O‘zbekiston | 15:26 / 23.12.2017
19296
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi ijtimoiy obektlar bilan tanishmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Toshkent shahridagi bir qator ijtimoiy obektlarga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari dastlab, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida bunyod etilgan yangi binosi qurilishi va Adiblar xiyobonida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ma'lumki, davlat rahbari 2017 yilning iyun oyida bu yerga tashrif buyurib, qurilish va obodonlashtirish bilan bog‘liq topshiriqlar bergan edi. O‘tgan 6 oy davomida 9,6 gektardan iborat maydonda ulkan ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining yangi binosi qad rostladi. Bino ikki qavatdan iborat bo‘lib, uning birinchi qavatiga “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari tahririyatlari hamda “Ijod” jamoatchilik fondi joylashadi. Binoda 150 o‘rinlik faollar zali ham mavjud bo‘lib, u ijodiy kechalar, badiiy muhokamalarni shu yerning o‘zida o‘tkazish imkonini beradi. Binoning ikkinchi qavatida Yozuvchilar uyushmasi joylashadi. Uning huzurida boy kutubxona ham tashkil etiladi.

Davlat rahbari Uyushma maqomini ko‘tarish, uni xalq ma'naviyatini yuksaltirishga ta'sir ko‘rsatadigan muassasaga aylantirish zarurligini ta'kidladi. Navoiy bobomiz doimo hammani ezgulikka chorlagan, bugungi adabiyot, adiblar ham odamlarni mustaqillikni mustahkamlashga, bunyodkorlik va saxovatga, yoshlarni vatanparvarlikka da'vat qilishi kerak. Ziyoli inson, ijodkor hamisha xalq kamolini o‘ylaydi. Binobarin, yurtimizda ijodkorlar qancha ko‘paysa, jamiyatimiz uchun shuncha foydali bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtni, tarix va bugunni, boy merosni dunyoga tarannum qiladigan adiblar uchun ijod sharoitini yanada yaxshilash, xususan, Uyushma hovlisini kishini ilhomlantiradigan go‘zal gulzorga aylantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Adiblar xiyobonida har kuni mashhur shoirlarimizning she'rlari yangrab turishi kerak.

Davlat rahbarining topshirig‘iga binoan Uyushmaning kutubxonasi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan bog‘lanadi, ijodkorlar uning boy kitob fondidan shu yerdan turib bemalol foydalana oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uyushmaning ma'naviy-ma'rifiy ahamiyatini yanada yuksaltirish uchun bu yerda ochilgan Adabiyot muzeyini yanada boyitish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadga muvofiq ekanini ta'kidladi.

Mavzuga oid