O‘zbekiston | 03:05 / 17.01.2018
40500
4 daqiqa o‘qiladi

Video: IIVda maxsus tergov xonasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Skrinshot: YouTube

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi «Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2898-sonli qarori qabul qilingan edi. Mazkur hujjat ijrosi yuzasidan, shuningdek sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilish, konstitutsiyaviy prinsiplarga so‘zsiz va og‘ishmay ta'minlash maqsadida, dunyo tajribasi va xalqaro standartlarga tayanib, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentida so‘roq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek tergov harakatlarini audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xona tashkil etildi. 

Bu kabi maxsus xonalarning tashkil etilishi, fuqarolarning, xususan voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarni huquqi va erkinliklarini sudga qadar ish yurituvda himoya qilishni kuchaytiradi, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni fosh va tergov qilish samaradorligini oshiradi.

«Biz sudga qadar ish yurituv bosqichida tergov harakatlarida ishtirok etayotgan voyaga yetmaganlar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishlari yoki ruhan qiynalishlariga yo‘l qo‘ya olmaymiz», – dedi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Akramxon Boboxonov.

«Mazkur maxsus xonalarda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslar hamda voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish, tanib olish, yuzlashtirish, masofadan turib videokonferentsaloqa vositasi yordamida tergov harakatlari o‘tkaziladi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, bu kabi maxsus xonalar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli kafolatlarini ta'minlash, ularning sha'ni va kadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik, tergov qilish jarayonida dalillarni to‘plash va mustahkamlashda dalillar maqbulligi talablariga og‘ishmay va qat'iy rioya qilish, shuningdek jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud kadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlari kabi noqonuniy usullarni qo‘llashni bartaraf etishga xizmat qiladi». 

«Jinoyat natijasidagi ruhiy jarohatlar voyaga yetmaganlarga jiddiy ta'sir ko‘rsatib, ularning o‘sishi va rivojlanishida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin», – dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. «Sudgacha ish yurituv jarayonida voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohlarning himoya qilish choralarini ko‘rilishi juda muhimdir. Bu ularning normal hayotiga imkon qadar tezroq qaytishlariga yordam beradi».

«Bu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun YUNISEF O‘zbekistondagi barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan kelgusida hamkorlik qilishga tayyor», – deya qo‘shimcha qildi Sasha Graumann.

Mavzuga oid