O‘zbekiston | 11:20 / 30.01.2018
110792
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat rahbari va xalq vakili o‘rtasida hazil muloqot (video)

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida 28 yanvar kuni Chiroqchi tumanida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida davlat rahbari viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, turizm, sog‘liqni saqlash, ta'lim va boshqa qator sohalariga to‘xtalib o‘tdi. O‘z tavsiyalarini berdi va kelajakda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar rejalashtirildi.

Shundan so‘ng, prezident Shavkat Mirziyoyev har bir tuman faolidan hududlardagi mavjud muammolarni tingladi. Chiroqchi tumanidan so‘zga chiqqan vakil tumanga temir yo‘l zarur ekanligi, bu ish sovet paytidan buyon qog‘ozda qolib ketayotgani, shuningdek, Qumdaryoning suvidan sug‘orish davrida foydalanish uchun suv omboriga ehtiyoj borligini ma'lum qildi.

Shunda prezident: “Qay birini avval qilib beray, katta muammolarni gapirdingiz. Kelishaylik-da”, degan samimiy murojaatiga Chiroqchi vakili: “Iloji bo‘lsa ikkalasini ham”, deya u ham samimiy javob qaytardi.

“Bu yog‘i endi Qashqadaryochasiga bo‘ldi...”, deya hazil qilgan prezident.

Ushbu suhbat yig‘ilish ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashgan. Chiroqchi vakilining murojaati bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Mavzuga oid