Bundan tashqari, Xanyang texnologiya universiteti bilan ham uchrashuv rejalashtirilgan.

Tomonlar muzokaralar davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreya oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilishdi. Shuningdek delegatsiyamiz vakillari ushbu universitetlar rahbariyatini O‘zbekistonda filiallarni ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga taklif qildi. Xususan, me'morchilik, shaharsozlik va fuqarolik muhandisligi yo‘nalishlari bo‘yicha.

Universitetlar vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurish va bozorni tahlil qilish orqali bu masalani yaxshilab o‘rganib chiqish zarurligini ta'kidlashdi. Koreya tomon mazkur masalani o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlarini tashkil qilishi qayd etildi.

Mavzuga oid