Jamiyat | 20:30 / 25.01.2018
14222
3 daqiqa o‘qiladi

Ijodkorlar uchun qalam haqi oshdi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 avgustdagi «Madaniyat va san'at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq kitob mualliflariga beriladigan qalam haqi 85 foizga ko‘paydi. 

Shu paytga qadar mualliflik haqi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 8 yanvardagi «Mualliflik haqi va boshqa haq to‘lash turlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan to‘lab kelinar edi. O‘zA xabariga ko‘ra, prezidentning joriy yil yanvar oyidan kuchga kirgan qarori asosida ijodkorlar mehnati uchun yangi stavkalar belgilandi. 

Bu stavkalar asosida ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan asarlar uchun qalam haqi 2,5 barobarga ko‘tarildi. Misol uchun, maktabgacha va kichik yoshdagi bolalar uchun nasriy asarga buyurtma bergan nashriyot kitobni 20 ming nusxada chiqaradigan bo‘lsa, bir muallif tobog‘i uchun 2 million 66 ming 880 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda yozuvchiga qalam haqi belgilaydi. 20 ming nusxadan kam bo‘lmagan she'riy kitob muallifiga har bir satr uchun 8 ming 610 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda qalam haqi to‘lanadi. 

Ilgari nashriyotlar tomonidan badiiy asarlar uchun 5 koeffitsiyent ko‘rsatkichida mualliflarga qalam haqi hisoblangan bo‘lsa, endilikda koeffitsiyent ko‘rsatkichi sakkizga oshirildi. Bu badiiy asarlarga qalam haqi berish miqdori ham qariyb 2 barobarga ko‘paydi, degani. 

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Intellektual mulk agentligi, yetakchi nashriyotlar bosh muharrirlari, iqtisodchilar, nashriyot ishlari hisob-kitobini yurituvchi mutaxassislar, shoirlar, yozuvchilar va OAV vakillari ishtirokida o‘tgan «Ijodkorlar mehnati qadr topmoqda» mavzusidagi seminarda shular ma'lum qilindi. 

«Tizimimizdagi nashriyotlarda «Nazm bo‘stoni», «Nasrimiz javohirlari», «Jahon adabiyotining sara asarlari», «Dunyo xalqlari ertaklari», «Adabiyot xrestomatiyasi», «Bolalar antologiyasi» kabi mavzularda rang-barang kitoblar chop etilmoqda. Agentlik tomonidan e'lon qilingan «Taraqqiyot strategiyasi va zamonamiz qahramoni», «Islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari», «Harbiy-vatanparvarlik» mavzularidagi badiiy asarlarga ijtimoiy buyurtmalar loyihasi asosida yozilayotgan kitoblar uchun mualliflarga qalam haqining ma'lum qismi oldindan to‘lab berilmoqda», – deya Matbuot va axborot agentligining iqtisodiy tahlil, prognozlashtirish va moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Mirkomilovning so‘zlarini keltirgan O‘zA.

Mavzuga oid