Jamiyat | 08:14 / 01.12.2017
69539
6 daqiqa o‘qiladi

Jinsining vatani O‘zbekistonmi yoki Amerika?

Qoraqalpog‘iston Respublikasi axborot agentligi rahbari Yesimqan Qanaatov agentlik saytida e'lon qilingan maqolasida mashhur jinsi materialining vatani Amerika ekaniga shubha bidiradi. Bu I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyida saqlanayotgan noyob eksponatlar haqida tayyorlagan lavhasida shunday fikr bildirdi. 

Ayni paytda Nukus shahridagi butun dunyoga mashhur I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyida noyob mustahkam matodan ishlangan 4 dona ko‘k rangli ko‘ylak saqlanmoqda. Xalq tilida bu ko‘kko‘ylak deb nomlanadi. Bir necha yuz yillar avval hozirgi jinsi kabi mustahkam matodan qilingan ushbu betakror eksponatlar muzeyga kelayotgan minglab xorijiy turistlarning hayratini oshirmoqda. Jinsi matosi eng avval Amerikada emas, balki O‘zbekiston zaminida paydo bo‘lgan ekan-da, deya ajablanmoqda. Xo‘sh, ushbu mato qanday qilib yurtimizda paydo bo‘lib qolgan ekan?

Foto: I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyi

Qoraqalpoq san'atining takrorlanmas esdaliklaridan biri ko‘kko‘ylak dunyoda boshqa bironta ham xalqda uchramaydigan tantanali libos turi sanaladi. Shuningdek, tasviriy hamda kashtachilik san'atining ham betakror namunasi sifatida talqin qilinadi. Ko‘kko‘ylakni qoraqalpoqlarda «buyoq ko‘ylak» va «kashtali ko‘ylak» deb ham nomlashadi. Chunki bu ko‘ylak ko‘k rang bilan bo‘yalgan va har xil kashtalar bilan bezalgan. Ko‘ylakning bezalishida oltmishdan ortiq naqsh turlari qo‘llanilgan.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ko‘kko‘ylak asosan Dengizbo‘yi qoraqalpoqlarida keng tarqalgan. Ko‘kko‘ylak namunalari I.V.Savitskiy muzeyidan boshqa Sankt-Peterburg shahridagi Etnografiya va Nukus shahridagi O‘lkashunoslik muzeylarida ham saqlanmoqda.

Foto: I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyi

Ko‘kko‘ylak bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib borgan olim M.Qipshaqbayev: «Ko‘kko‘ylak hozirgi jeans (jinsi) materialini yodga soladi va shu mato turining dastlabki ixtirochisi qoraqalpoq chevarlari bo‘lganligiga shubha uyg‘otmaydi. Qoraqalpoqlarning qadimdan Buyuk Ipak yo‘lida qo‘nim topgani va ularda savdo-sotiq ishlarining rivojlanishi bu materialning Yevropa davlatlariga tarqalishiga olib kelgan bo‘lsa, ajabmas», deb yozadi. 

Ko‘kko‘ylak materialining mustahkam matodan ishlanganligi haqiqat va shuning uchun ko‘pchilik tadqiqotchilar shunday xulosaga kelishgan.

Ko‘kko‘ylakning yoqasi, etagidan ko‘krak qismigacha naqsh bilan kashtalangan.  Ko‘kko‘ylakdagi mayda naqshlar shu qadar ko‘p va murakkab-ki, bitta ko‘ylakni bezash uchun qoraqalpoq qizlari 4 yildan 7 yilgacha vaqt sarflashgan. Shuning uchun xalqda «olti yoshda boshlasang oshirasan, yetti yoshda boshlasang yetkazasan» degan gap bor. Bu aynan ko‘kko‘ylak tikish san'atiga bog‘liq aytilgan. Qoraqalpoq qizlari ushbu ko‘ylakni asosan o‘zlarining nikoh to‘ylariga atab tikishgan.

I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyi etnografiya bo‘limi rahbari Aygul Pirnazarova ko‘kko‘ylak haqida shunday deydi:

«Ko‘kko‘ylakning tarixi sak-massagetlar davriga borib taqaladi. Mard To‘maris va dovyurak Gulayim boshqargan qizlar dushmanlarga qarshi yurishda kiyimlarining oldiga yoki sovutga ajoyib naqshlar tushirgan. Sababi shuki, ushbu naqshlar dushmanning ko‘zini qamashtirishda qo‘l kelgan.

Foto: I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyi

Ko‘kko‘ylakdagi naqshlarning ko‘p bo‘lishi ham ushbu davrdan qolgan. Ko‘kko‘ylak tikish san'ati 19 asrlargacha xalq orasida bo‘lgan. U «amirxoni paxta» deb nomlangan ingichka tolali paxta ipidan ishlangan. Ushbu paxta ipi maxsus asbobda (mahalliy tilda «qozaq» deb nomlanadi) matoga aylantirilgan, u bo‘z mato deb atalgan. Bo‘z matoni bo‘yoqchilar ko‘k rangga bo‘yashgan. 

Muzeyga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlarning «qoraqalpoqlar jinsini amerikalilardan avval o‘ylab topishgan ekan. Demak, jinsining vatani – Amerika emas, O‘zbekiston ekan-da!» deb taajjub bilan tan olishganini ko‘p marotaba guvohi bo‘lganman».

Mustaqillik yillarida madaniy meroslarni qayta tiklashga katta e'tibor qaratildi va ko‘kko‘ylakni zamonaviy tikuv mashinalarda qayta hayotga keltirishga harakatlar boshlandi.

O‘tgan asrning 90 yillari boshlarida qoraqalpog‘istonlik hunarmand Daljanova Nesibeli muzeydagi ko‘kko‘ylaklarning naqshlaridan namuna olib, ilk bor tikuv mashinasida ushbu ko‘ylakni 24 kun davomida tikib chiqdi. Shu yili mazkur ko‘kko‘ylak Olmaota shahrida o‘tkazilgan «Osiyo tovushi» tanlovida g‘olib bo‘ldi.

Foto: I.V.Savitskiy nomidagi davlat san'at muzeyi

Hunarmandlar orasida milliy meroslarni qayta tiklash borasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Ayzada Nurimbetova ham qoraqalpoq kiyimlarini, xususan, ko‘kko‘ylakni dunyoga tanitishda qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. U kashtali kiyimlarni zamonaviy ko‘rinishga keltirib, tikuv mashinasida va qo‘l bilan kashtalovchilarga rahbarlik qilib, qator davlatlarga xalq amaliy san'atini namoyish qilib kelmoqda.


Yesimqan Qanaatov
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori

Mavzuga oid