Sport | 12:10 / 16.01.2018
34989
2 daqiqa o‘qiladi

Odil Ahmedov O‘zbekiston terma jamoasi uchun qanday murabbiy kerakligini aytdi

Foto: KUN.UZ

Xitoyning «Shanghay SIPG» va O‘zbekiston terma jamoasi yarimhimoyachisi Odil Ahmedov milliy terma jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan murabbiy qanday bo‘lishi lozimligi haqida fikr bildirdi

«O‘FF rahbariyati Osiyo futbolini yaqindan biladigan, jahon chempionatida ishlash tajribasiga ega taniqli murabbiy olib kelish harakatida. Aytilishicha, hozir muzokaralar davom etyapti. Tez orada yangilik eshitsak, ajabmas. Mana, Marokash va Eron termalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Menimcha, shu o‘yinlar muddatiga qadar yangi murabbiy bilan tanishsak kerak.

Har qanday holatda ham, kuchli mutaxassis tayinlanishi tarafdorimiz. Bitta yorqin misol: italiyalik Marchelo Lippi Xitoy termasini qisqa fursatda keskin kuchaytirdi. Buni hamma ko‘rdi. To‘g‘ri, xitoyliklar biz kabi mundialga chiqa olmadi. Ammo fikrimcha, Xitoy jamoasi o‘z potensialidan yuqoriroq natijaga erishdi. Oddiy taqqoslasak, biz aslida Xitoy termasidan sezilarli darajada kuchli bo‘lsakda, bu natijada aks etmadi. Eron termasi muvaffaqiyatida esa futbolchilardan ko‘ra, Karlush Keyrushning hissasi katta. Demoqchimanki, bizga ham Keyrush va Lippi darajasidagi murabbiy kerak», deya Odil Ahmedovning so‘zlarini keltirib o‘tgan «Interfutbol» nashri.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov terma jamoa bosh murabbiyligi uchun murabbiylar bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida xorijda bo‘lib turibdi. O‘zbekiston terma jamoasini boshqarish uchun serbiyalik Slavolyub Muslin asosiy da'vogar bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid