Light | 01:38 / 06.12.2017
38435
6 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng ajoyib suv ko‘priklari (suratlar)

Suv ko‘priklari — suv kanallari uzra qurilgan ko‘prik tuzilmalari, ularda nisbatan kichik kemalar navigatsiyasini amalga oshirish mumkin. Ular daryolar, temir yo‘llar yoki trassalar ustidan quriladi. Ko‘p asrlar davomida akveduklar (kanal orqali o‘tgan suv inshootlari) shaharlarni suv bilan ta'minlash uchun qo‘llangan bo‘lsa-da, XVII asrgacha ulardan hech harakatlanish vositasi sifatida foydalanilmagan.

E'tiboringizga eng mashhur uch suv ko‘prigini taqdim etamiz. Ba'zi suratlarga qarab, ular fotoshopda yasalgan deb o‘ylab qolish mumkin. Biroq bunday emas, bu ko‘priklar real hayotda mavjud va o‘z vazifasini bajarib kelmoqda.

 

Magdeburg suv ko‘prigi (Magdeburg Water Bridge)

Foto: Bigpicture

1. Eng mashhur va unutilmas suv ko‘prigi Germaniyaning Magdeburgida joylashgan. Bu dunyodagi eng uzun akveduk, uning uzunligi 918 metrni tashkil qiladi.

Foto: Bigpicture

2. 2003 yilning oktabr oyida Magdeburg suv yo‘llari tizimining bir qismi sifatida ochilgan ko‘prik Elba daryosini kesib o‘tib, Elba-Xafel kanalini Mittelland-kanal bilan tutashtiradi.

Foto: Bigpicture

3. Elba-Xafel va Mittelland kanallari avval ham Magdeburg shahri yaqinida uchrashgan, biroq Elbaning turli qirg‘oqlarida, Elbada suv sathi ikki kanaldagidan pastroq bo‘lgan. Shuning uchun bir kanaldan boshqasi tomon harakatlanuvchi kemalar 12 kilometrli yo‘lni bosib o‘tishi, shlyuz hamda kema kranlaridan foydalanishga to‘g‘ri kelgan. Daryodagi suv sathi pasayganida esa yuk bilan to‘la barjalar uchun bu variant ham imkonsiz bo‘lardi.

Foto: Bigpicture

4. Germaniyaning birlashishi va asosiy suv transportlarining qayta yo‘lga qo‘yilishi suv ko‘prigi qurilishini ustuvor vazifalardan biri etib belgilanishiga sabab bo‘ldi. Ishlar 1997 yilda boshlandi. Qurilish 6 yil davom etdi, unga 500 million yevroga yaqin mablag‘ sarflandi.

Foto: Bigpicture

5. Bugungi kunda suv ko‘prigi Berlin daryo portini Reyn daryosidagi ko‘plab portlar bilan birlashtiradi.

Foto: Bigpicture

6. Akveduk Pontkisillte (Pontcysyllte Aqueduct)

Foto: Bigpicture

7. Akveduk Pontkisillte 1795-1805 yillarda Buyuk Britaniyaning Reksemesida qurilgan. Bunga sabab - Sanoat inqilobi davrida Ellesmer kanalini Di daryosi vodiysi orqali "o‘tkazish", Denbishirning ko‘mir shaxtalarini milliy kanallar tizimi bilan birlashtirish bo‘lgan.

Foto: Bigpicture

8. Akveduk o‘sha davrning eng ahamiyatli yutuqlaridan biri bo‘ldi.  U 200 yil davomida Britaniyadagi eng uzun va baland akveduk bo‘lib qolmoqda. 2009 yilda Pontkisillte akveduki YuNeSKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Foto: Bigpicture

9. Akveduk uzunligi - 307 metr, eniga - 3,4 metr, chuqurligi esa 1,6 metrni  tashkil qiladi. U 18 kilometrli akveduklar tizimining bir qismi hisoblanadi.

Foto: Bigpicture

10. Akveduk daryo uzra 38 metr balandlikda temir arkalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi quyma po‘lat bo‘laklaridan tashkil topgan.

Foto: Bigpicture

11. Akveduk qurilishida quyma temir va po‘latning ishlatilishi yengil va kuchli arkalar yaratish imkonini bergan.

Foto: Bigpicture

12. Kanal ko‘mir qazib olish, metallni qayta ishlash, ohak ishlab chiqarishning tez rivojlanishiga turtki berib, XIX asrning Birinchi jahon urushi davrida mintaqaning iqtisodiy farovonligiga katta ta'sir ko‘rsatgan. Uels tog‘laridagi slanets karerlari va qishloq xo‘jaligi ham kanal hisobiga yutgan.

Foto: Bigpicture

13. Bugungi kunda kanalda ko‘mir va ohak tashilmaydi, u ancha taniqli sayyohlik maskani hisoblanadi.

Foto: Bigpicture

14. 1954 yildan kanal Britaniya suv yo‘llari boshqarmasi tomonidan navigatsiya uchun yaroqli holatda saqlanib, boshqariladi.

 

Bartondagi Burilish akveduki (Barton Swing Aqueduct)

Foto: Bigpicture

15. Bu Burilish akvedugi — Buyuk Britaniyaning Bartonida, Irvell daryosida joylashgan harakatlanuvchi suv ko‘prigi. U Brijuoter kanalini Manchester Ship kanali orqali "o‘tkazadi".

Foto: Bigpicture

16. Burilish mexanizmi katta kemalarga Manchester Ship kanali orqali o‘tish, kichik tor qayiqlarga esa - yuqori qismdan kesib o‘tish imkonini beradi. Katta kema kanaldan o‘tishi kerak bo‘lganda 100 metr uzunlik va 1450 tonna og‘irlikka ega temir ko‘prik 90 darajaga buriladi.

Foto: Bigpicture

17. Ko‘prikning ikki tomonidagi shlyuzlar 800 tonna suvni ushlab turadi. Kanal qirg‘oqlaridagi boshqa shlyuzlar ko‘prikka yaqin uchastkalardagi suvni ushlab turadi. Xuddi shunday, lekin yo‘l harakatiga mo‘ljallangan burilish ko‘prigi, shu yerda, oqimdan biroz yuqorida joylashgan.

Foto: Bigpicture

18. Bu akveduk dunyodagi ilk va yagona burilish akvedugi hisoblanadi. U Viktorian qurilish san'atining haqiqiy javohiridir. 1894 yilda ochilgan ko‘prik avvalgidek muntazam ravishda o‘z vazifasini bajarib kelmoqda.

Foto: Bigpicture

19. Ilgari bu suv ko‘prigi o‘rnida oddiy harakatsiz tosh akvedugi bo‘lgan, u katta o‘lchamli yangi kemalarning o‘tishiga yo‘l qo‘ymasdi. Shu bois burilish ko‘prigining qurilishi zaruratga aylandi.

Foto: Bigpicture

20. Burilish akvedugi (chapda) yopiq pozitsiyada Brijuoter va Manchester Ship kanallarining kesishuvini amalga oshiradi. Yo‘l burilish ko‘prigi - o‘ng tomonda.

Mavzuga oid