Fan-texnika | 09:30 / 27.02.2018
23715
4 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillarda kelajakning 5 texnologiyasi

 Motor.ru avtomobillardagi 5 ta kelajak texnologiyasi haqida ma'lumot berdi. Bular shunday hay-tek narsalarki, mashinalarni yaqin kelajakda yanada yaxshiroq qiladi.

Land Rover’dan «shaffof kapot»

Bu texnologiya Land Rover Discovery Vision kontsept-karda debyut qilgan bo‘lib, haydovchiga avtomobilning old g‘ildiraklari oldida nima bo‘layotganini yaxshiroq tushunishga yordam berishi kerak. Bunday ixtiro notekis yo‘lda foydali, sababi toshlar va boshqa kutilmagan narsalarga urilib ketishdan saqlaydi. Tizim kuzovning oldingi qismidagi bir necha kamera, kompyuter hamda old oynaga tushiriluvchi tasvir proyektori yordamida ishlaydi.

Ford’dan yo‘lovchilar sog‘lig‘ini kuzatish tizimi

Inson avtomobilni boshqaradimi yoki yo‘qmi, bortdagi yo‘lovchilar bilan hammasi joyida ekanini bilish foydali. Ford’da aynan shunday texnologiya hozir sinovdan o‘tkazilmoqda. Ruldagi sensorlar va datchiklar tufayli, shuningdek, xavfsizlik kamarlari sabab, avtomobil salonda bo‘lganlarning hayot parametrlarini doimiy ravishda kuzatib boradi.

Bu nega kerak? Birinchidan, bu haydovchi charchaganini bilish va unga to‘xtashni taklif qilish uchun yaxshi usul. Ikkinchidan, bu bortdagi kutilmagan vaziyatlardan ogohlantirish imkoni. Uchinchidan esa, avtopilot texnologiyasi bilan birlashganda, bunday tizim haydovchi bilan yurak xuruji kabi ko‘ngilsiz holat yuz berganda uni shifoxonaga olib borishga imkon yaratadi.

BMW’dan sensorli gologrammalar

Bu «texnologiya uchun texnologiya» kabi tasavvur uyg‘otishi mumkin, biroq aslida hammasi bunday emas. Umuman olganda, bu hozirda 7-seriyadagi BMW’da qo‘llanilayotgan imo-ishoralar bilan boshqarish tizimi rivojidir. Bu yerda u gologramma yordamida «real holat»ga ham ega.

Uning yordamida haydovchi nafaqat havoda tushunarsiz shakllarni chizadi, balki qo‘l ostida paydo bo‘ladigan virtual tugmalarni bosadi. Kamera hamda sensorlar «tegish nuqtalari»ni qayd etadi, bu xatoga yo‘l qo‘yish ehtimolini kamaytiradi. Gologrammalar haydovchiga juda yaqin masofada paydo bo‘lishi hisobga olinsa, ularga cho‘zilish talab etilmaydi. Demak, avtomobilni boshqarish ham xavfsiz bo‘ladi.

Volvo’dan energetik kuzov panellari

Hozirgi elektromobillardagi eng asosiy kamchilik akkumulyatorlardir – og‘ir, uzoq quvvat oluvchi. Biroq vaziyat yaqin 10 yilda o‘zgarishi mumkin - Volvo kompaniyasi maxsus energiya to‘plovchi kuzov panellarini ishlab chiqmoqda, ular an'anaviy batareyalardan yengilroq, hajmi ko‘proq bo‘ladi va tezroq quvvat olishi mumkin.

Panelda polimerlar asosidagi batareya bloklari integratsiyalashadi, ular ugleplastik bilan qoplangan – u avariya ro‘y beradigan bo‘lsa, batareyalar buzilishiga yo‘l qo‘ymaydigan darajada mustahkam. Bunday panellar energiyani turli usullar bilan yig‘ishi mumkin.

Avtopilotlar

Hozir aynan ushbu texnologiya barcha avtomobil ishlab chiqaruvchilarda ustuvor bo‘lib turibdi: Audi, Volvo, Mercedes, BMW, Tesla, Hyundai. 5-10 yildan so‘ng mashinalar haydovchisiz ham yurishi mumkin bo‘ladi.

Hozircha esa transport vositalari avtomat ekanining maxsus shkalasi bor, bu yerda 0 – avtomobil butunlay inson tomonidan boshqariladi, hamda 5 – inson rulda o‘tirishi mumkin, mashina o‘z xatti-harakatida butunlay mustaqil. Yetakchi avtomobil brendlari hozirda avtonomlikning to‘rtinchi pog‘onasini o‘zlashtirishga o‘tishmoqda. Demak, avtopilotlardan ommaviy foydalanish vaqti hali oldinda – ba'zi yuridik va boshqa muammolarni hal etish qoldi. Masalan, kompyuter kimni qutqarishi lozim – yo‘lovchinimi yoki piyodani...

 

Mavzuga oid