O‘zbekiston | 11:00 / 13.12.2017
15173
13 daqiqa o‘qiladi

Elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Foto: Dafunda.com

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining qarori bilan Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari orqali elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzolar sertifikatlarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktabrdagi 864-son “Tadbirkorlik sub'yektlariga faqat “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha yagona markazlar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qaror qildilar:

1. Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari orqali elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzolar sertifikatlarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

2. Mazkur qaror rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirdi.

Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari orqali elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzolar sertifikatlarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, “Yagona darcha” markazlari orqali elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzolar kalitlari sertifikatlarini berish “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanishni ta'minlaydigan elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzolar sertifikatlarini berish” davlat xizmati sifatida ko‘rsatiladi.

Ushbu davlat xizmati O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari orqali amalga oshiriladi

ERI kalitlarini ro‘yxatga olish va ERI kalitlarining sertifikatlarini berish vakolatli organ tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning “yagona darcha” markazlari orqali berilgan arizalariga asosan ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema bo‘yicha yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali berilgan arizalariga asosan amalga oshiriladi.

“Yagona darcha” markazlari hamda vakolatli organ o‘rtasidagi harakatlar ERIdan foydalanilgan holda idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimi orqali amalga oshiriladi.

ERI kalitlarining sertifikatlarini berish uchun to‘lov miqdori vakolatli organ tomonidan ommaviy oferta bilan belgilanadi.

ERI kalitlarining sertifikatlarini berish uchun to‘lov summasi vakolatli organning bank hisob raqamiga o‘tkaziladi hamda uning 10 foizi vakolatli organ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining maxsus ochilgan shaxsiy hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Vakolatli organ rekvizitlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar “yagona darcha” markazlari va vakolatli organning rasmiy saytlarida joylashtiriladi hamda muntazam ravishda yangilab boriladi.

Arizachi ERI kaliti sertifikatini berish to‘g‘risidagi arizani vakolatli organning ommaviy ofertasi bilan oldindan tanishganidan so‘ng, “yagona darcha” markaziga hozir bo‘lish tartibida yoki pochta aloqasi vositasida taqdim etadi. Yagona portal orqali elektron shaklda berilgan ariza vakolatli organga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuboriladi.

Arizachining arizani taqdim etishi vakolatli organning ommaviy ofertasida belgilangan shartlarga roziligidan dalolat beradi.

“Yagona darcha” markazi ERI kaliti sertifikatini berish to‘g‘risidagi arizani qabul qilganidan so‘ng uni bir ish soati mobaynida qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli organga idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimi orqali yuboradi.

Vakolatli organ “yagona darcha” markazidan arizani qabul qilib olgan vaqtdan boshlab bir ish soati mobaynida arizani ko‘rib chiqadi, ERI kalitining sertifikatini beradi yoki ERI kalitining sertifikatini berishni asosli ravishda rad etadi.

Vakolatli organ arizani ko‘rib chiqishning ijobiy natijalariga asosan ERI kalitlarini ro‘yxatga oladi va ERI kalitining sertifikatini rasmiylashtiradi.

ERI kaliti sertifikatining elektron hujjat shakli “yagona darcha” markaziga idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimi orqali yuboriladi.

ERI yopiq kalitining paroli vakolatli organ tomonidan arizada ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga sms xabar shaklida yuboriladi.

“Yagona darcha” markazi vakolatli organdan ERI kalitining sertifikatini qabul qilib olgan vaqtdan boshlab arizachini bir ish soati mobaynida qonunchilikda belgilangan tartibda xabardor qiladi.

ERI kaliti sertifikatini olish uchun ERI yopiq kalitining egasi “yagona darcha” markaziga quyidagilarni taqdim etadi:

agar ERI yopiq kaliti egasi yuridik shaxsning vakili (yuridik shaxsning rahbari bundan mustasno) bo‘lsa, ERI yopiq kaliti egasining familiya, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatilgan hamda ushbu ERI yopiq kaliti egasiga ERI kalitlarini va ERI kalitining sertifikatini berish to‘g‘risidagi yuridik shaxsning xati;

ERI kalitlarini va ERI kalitining sertifikatini elektron hujjat shaklida yozib qo‘yish va saqlash uchun o‘zga ma'lumotlar manbasini.

“Yagona darcha” markazi xodimi ERI kalitlarini va ERI kalitining sertifikatini ERI yopiq kaliti egasiga berish vaqtida quyidagilarni amalga oshiradi:

ERI yopiq kaliti egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport, fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning guvohnomasi, xorijiy shaxsning guvohnomasi) asosida uning shaxsini aniqlaydi;

tarkibida ro‘yxatga olingan ERI kalitlari va elektron hujjat shaklidagi ERI kalitining sertifikati bo‘lgan faylni arizachi tomonidan taqdim etilgan o‘zga ma'lumotlar manbasiga yozib qo‘yadi va faylning yozilganligini tekshiradi;

ERI kalitining sertifikatini qog‘oz hujjat shaklida ikki nusxada chop etadi va ERI yopiq kaliti egasiga har bir nusxasini imzolash uchun beradi;

ERI yopiq kaliti egasi tomonidan imzolangan ERI kalitining sertifikati bir nusxasini qaytarib oladi.

“Yagona darcha” markazi xodimi ERI kalitining sertifikatini ERI yopiq kaliti egasiga berish jarayonida arizachi tomonidan taqdim etilgan o‘zga ma'lumotlar manbasidagi ma'lumotlarga o‘zgartirish kiritishi, ulardan nusxa olishi va o‘chirishi hamda ERI yopiq kaliti egasidan ERI yopiq kaliti parolini so‘rab olishi taqiqlanadi.

Vakolatli organ tomonidan ERI kalitining sertifikatini berishni rad etishga quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

arizachining hujjatlarni zarur tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi;

arizachi taqdim etgan arizada noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlarning mavjudligi;

ERI kalitining sertifikatini berish uchun to‘lov amalga oshirilmaganligi.

Boshqa asoslarga ko‘ra, shu jumladan, ERI kalitining sertifikatini berish maqsadga muvofiq emas degan sabablar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Vakolatli organ ERI kalitining sertifikatini berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnomani uning aniq asoslarini, rad etishga sabab bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish muddatlarini va qonunchilik normalarini ko‘rsatgan holda “yagona darcha” markaziga ariza “yagona darcha” markazidan qabul qilib olingan vaqtdan boshlab bir ish soati mobaynida yuboradi. Agarda arizachi tomonidan ariza vakolatli organga to‘g‘ridan to‘g‘ri Yagona portal orqali kelib tushgan bo‘lsa, ERI kalitining sertifikatini berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma arizachining o‘ziga Yagona portal orqali ariza qabul qilinib olingan vaqtdan boshlab bir ish soati mobaynida yuboriladi.

“Yagona darcha” markazi vakolatli organdan ERI kalitining sertifikatini berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma olingan vaqtdan boshlab bir ish soati mobaynida arizachini qonunchilikda belgilangan tartibda xabardor qiladi.

ERI kalitining sertifikatini berishning rad etilishiga asos bo‘lgan sabablar arizachi tomonidan bartaraf etilgan taqtsirda, arizani qayta ko‘rib chiqish arizachi tomonidan “yagona darcha” markaziga yoki Yagona portal orqali vakolatli organga rad etilishiga asos bo‘lgan sabablarni bartaraf etgan holda taqdim etilgan ariza olingan vaqtdan boshlab mazkur Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan tartibda amalga oshiriladi.

Arizani qayta ko‘rib chiqishda vakolatli organ tomonidan ERI kaliti sertifikatini berishni ilgari ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha rad etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Arizachi vakolatli organning ERI kalitining sertifikatini berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnomasi, shuningdek vakolatli organ mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.

ERI kalitining sertifikatini boshqarish to‘g‘risidagi ariza “yagona darcha” markaziga hozir bo‘lish tartibida beriladi.

ERI kalitining sertifikatini boshqarish to‘g‘risidagi ariza bilan birga quyidagilar taqdim etiladi:

agar ERI yopiq kaliti egasi yuridik shaxsning vakili (yuridik shaxsning rahbari bundan mustasno) bo‘lsa, ERI yopiq kaliti egasining familiya, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatilgan hamda ERI kalitining sertifikatini boshqarish to‘g‘risidagi yuridik shaxsning xati.

ERI kalitining sertifikatini boshqarish to‘g‘risidagi arizani qabul qilish vaqtida “yagona darcha” markazining xodimi quyidagilarni amalga oshiradi:

agar ERI yopiq kaliti egasi jismoniy shaxs yoki yuridik shaxsning rahbari bo‘lsa, shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport, fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning guvohnomasi, xorijiy shaxsning guvohnomasi) asosida uning shaxsini aniqlaydi.

“Yagona darcha” markazi ERI kalitining sertifikatini boshqarish to‘g‘risidagi arizani qabul qilgandan so‘ng uni bir ish soati mobaynida vakolatli organga yuboradi.

Vakolatli organ “yagona darcha” markazidan ERI kalitining sertifikatini boshqarish to‘g‘risidagi arizani qabul qilib olgan vaqtdan boshlab bir ish soati mobaynida arizani ko‘rib chiqadi va arizada ko‘rsatilgan ERI kalitining sertifikati bilan zarur bo‘lgan harakatlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.

ERI kalitining sertifikatini boshqarish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari va ERI kalitining sertifikati bilan amalga oshirilgan harakatlar haqidagi ma'lumotlar vakolatli organ tomonidan “yagona darcha” markaziga elektron hujjat shaklida yuboriladi.

“Yagona darcha” markazi ERI kalitining sertifikati bilan amalga oshirilgan harakatlar haqidagi ma'lumotlar olingan vaqtdan boshlab bir ish soati mobaynida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda arizachini xabardor qiladi.

“Yagona darcha” markazi qog‘oz hujjat shaklidagi ERI kalitining sertifikatini elektron ko‘rinishda vakolatli organga idoralararo elektron tarzda hamkorlik qilish tizimi orqali yuboradi.

Vakolatli organ qog‘oz hujjat shaklidagi ERI kalitlarining sertifikatlarini saqlash uchun “yagona darcha” markazlaridan ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Elektron raqamli imzolar sertifikatlari reyestri bo‘yicha har chorakda chorak o‘tgandan keyingi oyning 25 sanasigacha qabul qilib oladi.

Vakolatli organ “yagona darcha” markazlarining xodimlariga ushbu Nizomda nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish uchun ERI kalitlari va ERI kalitlarining sertifikatlarini hududiy adliya boshqarmalarining xatlari asosida bepul ravishda beradi.

“Yagona darcha” markazlarining xodimlariga ERI kalitlari va ERI kalitlarining sertifikatlarini berish vakolatli organning xodimi tomonidan joylarda yoki vakolatli organda amalga oshiriladi.

Vakolatli organ tomonidan “yagona darcha” markazlari xodimlarining ERI kalitlari sertifikatlarini boshqarish hududiy adliya boshqarmalarining xatlari va ERI kalitlari sertifikatlarining nusxalari asosida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid