Sport | 19:10 / 04.01.2018
21235
7 daqiqa o‘qiladi

«Aks holda o‘zimni o‘ldirardim». APLda yangi yilning birinchi turi voqealari

2-3 yanvar kunlarida Angliya chempionatida 22-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. «Tribuna» turning asosiy voqealarini ko‘rib chiqadi.

Morata - memlar qahramoni

Foto: Angliya Premer Ligasi

Bu mavsumda Angliya chempionatidagi eng tomoshabop o‘yin Londonda, «Emireyts» o‘yingohida bo‘lib o‘tdi. «Arsenal» «Lester»ga qarshi o‘yinda irodali g‘alabaga erishgandi, «MYu»ga qarshi o‘yin de Xeaning benefisiga aylandi, «Liverpul» (3:3) va «Chelsi»ga (2:2) qarshi o‘yinlarning oxirgi daqiqalari dahshatli tarzda kechdi.

3 yanvar oqshomida kechgan uchrashuvda «Chelsi» hujumchisi Alvaro Morata qulay imkoniyatlarni ko‘kka sovurmaganida, o‘yinning ikkinchi qismi bu qadar kurash ostida kechmagan bo‘lardi. Ammo ispaniyalik futbolchi gol urmaslik qiyin bo‘lgan vaziyatlarda buni uddaladi va memlar qahramoniga aylandi. Internetda shunday hazilomuz ibora aylanmoqda «Tupak hamon tirik bo‘lardi, agar uni Morata o‘qqa tutganida».

Foto: sports.ru

Arsen Venger esa o‘yindan keyin hakamlikdan qattiq norozilik bildirdi. Uning fikricha, Azar bilan bog‘liq vaziyatda penalti berishga asos yo‘q edi.

Foto: Angliya Premer Ligasi

U bundan ham asabiy bo‘lishi mumkin edi, agar o‘yinda oxirgi daqiqalarda hisob Bellerin tomonidan tenglashtirilganidan keyin Dzappakostaning zarbasi to‘sindan qaytmay gol bo‘lganida. Undan jurnalistlar shunday ehtimolga reaksiyasini so‘rashdi. Uning javobi esa shunday bo‘ldi: «O‘zimni o‘ldirgan bo‘lardim».

Barhayot De Bryuyne

Foto: Manchester Siti

«Manchester Siti»ni yengib bo‘lmaydi, uning yetakchisini to‘xtatib bo‘lmaydi. «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yin oxirida Pancheon tomonidan qo‘pollik bilan yiqitilgach, zambilda maydondan olib chiqib ketilgan Kevin De Bryuynening oyog‘i singani, u kamida ikki hafta maydonga qayta olmasligi kutilgandi. Ammo u 48 soat o‘tib yana maydonda va «Uotford»ga qarshi o‘yinda jamoasining g‘alabasiga yordam berdi, uning pasini raqib futbolchisi Kabasele o‘z jamoasi darvozasiga kiritib yubordi. Unga qo‘pollik qilgan va o‘zi ham zambilda maydondan olib chiqilgan Pancheon esa bu mavsumda futbol o‘ynamaydi.

«Siti» 22 uchrashuvdirki, mag‘lubiyat neligini bilmayapti. O‘yinning 39-soniyasidayoq Rahim Sterling hisobni ochgandi. Endi u mavsumda eng tez va eng kech urilgan gollar muallifi bo‘lgan futbolchidir. 

Mourino Skoulzga qarshi

Foto: Sport Ekspress

Bu turda «Manchester Yunayted» g‘alabasiz seriyasini yakunladi, Lingard gol urishda davom etdi, u va Marsiyal Lukaku hamda Zlatan Ibrahimovichning yo‘qligini bildirmadi. Hamma xursand edi, Mourino esa «suvni loyqalash» uchun sabab topa oldi. U «MYu»ning afsonaviy futbolchisi Pol Skoulzning jamoaning hozirgi futbolchisi Pol Skoulz haqidagi va umuman jamoa futbolchilari oxirgi vaqtlarda o‘ta toliqqan kishilarga o‘xshab harakatlanayotganini aytib qilgan tanqidlarini eslab qoldi.

«Menimcha, Skoulzning qilar ishi sharhlovchilik emas, tanqidchilik. Men u futbol sharhlayapti deb o‘ylamayman. Sharhlovchilik va tanqidchilik turli ish. Skoulz tarixga buyuk futbolchi sifatida kiradi, futbol eksperti sifatida emas. Agar u qachondir murabbiy bo‘lsa, men unga men erishgan muvaffaqiyatlarning hech bo‘lmasa, 25 foiziga erishishini tilayman. Bu 6taga yaqin sovringa teng. Menimcha, uni bu qoniqtirgan bo‘lardi», dedi Mourino g‘alabali o‘yindan keyingi matbuot anjumani vaqtida.

Shuningdek, Mourino yana bir bor turnir taqvimini qoraladi. Yil yangi, Mourino o‘sha o‘sha Mourino.

Van Deyk maydonga tushmasdan «Liverpul»ga yordam bermoqda

Foto: Tvitter

Dunyoning eng qimmat himoyachisiga aylangan Virjiyl van Deyk yana «Liverpul» o‘yiniga zayavka qilinmadi. Ammo «Byornli»ga qarshi o‘yinning oxirgi daqiqasida mersisaydliklar jamoasi himoyachilari g‘alaba golini urishdi - Lovren uzatgan pasni Klavan darvoza to‘riga joyladi. Ijtimoiy tarmoqda esa shunday gap aylana boshladi: «Tarkibdagi o‘rning xavf ostida qolgach, nimalar qilmaysan?».

Yurgen Klopp jarohat olgan Saloh va jarohat olgani aytilayotgan Koutino (u tez vaqt ichida «Barselona»ga o‘tishi kutilmoqda) yo‘qligida ham g‘alabalarga erishmoqda.

Keyn kimga kerak?

Foto: Tottenhem

Keyn o‘tgan yilni rekord bilan yakunladi, Maurisio Pochettino esa unga dam berishga qaror qildi va «Suonsi»ga qarshi o‘yinga asosiy hujumchi sifatida Lorenteni tushirdi. Ispaniyalik futbolchi esa 12-daqiqadayoq hisobni ochdi.

Foto: Tottenhem

Keyn ikkinchi bo‘limda maydonga tushirildi, ammo uning g‘alabaga yordami kerak bo‘lmadi, o‘yin oxirida Dele Alli hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

22-tur o‘yinlari
«Brayton» - «Bornmut» - 2:2 (1:1).
Gollar: Knokkart, 5 (1:0). S.Kuk, 33 (1:1). Marrey, 48 (2:1). Uilson, 79 (2:2).
«Lester» - «Haddersfild» - 3:0 (0:0).
Gollar: Mahrez, 53 (1:0). Slimani, 60 (2:0). Olbrayton, 90+2 (3:0).
«Stouk Siti» - «Nyukasl Yunayted» - 0:1 (0:0).
Gol: Peres, 73 (0:1).
«Byornli» - «Liverpul» - 1:2 (0:0)
Gollar: Mane, 61 (0:1). Gudmundsson, 87 (1:1). Klavan, 90+4 (1:2).
«Everton» - «Manchester Yunayted» - 0:2 (0:0).
Gollar: Marsiyal, 57 (0:1). Lingard, 81 (0:2).
«Sauthempton» - «Kristal Pelas» - 1:2 (1:0).
Gollar: Long, 17 (1:0). Makartur, 69 (1:1). Milivoyevich, 80 (1:2).
«Suonsi» - «Tottenhem Hotspur» - 0:2 (0:1)
Gollar: Lorente, 12 (0:1). Alli, 89 (0:2).
«Vest Hem Yunayted» - «Vest Bromvich» - 2:1 (0:1)
Gollar: Makklin, 30 (0:1). Kerroll, 59 (1:1). Kerroll, 90+4 (2:1).
«Manchester Siti» - «Uotford» - 3:1 (2:0).
Gollar: Sterling, 1 (1:0). Kabasele, 13 - avtogol (2:0). Aguero, 63 (3:0). Grey, 82 (3:1).
«Arsenal» - «Chelsi» - 2:2 (0:0)
Gollar: Uilshir, 63 (1:0). Azar, 67 - (penaltidan 1:1). Alonso, 84 (1:2). Bellerin, 90+2 (2:2).

Turnir jadvali

Foto: Angliya Premer Ligasi

Mavzuga oid