Jamiyat | 21:00 / 08.02.2018
30607
5 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onaning Rishtonida hokimlik bozorda tiklangan xalq kutubxonasini buzmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Dima Qayum nomi bilan tanilib asosan hajviya va hikmatlar ulashuvchi rishtonlik tadbirkor Dilshod Abdullayevich Boltaboyev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga kutubxonasini mahalliy mansabdorlardan himoyalashni so‘rab ochiq xat yozdi. Xatning matni bilan tanishing:

«Ota-onam nafaqadalar, men esa Rishton tumani dehqon bozorida tunuka va pechka mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanaman. Bozor hududida qonuniy joyimda sentabr oyida kitob va kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida qarorlaringizdan ilhomlanib, bozorga o‘z kutubxonamdan kitoblar olib chiqdim, keyin internetdagi do‘stlarimga iltimos qildim. Kitoblar yog‘ilib kela boshlagandan keyin xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Alisherjon Sa'dullayev va Rishton tuman hokimi bilan suhbatlashib, ruxsat olib o‘zimning do‘konimdan 12 kv metr joyiga «Akfa» romlaridan qurilish ishlarini boshlab, 25 kunda zamonaviy «Roshidoniy Xalq kutubxonasi»ni bitkazdim. Ochganimga uch oy to‘lgan bo‘lsa, kitoblar soni 1500 donadan oshdi. O‘qilgan kitoblar o‘quvchilari soni 1000 dan oshdi.

Bu qurilishga barcha yurtdoshlarim Xayriya aksiyasi qilib pul berishdi, men esa hammasini shu kutubxonaga sarf qildim.

Kecha Rishton tuman hokimi yonida o‘tirib buyruq olgan qurilish arxitektor boshlig‘i tongda tuman IIB, Tuman yong‘in xavfsizligi bilan chiqishib «sen noqonuniy qurding», deb izzatimga tegishdi. «Kechagina yonlarida eshitdingiz-ku, hokimning gapini», desam ham tan olmadi. Keyin Rishton tumanining yangi hokimining yonlariga kirdim va 30 million so‘mdan oshiq pul sarflaganimni aytdim, ular «boshqa joydan joy berib kredit beraman», dedilar.

Men boshqa joyga bora olmayman va u joyni qurishga berilgan kreditni to‘lay olmayman, garovga qo‘yishga hech nimam yo‘q. Har kuni o‘quvchilar kitoblar olib ketishmoqda. Bir kunda 20-25 dona ketadi, albatta, bepul tarqatyapman, yonida do‘konchamda savdo qilyapman.

Sizdan iltimos, shu joyim buzilmasligi uchun o‘quvchilar va o‘z nomimdan o‘tinib so‘rayman - buzishmasin. Hech qanday yong‘inga va hokazolarga xalaqit qilmaydi

Rishton tumani hokimligining hech qanday yordamisiz qurgan edim.

Sizning so‘zlaringiz qulog‘imda doimo jaranglamoqda. «Jaholatni ma'rifat bilan yengamiz» degan so‘zlaringiz. Iltimos, o‘tinib so‘rayman kutubxonani buzishmasin. Yordam bering.

Qishloqda kutubxona bor, lekin sharoiti yo‘q, ham uzoqligi uchun hech kim bormaydi. Men qurgan bepul kutubxona bozor ichida bozorga yumush bilan kelgan odam olib ketyapti. Albatta bepul”, — degan o‘z xatida Dilshod Boltaboyev.

Dilshod Boltaboyevning bu xati kishi o‘yga toldiradi. Chunki, bu ezgu ishga internetning minglab foydalanuvchilari o‘z hissasini qo‘shdi, kutubxonani birga qurishdi. Eng katta sarf-xarajat va albatta, harakat esa Dilshod Boltaboyevning o‘zidan bo‘lgan. U kutubxona qurilishi bosqichlarini o‘z sahifasida muntazam ulashib borgan, undan ilhomlangan boshqalar ham o‘z tumanida xalq kutubxonasi bunyod etishga bel bog‘lagan edi. Hokimiyatning birgina buyrug‘i bilan ma'rifat tarqatish umidiyu, ziyo ulashish orzulari chilparchin bo‘lishiga achinmaydigan odam bo‘lmasa kerak.

Prezident o‘z chiqishlarida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashi hamda ma'rifat masalalariga ko‘p to‘xtaladi. Chindan ham mamlakatimizdagi eng dolzarb masalalardan biri shular, desak bo‘ladi. Vaziyatni qarangki, tadbirkorlik va ma'rifatparvarlik mujassamlashgan bir shaxsning rejalari poymol bo‘lmoqda. Rishton tumani hokimligidan bu harakatga izoh kutamiz.

«Roshidoniy Xalq kutubxonasi» suratlari.

Foto: Facebook 

Dilshod Boltaboyev Ta'lim vaziri o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev bilan

Foto: Facebook 

Dilshod Boltaboyevning tijorati

Foto: Facebook 

Kutubxona qurilishi

Foto: Facebook 

Hokimiyat tomonidan buzilishi belgilangan kutubxonaning hozirgi ko‘rinishi.

Mavzuga oid