Jamiyat | 09:25 / 07.12.2017
44521
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida qizni bog‘ich bilan o‘ldirishda gumon qilinayotgan shaxs ushlandi

Foto: KUN.UZ

Toshkent viloyati IIB tomonidan olib borilgan tezkor sa'y-harakatlar natijasida viloyatning O‘rta Chirchiq tumanida sodir etilgan dahshatli qotillik fosh etildi. Bu haqda viloyat IIBdagi KUN.UZ manbasi ma'lum qildi. 

Ma'lum bo‘lishicha, 1998 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan D.A. ism-sharifli qizning murdasi shu yilning 19 noyabrida O‘rta Chirchiq tumani Qorasuv hududidagi ariq ichidan topilgan. Sud-ekspertiza tahlillari qiz bog‘ich bilan bo‘g‘ib o‘ldirilganini ko‘rsatgan.

Shundan so‘ng, viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida qotillikda gumon qilinayotgan shaxs aniqlanib, ushlangan. U 1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan va kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi X.A. ekani ma'lum bo‘lgan. 

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi, ya'ni qasddan odam o‘ldirish jinoyati alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov ishlarini viloyat prokuraturasi olib bormoqda. Qotillikda gumondorning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi ham tekshirilmoqda. 

Mavzuga oid