Sport | 14:20 / 18.12.2017
56396
8 daqiqa o‘qiladi

Qanday qilib avtomobil yuvuvchi o‘zbek yigiti kikboksing yulduziga aylandi?

Foto: Men's Health

Kunduzi mashg‘ulot, kechqurun ish – Sher Mamazulunov, o‘zbekistonlik oddiy kikbokschi, Rossiyani zabt etmoqda va avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlashdan uyalmaydi, sababi kikboksingning o‘zida yaxshi mablag‘lar ishlab topish ancha mushkul. Men'sHealth nashri 14 dekabr kuni TNA janglarida rossiyalik sportchi Dmitriy Menshikovni mag‘lubiyatga uchratib jahon chempioniga aylangan Sher haqida maqola e'lon qildi.

Kechki soat o‘n, Ximki, avtomobillar yuvish shoxobchasi. O‘zbekistonlik yigit mijozining mashinasini yuvmoqda. Bir qarashda oddiy yigitdek tasavvur uyg‘otadi. U bir necha kun muqaddam mamlakatdagi kikboksing bo‘yicha eng kuchli musobaqada janglar o‘tkazgani hamda ikki karra jahon chempioni Aleksandr Drobinin ustidan g‘alaba qozonganiga ishonish qiyin. 14 dekabrda esa o‘zbekistonlik yigit TNA qoidalari bo‘yicha janglarda jahon chempioniga aylandi. U Qozon shahridagi ringda rossiyalik Dmitriy Menshikovni mag‘lubiyatga uchratdi. Avtomobillarni yuvuvchi oddiy yigit qanday qilib jahon chempioniga aylandi?

Ertalabki soat o‘n, Moskva, Komsomol maydonidagi jangchilar klubi. Avtomobillar yuvish shoxobchasidagi yigit taniqli jangchilar safida mashg‘ulot olib bormoqda. Bu o‘sha yigit ekaniga yana bir ishonch hosil qilamiz hamda o‘quvchilarimizga uni tanishtiramiz: Sher Mamazulunov – 22 yoshli o‘zbekistonlik kikbokschi-avtomobil yuvuvchi, TNA 2017 qoidalari bo‘yicha musobaqa ishtirokchisi.

Mavzuga oid: Avtomobillarni yuvuvchi o‘zbek yigiti kikboksing bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi

– Ha, men haqiqatan ham avtomobillar yuvish shoxobchasida ishlayman... Aniqrog‘i, ishlaganman – hozirda menda majburiy tanaffus, sababi keyingi jangga qattiq tayyorgarlik ko‘rmoqdaman. O‘zbekistonda kikboksing bilan ancha uzoq vaqt davomida shug‘ullanganman, Moskvaga esa pul ishlab topish maqsadida keldim. Avvaliga qorovul bo‘lib ishga joylashdim, biroq meni ish jadvali qoniqtirmadi, u menga mashg‘ulotlar olib borishga xalaqit berardi, shuning uchun avtomobillar yuvish shoxobchasiga ishga o‘tdim, bu kunduzi mashg‘ulotlarda qatnashish, kechqurun esa ishlashga kerak edi. To‘rt yildan beri shunday yashayman...

To‘rt yil bir xil rejimda: zal – ish, ish – zal. Jangchining murabbiyi so‘zlariga ko‘ra, yigit uchga uch metrlik maydonga ega kichik xonada ham yashashga majbur bo‘lgan. Musobaqalarga borish esa uning hayotiga qandaydir rang-baranglik olib kirdi. Faqat qanday musobaqalarga? Hozirda ko‘plab tajribali kikbokschilar menejyerlari professional janglarni topa olmayotganidan shikoyat qilishadi. Shuni aytish mumkinki, buni amalga oshirish haqiqatan ham mushkul: hozir mamlakatda beshta taniqli promoushen bor bo‘lib, ulardan faqat ikkitasi musobaqalarni muntazam ravishda o‘tkazib kelmoqda.

Foto: Men's Health

Biroq Sher bu muammolarni o‘zi hal qilishni boshladi: avvaliga u havaskorlar o‘rtasidagi kikboksing bo‘yicha Moskva chempionatida g‘alaba qozondi (bu musobaqada ishtirok etish uchun Rossiya pasportiga ega bo‘lish shart emas), shundan so‘ng professionallar o‘rtasida qatnashishga taklif oldi, keyinchalik TNA janglarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi (bu musobaqada Rossiya kikboksingining eng taniqli yulduzlari qatnashib kelgan – Jabbor Asqarovdan Artyom Levinga qadar).

– Professionallar o‘rtasidagi birinchi jangimni Moskvada 2014 yilning oxirida o‘tkazdim... Keyin Yekaterinburg, Omsk, Lipetsk va, nihoyat, Qozondagi janglarda qatnashdim. Musobaqalarni, odatda, internet orqali o‘zim qidirardim, TNA’ga esa tasodifan tushib qoldim. Birinchi marta ularning musobaqasida o‘tgan yili qatnashdim (TNA 2016 nazarda tutilmoqda – tah.) – jangdan uch kun avval ham ulardagi bahsda ishtirok etishimni bilmaganman. Shunchaki zalda mashg‘ulotlar olib borib, hech nimaga tayyorgarlik ko‘rmayotgandim, biroq kutilmaganda qo‘ng‘iroq qilishdi: marokashlik sportchida aeroportda qandaydir muammolar yuzaga kelgan, hamda u jangga uchib kela olmagandi. Meni taklif qilishdi, keldim va g‘alaba qozondim. Musobaqadagi ilk raqibimga niderlandiyalik Jastin Dep aylandi, jang ancha og‘ir kechdi, biroq yaxshi natija bilan tugadi. G‘alabadan so‘ng musobaqadagi ikkinchi jangga kuchli tayyorgarlik ko‘ra boshladim, biroq bu yordam bermadi – ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydim hamda tajribali, 2015 yilda TNA janglari finaliga yetib borgan, lekin o‘shanda Timur Aylyarovga mag‘lub bo‘lgan Aleksandr Dmitriyenkoga ochkolar bo‘yicha yutqazib qo‘ydim.

Jangchining murabbiyi Ruslan Krivusha shunday deydi:

– Sher bizda, shuni aytishim mumkinki, omad tufayli paydo bo‘lib qoldi. O‘z jangchilarimni TNA janglariga olib bordim, o‘sha yerda uni uchratib qoldim. Menga tashkilotchilar bir kikbokschi murabbiysiz kelganini aytishdi: «Yigitga mashg‘ulotlarda yordam berasanmi?» Mayli, yordam beraman, dedim: qo‘lqoplarni tutib turdim, uning qiyshiq zarbalar berishini ko‘rib, qandaydir maslahatlar berdim hamda unutib yubordim. Keyinchalik menga ma'lum bo‘lishicha, yigit Drobininni mag‘lub etibdi – xarakteri menga juda yoqdi. Tasavvur qilish ham imkonsiz! U musobaqadan keyin oldimga keldi va shunday dedi: «Menga siz bilan ishlash yoqdi. Qo‘l ostingizda mashg‘ulotlar olib borsam maylimi?» Sher shunday jangda mo‘'jizaviy tarzda g‘alaba qozonganidan so‘ng, unga rad javobini berish mumkinmidi?»

Sher kikboksing olamidagi ancha kuchli sportchilarni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsada, biroq boshqa jangchilardan farqli ravishda, millionlar og‘ushida qolishini kutayotgani yo‘q - zalda va ish joyida tinimsiz mehnat qilishda davom etmoqda. U nolimaydi hamda o‘ziga yetarli baho berishmayotgani haqida gapirmaydi – u shuni aniq tushunadiki, bu hayotda hech kim unga nimadandir qarzdor emas. Kelajagi haqida esa shunday deydi:

– Men shunchaki sport bilan professional darajada shug‘ullanmoqchiman, buning uchun esa TNA janglari chempioni bo‘lishim lozim. VityazFight jamoasi bilan shartnoma imzolashni, ota-onamga yordam berishni xohlayman – menda katta oila bor.

Foto: Men's Health

Bu so‘zlar zamirida oddiy ma'no bor: agarda sen sport bilan jiddiy shug‘ullansang, biroq u seni yetarli daraja boqa olmasa, boshqa joyda ishlashdan hech ham uyalmaslik kerak. Ha, haqiqatan ham ko‘plab kikbokschilar ota-onasining puli yordamida yashaydi, bunga esa mashg‘ulotlardan ortib ishga vaqt ajrata olmasliklarini bahona qilishadi, kareralari ham yaqinda juda yuksak cho‘qqilarga chiqib ketishini iddao etishadi (yakunda u kamdan-kam odamlarda baland cho‘qqilarni zabt etadi), biroq boshqa kikbokschilar orasida ham o‘zgacha misollar bor: kikbokschi – qamoqxonada nazoratchi, kikbokschi-ofitsiant, kikbokschi-qorovul, MMA jangchisi – tish shifokori, MMA jangchisi o‘t o‘chiruvchi, hattoki bank xodimi bo‘lgan MMA jangchisi ham bor. Kuchli xarakterga ega bo‘lsang hamda mehnatdan qochmasang yetarli – sening chempionlikka qanday qadam qo‘yganing haqida mashhur nashrlar yoza boshlaydi. Quyida esa Sher Mamazulunovning Dmitriy Menshikov bilan jangi videosi taqdim etiladi.

Mavzuga oid