O‘zbekiston | 11:40 / 02.03.2018
133313
5 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘be fojiasidan omon qolgan yigit o‘zi ko‘rgan dahshatlarni bayon etdi 

Foto: Darakchi

2018 yil 18 yanvarda Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan, 52 o‘zbekistonlikning fojiasiga sabab bo‘lgan mudhish halokatdan omon qolgan Ahror Isakov bilan suhbat “Darakchi” gazetasida e'lon qilindi.

— Ahrorbek, o‘sha kungi fojia qanday yuz bergandi?

— O‘sha kuni kechasi juda qattiq sovuq bo‘lgandi. Solyarka muzlab, elektr tizimi ham izdan chiqqan ekan. Yo‘lda yong‘indan sal avval, to‘xtab qolgan yana bitta avtobusni ko‘rgandik. Ko‘p o‘tmay biz ham to‘xtadik. “Endi nima qilamiz?” deb so‘rasak, haydovchilar “boshqa avtobusni kutamiz” deyishdi. Ertalab hamrohlarimiz bilan yaqin oradagi yemakxonada nonushta qildik. Men avtobusning old o‘rindig‘ida haydovchilar yonida o‘tirgandim... Ko‘zim ilingan ekan. Kuchli shovqindan uyg‘onib ketdim. Qarasam avtobus alanga ichida qolgan, mening ham kiyimlarim o‘t tushib yona boshlagandi. Jon holatda o‘zimni pastga otdim. Nima bo‘layotganini anglagan paytimda avtobus butkul o‘t ichida qolgandi.

— Yong‘in nimadan chiqqan?

— Avtobusning ichi juda sovib ketgandi. Shuning uchun hamrohlarimiz salonni kavshar lampa bilan isitardi. Yong‘in chiqqan paytda men uyquda bo‘lganman. Avtobusda besh litrli kanistrda benzin bo‘lgan. Uning og‘zi ochiq bo‘lgan. O‘sha kanistrdagi benzin yonib ketgach, butun avtobus o‘t ichida qolgan.

— Odamlar jonini qutqarishga urinmadimi?

— Avtobus ikki qavatli edi. Yo‘lovchilarning hammasi ikkinchi qavatda edi. Eshik qulflanib qolganda farg‘onalik bir akamiz (Adhamjon Ma'rifjanov) ham oldinda o‘tirgan edi. U o‘g‘li (Avazbek Ma'rifjonov) bilan birga chiqqandi. Yong‘in chiqishidan oldin o‘rnini haydovchiga bo‘shatib berib, o‘g‘lining yoniga orqaga o‘tib ketgan. O‘g‘lining adyoli bor ekan. O‘zimning jiyanim ham olov ichida qolib ketdi. U o‘g‘lini qutqargani orqaga, olov ichiga o‘zini urdi. Yong‘in chiqqanda hamma o‘zini orqa eshikka urgan. Avtobus eshiklari havo bilan yopilgani uchun yong‘in paytida ishdan chiqqan, orqa va o‘rta eshiklar qulflanib qolgan ekan.

— Sizlar avtobusdagilarni qutqarishga harakat qildinglarmi?

— Albatta! Birinchi navbatda avtobusning orqa eshiklarini ochmoqchi bo‘ldik. Eshiklarni ochib bo‘lmadi. Keyin avtobus oynasini sindirishga narsa qidirish uchun tosh qidirdim. Aksiga olib yerda bittayam tosh yo‘q. Faqat avtobusdan o‘t o‘chirish moslamasi – ognetushitel qo‘limga tushib qolgandi. Avtobusning ikkinchi qavati oynasiga ikki-uch marta haligi moslamani otdim. Avtobus haydovchisi ham urinib ko‘rdi. Ammo oynalar juda qattiq bo‘lgani uchunmi, sindirishning iloji bo‘lmadi.

— Avtobusda janjal chiqqan, yo‘lto‘sarlar avtobusni qo‘lga olgan, degan gaplar chiqqandi.

— Bular hammasi uydirma. Bolalar ichib janjal chiqaribdi, degan gaplarni eshitdik. Unaqa bo‘lmagan. Hech kim ichmagandi. Hech kim janjal chiqargani yo‘q. Hech kim qo‘lga tushirgani ham yo‘q.

— Atrofdan hech kim yordamga kelmadimi?

— Yaqin atrofda odam yashamasdi. Bitta avtobus kelib to‘xtadi. Lekin bu paytda yordam berishning imkoni qolmagandi. Bir-bir yarim soatda qutqaruvchilar yetib kelishdi.

— Qo‘shni mamlakatda sizga qanday munosabatda bo‘lishdi?

— Yaxshi. Qo‘ldan kelgancha yordam berishdi. Hech qanaqa ortiqcha gap-so‘z bo‘lgani yo‘q. 28 yanvar kuni O‘zbekiston chegarasidan o‘tdik. 29 yanvarda uyga kirib keldik. Haligacha o‘zimga kelolganim yo‘q. O‘t ichida qolgan hamrohlarim haligacha ko‘z oldimdan ketmaydi. Ularni Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin.

— Shaxsiy rejalaringiz qanday?

— Hozircha uy ishlari bilan yuribman. Tez orada o‘zimizdan biror yaxshiroq ishga joylashmoqchiman. Yaqinda “Toshkent-Siti” qurilishi boshlandi. Quruvchilikdan yaxshigina xabarim bor. Qo‘limdan ish keladigan boshqa tanishlarim ham bor. Agar o‘sha yerda ish topib berishsa, borib yurtimizdagi bunyodkorlik ishlariga biz ham hissa qo‘shsak degan niyatda edim...

Mavzuga oid