Jamiyat | 16:45 / 17.12.2017
15637
2 daqiqa o‘qiladi

Xayriya aksiyasi: kuyish jarohatini olgan Dilfuzaxon Hindistonga davolangani uchib ketdi

Foto: Kun.uz

Xabaringiz bor KUN.UZ sayti orqali “Mahzun ko‘zlar yana kulsin: Dilfuzaxonni sog‘lom hayotga qaytarish uchun moddiy ko‘mak zarur” sarlavhasi ostida xayriya maqolasi e'lon qilingan edi. Unda qizib turgan yoqqa tushib ketgan va buning oqibatida ichki a'zolari jiddiy zarar ko‘rgan Dilfuzaxon To‘rayeva haqida gap ketadi.

Maqola joriy yilning 22 noyabr kuni e'lon qilindi. Saxovatli, saxiy va savobtalab insonlardan qizchaning Hindistonga borib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazib kelishi uchun moddiy ko‘mak ko‘rsatishlari so‘ralgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, bu xayrli ish amalga oshdi.

Bugun, 17 dekabr kuni Dilfuzaxon o‘z ota-onasi hamrohligida Hindistonga jo‘nab ketdi. “Menga yordam bergan barcha-barchadan minnatdorman. Hech kim kasal bo‘lmasin. Niyatim u yerdan tuzalib qaytib kelib, sog‘lom bolalar qatoriga qo‘shilishdir”, deydi Dilfuzaxon safar oldidan biz bilan suhbatda.

Insonlarning bir qizchaga shifo tilab, moddiy va ma'naviy ko‘mak ko‘rsatishganidan uning ota-onasi ham rozi. Qo‘llari doim duoda. 

“Men ayni damda his qilib turgan tuyg‘ularimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Qizimga saxovat qilgan saxiylardan Alloh rozi bo‘lsin. Hech kimning jigarbandi dard chekmasin”, deydi qizchaning otasi Abdurashid To‘rayev.

Mazkur xayriya aksiyasi muvaffaqiyatli o‘tganidan biz ham xursandmiz. Dilfuzaxonning rozi ko‘zlariga qarab bunga yana bir bor amin bo‘lamiz. Duoda bo‘laylik, bu ishlar so‘nggi nuqtasigacha xayrli bo‘lsin.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

 

Mavzuga oid