Jamiyat | 12:53 / 02.12.2017
26236
2 daqiqa o‘qiladi

Bolalarga bering dunyoni

«3 dekabr - Xalqaro nogironlarni huquqi va erkinliklarini himoya qilish kuni» munosabati bilan Toshkent shahri Olmazor tumani 100 sonli miya falaji va tayanch harakati a'zolarida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan maktab-internati jamoasi va o‘quvchilari tomonidan madaniy-ma'rifiy tadbir uyushtirildi.

Ta'kidlash lozimki, tadbir ko‘tarinki va boshqacha ruhda o‘tkazildi. Ushbu maktabga ilk bor qadam qo‘yib kirar ekansiz, imkoniyati cheklangan bolalarning tamomila boshqa dunyosiga tushib qolgandek bo‘lasiz. Kishini hayratga soladigan jihati shundaki, ular raqsga tushmoqda, she'r o‘qib, qo‘shiq kuylamoqda. Qolaversa, paralimpiya muvaffaqiyatining sirini mana shu yosh bolalarning chaqnab turgan nigohidan anglash mumkin.

Maktab direktori O‘tkir Qurbonovning aytishicha, ayni paytda ta'lim muassasasida 362 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda va ularning ko‘pchiligi respublikaning turli manzillaridan kelgan.

Bolalarni shod etish uchun xonanda Umar Shamsiyev maktab o‘quvchisi bilan tayyorlagan duet qo‘shig‘ini barchaga taqdim etdi. Ularning quvonchi va hayqirig‘i binoni tutib ketgandi.

Tadbirni 5 sinf o‘quvchi Og‘abek Erkinov jonli ijroda kuylagan qo‘shig‘i bilan yakunlab berdi.

 

Mavzuga oid