Sport | 15:47 / 23.12.2017
23237
10 daqiqa o‘qiladi

El-klasikoni yomon ko‘rish uchun 10 sabab

Bugun barcha davrlarning eng ko‘p muhokamada bo‘ladigan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. «Real» «Barselona»ga qarshi, Madrid Kataloniya qarama-qarshiligi. Ammo bu faqatgina shu bilan tugamaydi. Butun dunyo bu o‘yin kuni ikkiga bo‘linadi. Butun dunyo ko‘radigan o‘yinda kimdir bir tomon, kimdir boshqa tomonda bo‘ladi.

Lekin shu o‘yinni ham yoqtirmaslik, yomon ko‘rish mumkin. Tribuna.Uz «el-klasiko»ni yomon ko‘rish uchun 10ta sababni sanab o‘tadi.

1. FUTBOLDAN KO‘RA BIZNeS
Bu qandaydir shishirilgan po‘kakka o‘xshaydi. Bo‘ladi-ku, masalan, terma jamoamiz biror turnirda qatnashsa, to yutqazib chiqib ketmaguncha, hamma o‘sha turnir haqida gapiradi. Go‘yoki, futbol mana shu o‘yindan oldingi va keyingi davrlarga bo‘lingandek. Messi nima qilarkin, Suares gol urarmikin, Ronaldu maydonga tusharmikin, qayerga qaramang, qaysi muxlis bilan gaplashmang, kimning muxlisi bo‘lsangiz ham shu savol - siz kimdan chiqasiz?

Ispanlarning o‘zi ham bu o‘yindan mast holatda, milliy chempionat qanday muammolar botqog‘iga botmasin, ular dunyoga namoyish qilish uchun, dunyoga sotish uchun yagona sifatli mahsulot shu o‘yin ekanini yaxshi biladilar. Eng yomoni, futboldagi globalizatsiya jamoalarning xususiyatlarini ham o‘ldirdi, endi biz Klassikoda Kastilya va Kataloniya futbolini emas, dunyoning ikki terma jamoasi o‘rtasidagi o‘yinni ko‘ramiz.

Yozda oxirgi 30 yilda birinchi marta El Klassiko o‘rtoqlik o‘yini maqomida bo‘lsa ham, Ispaniyadan tashqarida tashkil etildi. Bugungi o‘yin shu qadar erta bo‘lib o‘tadiki, Osiyo bozorini ham hisobga olish niyat qilingan. Yaqin kelajakda bu o‘yinlarning balki AQShda bo‘lib o‘tishi ham u qadar ahmoqona ko‘rinmayapti, nimayam derdik, Overton tuynugi ishga tushgan.

2. «ISPANIYaDA FAQAT IKKI O‘YIN BOR» DeYaVeRIShADI
Deyarli har mavsum, taqvim e'lon qilinadimi, boshqa paytdami, bu gaplar ko‘p yangraydi. Har yili turnir jadvalining yuqorisida mana shu ikki jamoa turgandan keyin, o‘z-o‘zidan Ispaniya chempionatidagi boshqa jamoalarni tomosha qilishdan nima naf?

Aslida, hatto Yevropada ham «Real» va «Barselona»ga tenglashish oson emasligini, boshqa ispan jamoalari ham tez-tez yevrokuboklarda o‘zini ko‘rsatib kelishlari ham fikrni o‘zgartirmaydi, negadir. Yaxshiyamki Simeone va uning «Atletiko»si chiqdi, Ligada katta o‘yinlar bir necha barobarga oshgandek bo‘ldi.

3. SIMULYaTsIYaLARGA TO‘LA KO‘ChA FUTBOLI
O‘yinning ahamiyati va mas'uliyati shu qadar kattaki, ba'zida futbol yulduzlari ham dosh bera olmay qoladilar.

E'tibor bersangiz, bu o‘yindan keyin qandaydir taktik jihatlar, qanday qilib bir trener ikkinchisini yenggani haqida fikrlar deyarli bo‘lmaydi — bu o‘yin mahorat emas, asablar bahsiga o‘xshab ketadi. Top futbolchilar uchun umuman xos bo‘lmagan xatolarni ko‘ramiz. Nafaqat xato, o‘nlab kameralar suratga olayotgan o‘yinda, butun dunyoga namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan yulduzlarning o‘ziga yarashmagan qiliqlar, simulyatsiyalar qilayotganini ko‘rish ko‘ngilni aynitadi. 

4. BU TURDA BOShQA O‘YIN YO‘QDeK
Bu turda Ispaniya chempionatida yana qanday o‘yinlar bor, bilasizmi? «Valensiya» kim bilan o‘ynaydi? «Atletiko» kecha yutqazdi, eshitdingizmi? Yo‘q.

Hatto Ispaniya futboli shaydolari uchun ham El-Klasiko bo‘lib o‘tadigan turda boshqa o‘yinlar ko‘rinmas maqomiga kirib qoladi. Avvaliga nima bo‘lishi, keyin esa, nima bo‘lgani haqida muhokamalar bo‘laveradi, bo‘laveradi.

Ko‘pincha, buning soyasida Ispan futboli xarakteriga yaqinroq bo‘lgan Andalus yoki Galisiya derbilari ham soyada qolib ketadi. Afsus. 

5. KO‘P NARSA KUTIB YuBORISh
Biror bayram yoki uchrashuvni intizorlik bilan kutsangiz, o‘sha voqea naqadar ajoyib o‘tishi haqida turli o‘ylar bo‘ladi-a sizda? Aksariyat holatda, keyin, xafsala pir bo‘ladi.

Muxlislar El-Klasikodan shu darajada katta voqealar kutishadiki, o‘yin ssenariysidagi kutilmaganlik va hayrat hissidan mahrum bo‘lishadi. To‘g‘ri, ba'zida 4:3 yoki 3.:3 hisobidagi ajoyib o‘yinlarni ko‘rganmiz, ammo agar odatiy 1:1 o‘yini bo‘lsa, hech kimning ko‘ngli to‘lmaydi. Xuddiki, har bir klasiko paytida «Dahshat!» deb ikki-uch marta qichqirib olish shartdek.

Va hamma Messi va Ronalduning azaliy to‘qnashuvi haqida sovun ko‘pirtirayotgan bir paytda o‘yin qahramoni Varan yoki Vermalen bo‘lib qolsa, qandaydir noqulay. Matyoning goli esingizdami?

6. FAQAT UCh OChKO BeRILIShI
O‘yin atrofidagi gap-so‘zlar va muhimlik darajasi haqida fikrlarni o‘qisangiz, go‘yoki, bu o‘yinda biror turnir masalasi hal bo‘lyaptimi yoki Chempionlar Ligasi finalimikin, deb o‘ylab qolasiz.

Afsuski, unday emas. Bu o‘yin aslida oddiy uch ochkolik o‘yin va deyarli hech narsani hal qilmaydi. Chempionat faqat klasikoda emas, «Malaga» yoki «Xetafe»dagi g‘alabalar evaziga qo‘lga kiritilishini yaxshi bilamiz. Ammo nega bu o‘yinga shuncha energiya, g‘alaba uchun xursandchiliklar, muhokamalar, munozaralar?

Jamoalar uchun xuddiki ochko juda muhim bo‘lib qoladi, g‘alaba uchun jonlarini berishadi, bir hafta bayram qilishadi. Bir hafta o‘tib esa, qandaydir o‘rtamiyona jamoa bilan o‘yinda ochko yo‘qotilgach, ma'no yo‘qoladi go‘yo. Ana, Messi gol urib futbolkasini yechib nishonladi, baribir «Real» chempion bo‘ldi-ku, to‘g‘rimi?

7. HAMMA JOYNI KLASIKO BOSIB KeTDI
Boshqa chempionatlarda ham, masalan, bir shahar jamoalari o‘yinini derbi deb atalishini tushunsa bo‘ladi. Xo‘p.

Ammo «Paxtakor» bilan «Neftchi»ning o‘yinini «O‘zbek Klasikosi» yoki Ukrainada ham o‘z «Klasiko»si borligini eshitganda, beixtiyor so‘kingingiz keladi. Qanaqa klasiko?

Shu bilan birga, aslida Bilbaoning «Atletik» jamoasining «Real» va «Barselona» bilan o‘yinlari ham «Klasiko» deb atalishiga e'tibor ham bermaymiz.

8. KLASIKO BOSIB KeTDI
Bir mavsumda ikki marta El Klasiko bo‘lishi - norma. Kutasiz, tomosha qilasiz, muhimlik darajasi ham oshadi. Ha, mayli, Qirollik kubogi finalini ham qo‘shsak, uchta bo‘la qolsin.

Lekin Ispaniya Superkubogida ham el klasiko (tag‘in ikki marta), Chempionlar Ligasida ham klasiko, AQShdagi qanaqadir turnirdayam klasiko — me'daga tegadi ochig‘i.

Xuddiki, «Yovuzlik va yaxshilikning hal qiluvchi to‘qnashuvi, har hafta telekanalimizda!» deb serialni reklama qilinishiga o‘xshab ketadi, to‘g‘rimi?

9. HAKAMLAR EPLAY OLMAYDI
Shu yilning o‘zida Ispaniya chempionatida bir necha aniq gollar hisobga olinmadi. Videotexnologiya? Nima keragi bor, axir hakam xatolari ham o‘yinning bir qismi-ku, deyishadi futbol amaldorlari.

Ayniqsa, El Klasikoda, mas'uliyat bir necha barobar ko‘p bo‘lganda, buni ko‘tara oladigan hakamlarni Ispaniyada topish qiyin. Doim nimadir qilishadi, qandaydir qovun tushirishadi. O‘yindan keyin hakamning qarorlarini muhokama qilish ham muxlislarning muhim mashg‘ulotiga aylanadi.

10.  JURNALISTLAR MUXLISGA AYLANADI
Har qanday ispan mutaxassisi yoki jurnalisti studiyada o‘tirib olib, «Alaves» va «Malaga» o‘rtasidagi o‘yinni taktik jihatdan ajoyib tahlil qilib berishi mumkin. Jurnalistlar «Atletiko»ning qahramonliklarini, «Valensiya»ning muammolarini kuyunib so‘zlab berishlari mumkin.

Ammo gap El-Klasikoga kelganda, dunyo ikkiga bo‘lingandek bo‘ladi. U yoqda Marca, bu yoqda El Mundo Deportivo o‘ziga jamoa tanlab olib, himoya qilishga kirishadi. Biri ofsayd deydi, ikkinchisi qarshi isbotini taqdim qiladi, unisi qizil kartochka bor edi, deydi, ikkinchisi sariq ham yo‘q edi deydi.

Bu to‘polonda to‘g‘ri fikrni axtarib ovora bo‘lmang, o‘z fikringizga mosini tanlab olavering. Asoslar ham yetarlicha topib beriladi.

Sports.ru materiali asosida Qahramon Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid