Fan-texnika | 02:20 / 30.12.2017
28340
6 daqiqa o‘qiladi

"Bizni simsiz kelajak va aqlli uy tanazzuli kutmoqda"

Foto: East News

Kremniy vodiysida quyosh panellarini o‘rnatish va ishga tushirish bilan shug‘ullanuvchi Cinnamon Energy Systems kompaniyasi rahbari Barri Sinnamon Green Tech Media'da  elektr energiyasi va generatsiya saqlash uy tizimini rivojlantirish, shuningdek 2018 yilda aqlli uy qurilmalarining energetik muvozanatiga doir 10 taxmini bilan bo‘lishdi.

Barri Sinnamonning fikricha, kelgusi yilda bizni aqlli uy qurilmalari tanazzuli, quyosh energiyasi bilan ta'minlanishga o‘tish va turar-joylar tomlaridan simlarning yo‘qolishi kutmoqda.

1. AQShda quyosh modullarini ishlab chiqarish avvalgi darajada qoladi

Yangi avlod panellarini keng ko‘lamda ishlab chiqarish uchun milliardlab dollar va uzoq muddatli investitsiyalar kerak bo‘ladi. To‘g‘ri siyosat yuritilgan taqdirda, sanoat haqiqatda panellar va komponentlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Afsuski, bu investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga doir siyosatini yuritish hozircha AQSh hukumati uchun ustuvor ahamiyatga ega emas, shu bois 2018 yilda o‘zgarishlar kuzatilmaydi.

2. Quyosh panellari tanqisligi 2018 yilning yozigacha davom etadi

Elektr energiyasi tariflarini oshirish tahdidi quyosh panellariga bo‘lgan talabni oshirdi. Bu vaqtda buyurtmalarni portga yo‘llash uchun bir oycha vaqt kerak bo‘ladi, xorijdan konteynerlarni yetkazib berish uchun esa - yana bir oy kerak bo‘ladi va bularning bari bir shart bilan - panellar omborda joylashgan bo‘ladi. Shuning uchun tanqislik 2018 yilning II choragi oxirigacha davom etadi.

3. Uylarning tomlaridan simlar yo‘qoladi

Bulutli yechimlar quyosh panellarining ajralmas qismiga aylanadi. Tajribali pudratchilar uyali monitoringga bir necha yuz dollar sarf qilish kabel orqali begona provayderlarga ulanish va uy tarmog‘idagi nosozliklar sabab yo‘qotishlarni kompensatsiya qilishdan ko‘ra foydaliroq ekanini anglab yetishmoqda.

4. Oddiy quyosh modullari toifa sifatida yo‘q bo‘lib ketadi

Oddiy quyosh panellari NEC Rapid Shutdown talablariga muvofiq yo‘q qilinadi. Faqat ikki yechim qoladi: modul darajasidagi quvvat elektronikasi yoki panellarni tez foydalanish imkonini beruvchi qo‘shimcha bloklar. Hozirga qadar an'anaviy panellarni o‘rnatuvchi kompaniyalar ularning bozordagi ulushiga nima bo‘lgani borasida bosh qotirishmoqda.

5. Quyosh energiyasi iste'molchilari o‘z-o‘zini ta'minlashga o‘tadi

Kommunal korxonalar yirik va kichik iste'molchilar o‘rtasidagi elektr energiyalari tariflaridagi farqni kamaytirib, muntazam oylik to‘lovlarini oshirishda davom etadi. Bu ayniqsa tizim haddan tashqari yuklangan davrga tegishli. Iste'molchilar, o‘z navbatida, shaxsiy energiya saqlash tizimlarini o‘rnatib, maksimal darajada o‘z-o‘zini ta'minlashga o‘tib, munosabat bildiradi.

6. Aqlli uy konsepsiyasi tanazzulga uchraydi

Aqlli uy yechimlari cheklangan iqtisodiy foyda va o‘sib borayotgan o‘rnatish xarajatlari sabab jabr ko‘radi. Mavjud elektr panellariga (masalan, kabel televideniyesiga) ulanishlarni qo‘shish qimmat hisoblanib, bu ishlar malakali mutaxassislar yordamida bajarilishi kerak. Biroq quyosh modullari va energiya saqlash qurilmalari bilan birga taqdim etiluvchi uy tizimlari muvaffaqiyatga erishish imkoniga ko‘proq ega, zero bu tizimlar o‘rnatishning yuqori xarajatlarini oqlaydi.

7. Energiya saqlovchi uy tizimlari narxlarining pasayishi sekinlashadi

Akkumulyator batareyalari narxi pasayishiga qaramay, energiya saqlash tizimlari narxi avvalgi darajada qoladi. Bunday bo‘lishiga sabab - pudratchilar bu tizimlarni mustaqil ravishda oxiriga yetkazishga majbur. Batareyaning bazaviy bahosi qo‘shimcha loyihaviy, izn beruvchi, dasturiy va konfiguratsion ishlarni hisobga olmaydi, shuning uchun arzonlashuvni kutishga hojat yo‘q.

8. Integratsiyalashgan paketlar yanada ommalashadi

Uy-joylardagi eng samarali energiya saqlash tizimlari - turli komponentlarni bir paketgan birlashtirib, mijozlarga uskunani o‘rnatish imkonini beruvchi oddiy DT yetkazib beruvchi qurilmalar. Bir necha kompaniyalar buni tushunib ulgurdi, biroq qolganlari hali-hanuz o‘z "frankenshteynlari"ni turli yetkazib beruvchilar qurilmalaridan yig‘ishmoqda va bularning bari birgalikda xatosiz ishlashiga umid qilmoqda.

9. Zaxira quvvati ahamiyati oshmoqda

To‘xtovsiz elektr energiyasi yetkazib berish iste'molchilarning asosiy talabiga aylanib bormoqda, zero tez orada deyarli hamma narsa elekr tizimida bo‘ladi. "Blekautlar"ning katta qismi mahalliy tarmoqlar kesimida ro‘y beradi, asosan, noqulay ob-havo va jihozlashdan voz kechish sabab. Ham tijoriy, ham xususiy iste'molchilar zaxira quvvat tizimlarini qadrlay boshlashmoqda. "Blekautlar"da ishlamaydigan energiya saqlash tizimlari raqobatbardosh kurashda mag‘lub bo‘ladi.

10. Litiy tanqisligi davri boshlanadi

Litiy yetishmovchiligi 2004-2007 yillardagi kremniy tanqisligiga o‘xshab ketadi. Elektromobil ishlab chiqaruvchilari akkumulyatorlarga katta buyurtmalar berish barobarida litiy tanqisligini keltirib chiqarishadi. Litiy (litiyf-ion batareyalari) narxlari o‘sishda davom etadi, zero yetkazib beruvchilar u bilan "ol yoki to‘la" tizimida ishlashadi. Litiy tanqisligidan ham qiyini kobalt yetishmovchiligi bo‘lishi mumkin.

"Quyosh yo‘llari" avtomobillarni harakatlanish vaqtining o‘zida zaryadlay oladi. Xitoyning Tszinan shahrida shu kunlarda ekspluatatsiyaga kiritiladigan ikkinchi uchastka qurilishi tugallandi.

Mavzuga oid