Jamiyat | 09:17 / 11.12.2017
17029
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston KVNchilari yetakchisi 10 yilga qamalishi mumkin

Foto: Xayrullo Mirsaidov

Tojikistonning Xo‘jand shahri sudi Tojikiston termasi KVN jamoasi rahbari Xayrullo Mirsaidovni qamoqda qoldirdi. 8 dekabr kuni Xayrullo Mirsaidovning 72 soatlik muddatga hibsga olish to‘g‘risidagi qaror o‘z kuchini yo‘qotdi va sud uni yana uzaytirishga qaror qildi.

So‘g‘d viloyati prokuraturasining xabar berishicha, Tojikiston termasi KVNchilar jamoasi rahbariga nisbatan Tojikiston Respublikasi Jinoyat kodeksining to‘rtta moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan – “O‘zlashtirish yoki talon-toroj etish”, “Milliy irqiy, mahalliy yoki diniy nifoqni keltirib chiqarish”, “Hujjatlar, davlat mukofotlari, muhrlar, shtamplar, blankalarni soxtalashtirish, tayyorlash yoki sotish” hamda “Yolg‘on guvohlik berish”. U 10 yilgacha bo‘lgan muddatga qamalishi mumkin.

Xayrulloning otasi Habibullo Mirsaidovning xabar berishicha, 5 dekabr kuni o‘g‘lini So‘g‘d viloyati prokuraturasiga taklif qilishgan. O‘sha kuniyoq u hibsga olindi. Ayni damda Xayrullo Xo‘janddagi 1-tergov izolyatorida saqlanmoqda. “Himoyachi unga bir necha marta ovqat va issiq kiyim olib borib berdi, bizning o‘zimiz esa uni seshanba kunidan beri ko‘rmadik”, - deya aytib o‘tgan taniqli KVNchi va jurnalistning otasi.

Avvalroq Xayrullo Mirsaidov mahalliy hukumat bilan mojaroga borgani haqida aytib o‘tgandi, ular uni KVN jamoasi uchun ajratilgan byudjyet mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblashmoqda. "Men 8 noyabr kuni prezident Imomali Rahmon, bosh prokuror Yusuf Rahmon va So‘g‘d viloyati raisi Abdurahmon Qodiriyga murojaat etishga majbur bo‘ldim hamda ularni mahalliy amaldorlar aybi tufayli jamoa to‘qnash kelgan muammolar haqida xabardor qildim", - deya xabar bergan u.

Mirsaidovning aytishicha, KVN jamoasi Moskvaga 10 noyabr kuni uchib ketishi lozim bo‘lgan. “Safarga pullar So‘g‘d viloyati rasmiylari tomonidan ajratilishi kerak edi, biroq biz bu mablag‘larni baribir olmadik, sababi So‘g‘d viloyatining Yoshlar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbariyati “yordami bilan” prokuraturada bizning jamoa faoliyati tekshirila boshlandi, aynan esa – byudjyet mablag‘laridan foydalanish”, - deya aytib o‘tdi u.

Xayrullo Mirsaidovning iddao etishicha, avvalroq viloyatning Yoshlar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi xodimlari undan rasmiylar tomonidan KVN jamoasiga ajratilgan summadan 1000 AQSh dollari miqdorida pora talab etishgan. Qo‘mitadagilar bu ayblovni rad etib chiqishdi.

Mavzuga oid