Surxondaryoda qishning chillasida qulupnay va qora pomidor pishmoqda
Surxondaryo viloyatidagi serunum 100 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxonalarda qishni chillasi yaqinlashib qolganiga qaramay, qulupnay, karam, pomidor va turli ko‘katlar yetishtirilmoqda. Hayratlanarlisi shundaki, noyob navdagi qulupnay va pomidorlarning ta'mi o‘zgacha, kattaligi va og‘irligi ham mahalliy meva va sabzavotlardan farq qiladi. KUN.UZ muxbiri GDF Agro firmasiga qarashli issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishishga qaror qildi.
Ayni paytda issiqxonaning 80 gektar qismi ishga tushish arafasida bo‘lib, kelgusida 20 gektar maydonda ishni tashkillashtirish uchun qurilish ishlari jadal sur'atlarda davom etmoqda. Rejaga muvofiq, 80 gektar maydondagi issiqxona bo‘lmalari Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan texnika va qurilish ashyolari bilan jihozlanadi. Qolgan qismi esa xitoylik tadbirkorlarning muvaffaqiyati negizida barpo etilgan.
«Har bitta issiqxona o‘rtacha hisobda 1,3 gektar maydon yerda tashkil etilgan. Qulupnaylarning barchasi Turkiya texnologiyasi asosida, gidroponika usulida yetishtirilmoqda. Mevani erkin rivojlanishi uchun tag yeri (kokopet) ham Turkiya Respublikasidan keltirilgan. Yerga ekilgan o‘simlikdan 45–50 kun ichida hosil olish imkoniyati bor. Qulupnay novdasi erkin sharoitda uzun o‘sib ketishi kuzatiladi, bizning agronomlar bunday holatda ko‘chatlarni nazoratda saqlab turishi lozim. Negaki, katta ko‘chatda hosilning mazasi yo‘qolib, shakli buzilishi mumkin», deydi ishlab chiqarish kompleks rahbari Fazliddin Jo‘rayev.
Surxondaryo iqlimi issiq kontinental nuqtaga yaqin bo‘lgani uchun yoz kunlari havo qizib ketishi tez-tez kuzatiladi. Korxona mutasaddilari mintaqaning bunday o‘ziga xosliklarini hisobga olib, issiqxona shiftiga harir parda bog‘lagan. Shuning bilan quyosh nurlari to‘silib, maxsus suv purkagichlar orqali mikroiqlim yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. Qishin yozin issiqxonalar ichida harorat 25 darajada ushlab turiladi.
Bosh agronom Abdurayim Ubayevning ta'kidlashicha, ko‘chatlarning sug‘orilishi markaziy boshqaruv kompyuteri orqali amalga oshiriladi. Qulupnay yoz kunlari sakkiz marta, qishki mavsumda esa kuniga ikki marta tomchilab sug‘orish texnologiyasi asosida namlanadi. Kompyuter internetga ulangan, zaruriyat tug‘ilganida turkiyalik hamkorlarning mutaxassislari issiqxonadagi vaziyatga aralashishlari ham mumkin.
«Meva uchun suv maxsus osma filtr apparatidan yuboriladi. Boshqaruv kompyuterida suvning tarkibida minerallar va foydali ozuqalarning bir me'yorda bo‘lishi ta'minlanadi», deydi agronom.
600 nafarga yaqin mehnatkash doimiy ish bilan ta'minlagan issiqxonada yana 400 ga yaqin kishilar qurilish ishlari bilan band bo‘lmoqda. Bosh agronom Abdurayim Ubayevning aytishicha, issiqxonaning bir bo‘lmasida yosh xodimlarning ilmiy izlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida sinov maydonchasi tashkil qilingan. Unda gulkaram, rukolla, yalpiz, rayhon, ko‘katlar, qulupnayning boshqa turlari hamda pomidorning bir necha turlari, jumladan, cheri navi yetishtirilmoqda. Ubayevning ta'kidlashicha, turli eksperimentlarga qo‘l urish qishloq xo‘jaligida muhim ahamiyatga ega. Masalan, aysberg navidagi karamlar O‘zbekiston sharoitida tabiiy o‘smaydi, shuning uchun issiqxonada uni yetishtirishning turli uslublari eksperiment qilinmoqda.
«Issiqxonaning pomidor ko‘chatlari ekilgan blokida 15–17 nafar xodim mehnat qiladi. Qish kunlari issiqxonada havo harorati kechasi 17–18 daraja iliq, kunduzi esa 27 daraja bo‘lishi optimal holatdan darak beradi.
Issiqxonada Pink Paradise navidagi mashhur pomidor ko‘chatlari ekilgan. Korxonada yetishtirilayotgan pomidorlar Yaponiyaning Sakata firmasida tayyorlangan urug‘lar orqali ko‘chat hosil qilinishi bilan o‘sib boradi. Uning hosilini zararsiz terib olish uchun pomidor kuyasi, oq pashsha va tripstar zararkunandalaridan saqlash lozim. Pomidor urug‘i yerga qadalgach 6-7 kunda ko‘karadi, ko‘chat kurtak otishi bilan 60-70 kunda hosil bera boshlaydi», deydi bosh agronom.
Mavzuga oid
14:18 / 22.11.2024
Zangiotada 14 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi
11:31 / 22.11.2024
Energetika vazirligi: Issiqxonalarga gaz yetkazib berish bo‘yicha cheklovlar yo‘q
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
16:17 / 07.11.2024