Jamiyat | 12:00 / 03.12.2017
13176
3 daqiqa o‘qiladi

Urgutdagi internatda nogironligi bo‘lgan va yolg‘iz qariyalarga e'tibor kuchaytirildi

3 dekabr — nogironligi bo‘lgan shaxslar xalqaro kuni munosabati bilan viloyat hokimligi tomonidan belgilangan chora-tadbirlarga muvofiq, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Urgut «Muruvvat» va «Saxovat» keksalar va nogironlar uchun internat uyida istiqomat qilayotgan yakka-yolg‘izlar va nogironlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Tadbir doirasida Urgut shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hamda Urgut tuman markaziy shifoxonasidan terapevt, nevropatolog, xirurg, stomatolog, ginekolog, uzi vrachlari jalb qilinib, Urgut «Muruvvat» uyida 442 nafar «Saxovat» uyidan 126 nafar bemorlarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi, deb xabar berdi KUN.UZ’ga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

Umuman, nogironlar xalqaro kuni munosabati bilan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmami tomonidan qator tadbirlar belgilangan bo‘lib, ijtimoiy muhofaza muassasalarida chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar bilan birga viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, «Mahalla» jamoat fondi va «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limlari hamda homiylar ko‘magida bayram dasturxonlari, konsert dasturlari tashkil etildi. Shuningdek, 200 nafar nogironlarning Samarqandning diqqatga sazovor joylariga sayohati uyushtirildi.

O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida 100 nafarga yaqin yakka-yolg‘izlar va keksalar viloyat oftolmologiya shifoxonasi mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tegishli muolaja olishlari rejalashtirildi. Shifokorlar tomonidan berilgan tavsiyaga ko‘ra, ularning 60 nafariga «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan ko‘zoynaklar tarqatildi.

— Keksalik tufayli gazeta va jurnallar mutolaa qilishga qiynalib qolgandim, — deydi «Saxovat» keksalar va nogironlar uchun internat uyida yashovchi Galina Malnovskaya. — Shu tufayli muassasamiz mutasaddilariga murojaat qilgandim. Bugungi tadbir davomida mutaxassislarning tekshiruvlari asosida bepul ko‘zoynak berishdi. Endi bemalol gazeta, jurnal va kitob mutolaa qilaman. Bunday e'tibor va g‘amxo‘rlik uchun barcha tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiraman.

Mavzuga oid