O‘zbekiston | 00:20 / 25.12.2017
60453
3 daqiqa o‘qiladi

Saylovdagi ko‘zbo‘yamachilik: kimga ovoz berilishi oldindan ma'lum!

Bugun, 24 dekabr kuni Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlari a'zolarini saylash jarayoni tashkil etildi. Shu vaqtgacha poytaxt tumanlarining aholisi bunday imkoniyatga ega emasdi. Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan. Endilikda Toshkent shahri aholisi ham o‘zlari saylagan vakillari orqali tumanlarni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Ammo, saylov jarayoni yuqori saviyada, shuningdek, har tomonlama shaffof tashkil etilganiga ishonish qiyin. Gap shundaki, tartibga ko‘ra, 11 tumanning har biriga 30 deputat saylanishi belgilangan. Shu boisdan, 330ta saylov okrugi tashkil etilgan bo‘lib, har bir saylovchi konstitutsiyaviy huquqidan erkin foydalanishi, doimiy ro‘yxatga olingan hududiga yaqin joyda tashkil etilgan saylov uchastkasiga tashrif buyurishi hamda munosib nomzod ovoz berishi mumkin.

Biroq, Uchtepa tumanida joylashgan 26-oilaviy poliklinika binosida tashkil etilgan, 10-Zakovat saylov okrugiga qarashli 24-saylov uchastkasidagi mutasaddi vakillar milliy qonunchiligimiz talablarini ochiqchasiga buzilishiga yo‘l qo‘ymoqda. Ya'ni, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasida shunday deyiladi:

«Har bir fuqaro - saylovchi bir ovozga ega».

Ammo, havola etilgan manzarada saylovchilar yaqin qarindoshlari yoki do‘stlarining nomidan ham saylov byulletenini savatchaga tashlashini, qo‘lida bir nechta fuqarolik pasporti bilan kirib kelayotganini kuzatish mumkin.

Qolaversa, saylov uchastkasiga kiraverishda turgan MFY vakili «​2-nomzod, Jamolov G‘ofur»​ga ovoz berish kerakligini uqtirmoqda.

Vaholanki, saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi. U holda, tabiiy savol paydo bo‘ladi: saylov kim uchun va nega tashkil etilgan? 

Toshkent avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji binosida tashkil etilgan 3-Zavqiy saylov okrugiga qarashli uchastkada ham shunday vaziyat yuz bergan. Saylovchilardan birining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, saylov jarayonini o‘tkazishga mas'ul etib tayinlangan shaxslar «​kimga ovoz berish zarurligini tavsiya qilishgan»​.

Ayni paytda Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov yakunlandi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, saylovda 1 million 188 ming 851 nafar saylovchi ishtirok etgan. Bu ro‘yxatga kiritilgan umumiy saylovchilarning 76,2 foizini tashkil etadi. Ammo, bu raqamlarga qanchalik ishonsa bo‘ladi?!

Mavzuga oid