O‘zbekiston | 11:10 / 20.12.2017
66740
3 daqiqa o‘qiladi

«Samarqandga so‘kong‘ich hokim yarashmaydi»

Samarqandda mahalla oqsoqollari, maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari va tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shahar hokimi Furqat Rahimov hech kimning qo‘l ostida ishlayotganlarga do‘q urishga, ularni bo‘lmag‘ur so‘zlar bilan haqorat qilishiga haqli emasligini eslatdi.

Yig‘ilishda shahar hayotiga oid qator masalalar, jumladan, kelayotgan Yangi yilga tayyorgarlik, jinoyatchilikka qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlar, aholini gaz va elektr energiyasi bilan ta'minlashdagi ahvol, kommunal to‘lovlarni undirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.

Har bir rahbar o‘ziga yuklatilgan vazifani chin dildan bajarsa, ortiqcha gapga, majlis va pandu nasihatga hojat qolmasligini uqtirib, Furqat Rahimov shunday dedi: «Samarqand azaldan madaniyat va ma'rifat o‘chog‘i bo‘lgan. Bu yerga so‘kong‘ich rahbar yarashmaydi, bu eski ma'naviyat o‘chog‘i qo‘pol so‘zni ko‘tarolmaydi».

U to‘planganlarga murojaat qilib, shahar hokimligi har bir rahbardan faqat uning egallab turgan mansabidan kelib chiqadigan vazifalarnigina bajarishni talab qilishini ta'kidladi. «Shu sababli har bir kishi o‘z zimmasidagi yumushni vaqtida bajarsa, olam guliston. Aks holda, bunday rahbar kimga kerak? So‘kish bilan bundaylarni tuzatib bo‘ladimi?» — dedi shahar hokimi.

Aslida, hech kimning birovni haqorat qilishi, uning qadr-qimmatini yerga urishi, uni kamsitishi mumkin emas. Davlatimiz Bosh qomusining 13-moddasida quyidagi so‘zlar muhrlab qo‘yilgan: «O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi». Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 noyabrda o‘tkazgan selektor yig‘ilishida rahbarlarning mushtumzo‘rligi davlat siyosatiga zid ekanligini ta'kidlab, «bu bizga noma'qul narsa, bu illatni yo‘q qilish kerak», degan edi.

«Jamiyatdagi adolatsizlik, ixtilof va nizo-janjallarning asosiy sababi shuki, hukmdorlar o‘z davlatini idora qilish siyosatida adolatli qonunlardan to‘g‘ri foydalanmasdan, uni buzish orqali xalqqa xiyonatkorlik qiladilar». Ushbu so‘zlar Abu Rayhon Beruniyga tegishli.

Xoja Samandar Termiziyn o‘zining 1695–1696 yillarda yozgan «Dastur ul-muluk» («Podshohlarga qo‘llanma») kitobida «podshoh o‘z a'yonlari va xizmatchilari bilan hamisha yaxshi munosabatda bo‘lishi lozim, hamkor, yakdil do‘stlar boshlagan ish hamisha oldinga siljiydi», deb maslahat beradi.

Toshpo‘lat Rahmatullayev,

jurnalist

Mavzuga oid