Jahon | 10:55 / 30.12.2017
20892
2 daqiqa o‘qiladi

Tuxum narxining oshishi Eronda yirik norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi

Foto: ncr-iran.org

28 dekabrda Eron shaharlaridan birida tuxum narxining oshirilishiga qarshi boshlangan noroziliklar 29 dekabrda butun mamlakatga yoyilib, siyosiy tus oldi. 

Inflyatsiya, rahbariyat va katta xarajatlar talab qilayotgan tashqi siyosatga qarshi joriy namoyishlar Eronda 2009 yildan beri o‘tayotgan eng yirik namoyishlarga aylandi. O‘shanda Mahmud Ahmadinajodning prezident saylovlarida g‘alaba qilganiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgandi.

Mamlakatning Risht, Shiroz, Isfaxon, Kirmanshoh va Hamadan shaharlarida yirik namoyishlar o‘tgani haqida ma'lumotlar berilgan. Mamlakatning shimolidagi Mashhadda o‘tgan eng yirik namoyishda 52 kishi hibsga olingan. 

Namoyishchilar “G‘azo ham, Livan ham emas, Eron mening hayotim” degan hayqiriqlar bilan Tehronning tashqi siyosatini tanqid qilganlar.

Hukumat ichki siyosiy vaziyatning keskinlashishida xorijiy agentlar va aksilinqilobiy unsurlar turganini aytib, noqonuniy namoyishlarning oldini olishga va'da berdi.

Eron iqtisodiyoti turg‘unlikdan chiqa oldi, inflyatsiya ham sekinlashdi, biroq mamlakatda ishsizlik hali ham yuqori, biznes esa investitsiyalar yetishmasligidan aziyat chekmoqda. 

Ko‘plab eronliklar ko‘p yillardan beri hukumat pullarni geosiyosiy o‘yinlarga sarflayotganidan, Yaman, Suriya va Iroqdagi ixtiloflarga aralashayotganidan, shia oqimidagi islomni targ‘ib qilayotganidan norozilik bildirib kelishadi.

29 dekabrda AQSh davlat departamenti Erondagi namoyishlarga izoh berib, navbatdagi marta Eron hukumatini tanqid qildi. 

“AQSh tinch namoyishchilarning hibsga olinishini qoralaydi. Biz barcha davlatlarni Eron xalqi va uning inson huquqlariga amal qilinishi va korrupsiyani tugatish talablarini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz”, deb aytilgan davlat departamenti xabarida.

Mavzuga oid