Jamiyat | 18:45 / 11.02.2018
34143
6 daqiqa o‘qiladi

Abdulla fermerni nimalar tashvishga solmoqda?

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida “Abdulla Madina Fayz” fermer xo‘jaligidan tushgan murojaat shu tumanga navbatdagi safarni amalga oshirishga turtki bo‘ldi. Fermer xo‘jaligi 2015 yil dekabr oyida tuman hokimining qarori bilan “Birdamlik” MFYda tashkil etilgan. Biz muammo nima ekaniga aniqlik kiritish maqsadida fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Abdulla Xolmurodov bilan uchrashdik.

“Dastavval, fermer xo‘jaligi 15 gektardan ortiq hududda tashkil etilgan. Keyinchalik, ekin maydonlarini optimallashtirish maqsadida u 3 qismga bo‘linib, 5 gektardan taqsimlangan. Ammo, shu ishni bekor qilgan ekanman, - deydi Abdulla aka. Ortiqcha ovoragarchilikdan boshqa narsaga erishmadim”.

Qolaversa, Abdulla aka tumanning avvalgi hokimi vaqtida hech narsa ekilmagan, suv chiqmaydigan va bir necha yillar mobaynida qarovsiz qolgan yerni o‘zlashtirib boqqa aylantirgan. Bundan tashqari, Prezidentning 2017 yil 9 oktabrdagi PF-5199-sonli farmonida ta'kidlanganidek, fermer xo‘jaliklarining ko‘p tarmoqli bo‘lishiga doir bandlar ijrosini birinchilardan bo‘lib ta'minlash maqsadida “Abdulla Madina Fayz” fermer xo‘jaligiga yondosh hududda joylashgan, bir vaqtlar kolxoz parrandachilik fermasi bo‘lgan hududda quyon, tovuq va o‘rdak boqishga ixtisoslashgan qo‘shimcha tarmoqni tashkil etishni rejalashtirgan. Buning uchun sobiq ferma hududidagi 1 gektar yerni foydalanishga berishlarini so‘ragan. Ammo...

Tuman hokimligi bu masalani viloyat hokimligiga, viloyat hokimligi shundog‘am hech narsa unmaydigan 1 gektar yerda ferma qurish uchun ruxsat berish masalasini ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasiga taqdim etgan. Abdulla aka esa, otanga bor, onanga bordan charchab, qo‘lidagi javob maktublaridan “roman” yozish mumkinligini kuyunib uqdiradi.

Tuman hokimi Otabek Isroilov esa, bu hududda ruxsat olmasdan ham parranda, quyon boqaverishi mumkinligini, Bekobod tumanida parrandachilik va quyonchilikka qo‘l urganlar ozligini aytayotgan bo‘lsa, Abdulla aka qurilish ishlarini boshlashga ruxsat beruvchi barcha hujjatlar qo‘liga kelib tushmas ekan, hech qanday qurilish ishini boshlamasligini ta'kidlaydi.

“Axir bu noqonuniy qurilma hisoblanib qoladi. Keyin yana uni ortidan sarson bo‘lishni xohlamayman. Qolaversa, o‘zim nafaqaga chiqmasdan avval IIV tizimida qonunbuzarlar va jinoyatchilikka qarshi kurashgan bo‘lsam, endi qonunni buzamanmi?” – deydi murojaatchi. Uning aytishicha, biznes-rejasini ishga tushirsa, kamida 15-20 kishi ish bilan ta'minlanadi. 5-10 mingtagacha tovuq, o‘rdak, 5 ming atrofida quyon parvarish qilib, xalq dasturxoniga ham parhez go‘sht, tuxum yetkazib berish, boshqa ishlab chiqaruvchilarni parranda pati va quyon terisi bilan ta'minlashi mumkin bo‘lar edi.

Abdulla akaning so‘zlariga ko‘ra, Bekobodda parrandachalik, quyonchilik unchalik rivojlanmagan, qolaversa, uning biznes-rejasini qo‘llab-quvvatlaydigan sarmoyadorlar ham bo‘lgan, ammo bugungi kunda ular viloyatning boshqa tumanlarida ayni yo‘nalishlardagi loyihalarga mablag‘larini yo‘naltirishgan.

Muammoning mag‘zini aytadigan bo‘lsak, bir fermer hech kim foydalanmayotgan, suv chiqmaydigan, rentabelligi past, aholi yashash punktidan bir necha kilometr uzoqlikdagi (parrandachilik va quyonchilik fermasi uchun ayni muddao) yerda parrandachilik va quyonchilikni rivojlantirishni maqsad qilib, yer so‘ramoqda. Ammo qog‘ozbozlik, sansalorlik tufayli bu ish 2 yildan beri hal bo‘lmayapti. Masalani hal qilish uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga oladigan, ishlayman deb turgan kishiga yordam beradigan kishi topilmayapti.

Tuman hokimligiga ko‘ra, ayni vaqtda bu kabi loyihalarga ruxsat berish viloyat hokimligi ixtiyoriga berilgan, biroq hozircha, viloyat hokimligi Abdulla akaning ayni hududda ferma qurishni so‘rab qilgan murojaatiga javob berayotgani yo‘q. Hokimning aytishicha, tumanda 10 ta atrofida “nol” qiymatda berish mumkin bo‘lgan ko‘chmas mulk inshootlari bor. “Abdulla akaning bu yerda qurilish ishini olib borishdan maqsadi, - dedi Otabek Isroilov, - bu yerda inshootga ega bo‘lish”. Ammo Abdulla aka fermer xo‘jaligi shu yerda bo‘lganligi bois, parrandachilik va quyonchilik bilan shu hududda shug‘ullanishdan manfaatdorligini ta'kidlaydi. Shu bilan birga, biz fermer xo‘jaligi bilan tanishib, aytishimiz mumkinki, Abdulla aka fermerlik bilan jiddiy shug‘ullanish niyatida. Aks holda, bu yerga 35 mln so‘mga yangi transformator, suv tortuvchi nasos o‘rnatmagan bo‘lar edi.

Fermer 1 gektar foydalanilmayotgan, sobiq ferma hududini foydalanishga so‘rab sarson bo‘layotgan bir vaqtda, qancha asab, vaqt va mablag‘ yo‘qotilmoqda. Axir tadbirkor uchun har bir soat, kun g‘animat, u loyihasini qanchalik tez amalga oshirib, ishga tushirsa, shuncha yaxshi emasmi?

Nafaqaga chiqqaniga qaramay, vatan ravnaqiga hissa qo‘shishni istayotgan, fermerlik xo‘jaligini birinchilardan bo‘lib ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylantirishni istayotgan Abdulla aka dodini kim eshitadi? U bugungi islohotlar davrida davlatga yelkadosh bo‘lmoqchi, unga kim yelkadosh bo‘ladi? Savol tug‘iladi: tuman va viloyatda Abdulla aka singarilarga yelkadosh bo‘ladiganlar bormi o‘zi?

Tolib Rahmatov

Mavzuga oid