Fan-texnika | 00:27 / 21.12.2017
14873
2 daqiqa o‘qiladi

Smartfon va elektromobillar kobaltni 2017 yil xomashyosiga aylantirdi

Foto: EAST NEWS

Joriy yilda kobalt narxlari rekord natijalarni qayd etdi va oxir-oqibat, butun xomashyo bozorini ortda qoldirdi. Kobalt bir yil ichida 120 foizga qimmatladi, bu vaqtda esa Bloomberg xomashyo bozori indeksi 4 foizga tushdi. Ushbu metall sotuvlari hajmi ikki baravarga - 4 milliard dollardan 8 milliard dollargacha o‘sdi. 

Benchmark Mineral Intelligence kompaniyasi prognozlariga ko‘ra, 2026 yilga borib litiy-ion batareyalariga bo‘lgan talab hozirgiga nisbatan 6-7 baravarga oshadi. Bunday umidlar litiy va nikel kabi akkumulyator ishlab chiqarishda qo‘llaniluvchi barcha xomashyo materiallari bozorini "qaynatadi". Biroq bu qatorda kobaltning alohida o‘rni bor.  

Gap shundaki, dunyo miqyosida kobalt ishlab chiqarishning uchdan ikki qismi Kongo Demokratik Respublikasiga to‘g‘ri keladi, u yerda esa doim yangi fuqarolik urushi xavfi mavjud, boz ustiga, mamlakat bolalar mehnatidan keng  foydalanishda ayblanadi. Natijada esa strategik metallni qazib chiqarish tahdid ostida qoladi. Ko‘plab jahon tog‘-kon kompaniyalari mamlakatni tark etib, kobalt qazish uchun Kanada va Avstraliyaga ko‘chib o‘tgan. 

Bularning bari 2017 yilda kobalt narxining ikki baravarga qimmatlashiga olib keldi - har metr tonna uchun 72 ming dollargacha. Xomashyo narxining bunday o‘sishi avtoishlab chiqaruvchilarning elektr transport ishlab chiqarishga o‘tish rejalarini xavf ostiga qo‘yadi.

Ishlab chiqaruvchilarning elektromobillar bilan bog‘liq umidlari Glencore tog‘-kon kompaniyasi 2017 yil boshida Kongoda ochgan ikki yirik kon bilan bog‘liq. Agar shu joylardan kobalt yetkazib berishda uzilishlar bo‘lmasa, kobalt bozori barqarorlashadi. 2018 yilda metall narxi oshishda davom etadi, biroq, ekspertlar fikricha, bunday tezkor sur'atlarda emas. 

Mavzuga oid