Sport | 23:05 / 18.12.2021
18552
3 daqiqa o‘qiladi

«Odil – Birodar Abduraimov, Mirjalol Qosimov kabi o‘zbek futboli tarixidan joy oldi». Abdusalom Azizov Ahmedovga «oltin butsa» topshirdi

Foto: Tribuna.uz

Bugun, 18 dekabr kuni O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq sardori Odil Ahmedov o‘z faoliyatiga bag‘ishlangan «Odil Ahmedov: «Orzuning shonli yo‘li» kitobi taqdimot marosimida futbolchilik faoliyatini yakunlashini e’lon qildi. 34 yoshli yarimhimoyachi bu haqda rasman ma’lum qilgach, tadbirda so‘z O‘FA prezidenti Abdusalom Azizovga berildi.

«O‘zbek futboli afsonalaridan biri Odil Ahmedovning faoliyatini yakunlashiga bag‘ishlangan tadbirda yig‘ilib turibmiz. Odil o‘zbek futboliga fidokorona xizmat qildi. Milliy jamoada 108 o‘yinda ishtirok etib, faoliyatining katta qismida jamoa sardori sifatida vatanparvarligini namoyish etgan holda Birodar Abduraimov, Mirjalol Qosimov singari futbol afsonalari qatorida o‘zbek futboli tarixidan joy oldi.

Foto: Tribuna.uz

Odil hozirgi darajasiga oson yetib kelgani yo‘q. Juda katta mashaqqatlarni boshdan o‘tkazgan. U yosh o‘yinchilar uchun namuna bo‘la oladi. Odil shunchaki o‘ynagani yo‘q, balki fidoyilik ko‘rsatib, hayotda va futbolda o‘zini topdi. Bu juda katta mashaqqat. Nafaqat O‘zbekistonda, balki «Anji», «Krasnodar» va Xitoyda dunyo yulduzlari qatorida o‘zini o‘rnini topish har bir o‘zbek yigitiga nasib qiladigan narsa emas. Odil esa mehnat evaziga dunyo yulduzlari bilan bir safda turish mumkinligini isbotladi.

Foto: O‘FA

Albatta, Odil futbolni butunlay tark etayotgani yo‘q. U yaqin kelajakda o‘zi asos solgan «Odil Junior» akademiyasi orqali O‘zbekistonga ko‘plab futbolchilarni yetishtirib beradi. Shuningdek, O‘FA va PFLda faoliyat yuritib, o‘zbek futboli va milliy jamoaning jahon chempionatiga chiqishida hissa qo‘shadi. Odilga yana bir karra rahmat aytib, butun o‘zbek futboli va millionlab muxlislar nomidan minnatdorchilik bildiraman», - dedi O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov. 

Shundan so‘ng O‘FA rahbari faoliyatini yakunlagan Ahmedovga esdalik uchun «oltin butsa» va billur kubokni topshirdi.

Foto: O‘FA

Eslatib o‘tamiz, Odil Ahmedov 2007 yildan 2021 yilning yozigacha bosh jamoamiz safida to‘p surib, O‘zbekiston JCh-2022 uchinchi saralash bosqichiga chiqa olmaganidan so‘ng milliy jamoadagi faoliyatini yakunlagan edi. 34 yoshli yarimhimoyachi Xitoy Superligasi joriy mavsumida «Tsanchjou Mayti Layons» safida 7 o‘yinda maydonga tushgandi. U faoliyati davomida «Paxtakor», «Anji», «Krasnodar», «Shanxay SIPG» klublarida ham to‘p surdi.

Mavzuga oid