Naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi, «Elektron to‘lovlar to‘g‘risida»gi qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi PF-5059-son «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste'mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-son «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmonlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qildi:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013 yil 26 apreldagi 9/1-son qarori (2013 yil 3 iyun) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur qaror rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirdi.
O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:
1. 1-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirildi:
«O‘zbekiston Respublikasi byudjyet tizimi byudjyetlarining g‘azna ijrosi bo‘yicha amalga oshiriladigan naqd pulsiz hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasi byudjyet tizimi byudjyetlarining g‘azna ijrosi qoidalariga (ro‘yxat raqami 2850, 2016 yil 22 dekabr) muvofiq tartibga solinadi.».
2. 7-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:
«7. Yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, xizmatlar) uchun to‘lovlar bevosita mahsulot yetkazib beruvchilarga to‘lanishi kerak, to‘lovlarning uchinchi shaxslar (xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar) hisobidan undirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.».
3. 34-band «pochta aloqasi tashkilotlariga» degan so‘zlardan keyin «va AT Xalq banki filiallariga» degan so‘zlar bilan to‘ldirildi.
4. 59-bandda:
«a» kichik bandning yettinchi xatboshisidagi «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatini» degan so‘zlar «O‘zbekiston yoshlar ittifoqining» degan so‘zlar bilan almashtirildi;
«v1» kichik band «energiya resurslari» degan so‘zlardan keyin «hamda suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati» degan so‘zlar bilan to‘ldirildi.
5. 61-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirildi:
«Davlat ijrochilari energiya resurslari hamda suv ta'minoti va suv chiqarish xizmati bo‘yicha qarzdorlikni undirishda inkasso topshiriqnomalarini bevosita mablag‘larni to‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi bankka davlat ijrochisining qarorini ilova qilmagan holda taqdim etishi mumkin.».
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024