Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kaliyli o‘g‘itlar zavodiga ishga joylashtirish va'dasini bergan firibgarlar sudlandi
“Kaliyli o‘g‘itlar zavodiga qo‘riqchi qilib, ishga joylab qo‘yamiz. Oylik – bir million ikki yuz... O‘n besh kun – ish, o‘n besh kun – dam... Zo‘r tanishlar bor. Xarajatidan qochmasangiz bo‘ldi”...
Choyxonada “bir piyola choy” ustida “pishgan” bu maslahatdan so‘ng Dilshod o‘ylanib qoldi. Tasodifan tanishgan tanishlari Sharofiddin va Farhod ko‘ziga ishonchli odamlar bo‘lib ko‘rindi. Sharofiddinga ishga kirish uchun tayyorlab kelgan hujjatlarini uzatdi. Ammo ular aytgan “xarajat”ning miqdorini eshitib, chaynalib qoldi. “Hojatbaror”lar ishga kirish uchun 1500 AQSh dollari uzatish kerakligini aytishdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
U hozircha yonida ikki yuz borligini aytgan edi, Farhod hujjatlarni unga qaytarib berdi. Hech bo‘lmasa, oldindan yarmini berish kerakligi, qolganini ishlar yurishib ketganidan keyin bersa bo‘lishini aytib, gapni qisqa qildi.
Dilshod uzoq o‘ylandi. Oxiri bir qarorga keldi. Bojasi Sherali bilan birga yana choyxonaga – “hojatbaror”larning oldiga oshiqdi. Hujjatlari bilan birga, ularning qo‘liga 700 AQSh dollari berdi. Sharofiddin pulni olib, Farhodga uzatdi. Farhod esa salmoqlanganicha ish qirq kundan keyin hal bo‘lishini aytdi.
Oradan bir oy o‘tdi. Yaxshigina ishning shirin xayolida yurgan Dilshodga Sharofiddin yana 100 dollar kerakligini aytib qoldi. Dilshod uning talabini bajargach, ishlar qanday ketayotganini surishtirdi. Sharofiddin uning hujjatlari Toshkentga jo‘natilganini, hali javobi kelmaganini bildirdi.
Kunlar ketidan kunlar birin-ketin quvib o‘taverdi. Ammo “hojatbaror yo‘riqchi”lardan darak bo‘lmadi. Toqati toq bo‘lgan Dilshod Sharofiddindan pullarini qaytarib berishni talab qildi. Biroq pullarining bir qismini qaytarib olish uchun yetti oy ovora-yu sarson bo‘lishiga to‘g‘ri keldi. Sharofiddin esa unga 700 dollarni qaytarib, qolganini “olasan-da” qabilida o‘zlashtirib yubordi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Muborak tuman sudida mazkur holatga oydinlik kiritildi. Koson tumanida yashovchi, Qarshi tumanidagi “Diyorbek Uchqun” qurilish firmasida usta bo‘lib ishlayotgan Farhod Avazovning ustasi farang firibgar ekani o‘z isbotini topdi. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan unga eng kam oylik ish haqining 60 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Ha, “hojatbaror yo‘riqchi”larning firibgarliklari ana shu tariqa o‘zlariga juda qimmatga tushdi. Aftidan ularning o‘zlariga firibgarlikning oxiri voy ekani haqida yo‘l-yo‘riq beradigan “yo‘riqchi” vaqtida topilmagan ko‘rinadi.
Mavzuga oid
08:42 / 26.05.2025
Yer maydonlarini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi
08:37 / 26.05.2025
Ichki ishlar organlariga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
21:32 / 21.05.2025
Hindistonda firibgar kelin yetti oyda 25 nafar kuyovni aldadi
07:40 / 21.05.2025