O‘zbekiston | 20:24 / 20.05.2025
2926
3 daqiqa o‘qiladi

Sergeli va Yunusobodni tezyurar avtobus yo‘lagi bog‘laydi. Loyiha qiymati – 50 mln dollar

Toshkentda yo‘l o‘rtasidan o‘tuvchi tezyurar avtobus yo‘lagi (BRT) Yangi Sergeli, Shota Rustaveli, Shahrisabz va Amir Temur ko‘chalari bo‘ylab o‘tadi. Loyiha qiymati 50 mln dollarga baholangan. Bu – Xitoy kompaniyasi bilan tuzilgan 1 mlrd dollarlik kelishuvning bir qismi bo‘lib, bitimning kamida yo‘l qurishga oid qismi (300 mln dollar) bo‘yicha xarajatlar 7 yil davomida davlat budjetidan qoplanadi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

20 may kuni Toshkent shahar hokimiyatida Shota Rustaveli ko‘chasini kompleks rekonstruksiya qilish, ko‘cha o‘rtasida tezyurar avtobus yo‘lagi (BRT) tashkil etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda hokimiyat, “Toshkent invest” kompaniyasi va bosh pudratchi China State Construction Engineering korporatsiyasi mas’ullari ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, poytaxt ko‘chalaridagi yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash loyihasi jami 300 mln dollarga baholangan bo‘lib, bu borada China State Construction Engineering bilan shartnoma tuzilgan.

Shartnoma doirasida Shota Rustavelidan tashqari, yana 3 ta: Yangi Sergeli, Shahrisabz va Amir Temur ko‘chalarida BRT (bus rapid transit), ya’ni avtobuslar yo‘lning o‘rtasidan tezkor harakatlanishi uchun maxsus yo‘laklar quriladi. Buning uchun 50 mln dollar sarflanadi.

Bu 4 ta ko‘cha uzluksiz transport arteriyasini hosil qiladi: Sergeli tumanining aholi eng zich joylashgan nuqtalaridan boshlanib, Yunusobod tumani markazigacha davom etadi.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, China State Construction Engineering korporatsiyasi kiritadigan investitsiya mablag‘lari 7 yil ichida davlat budjeti hisobidan xitoylik tadbirkorlarga to‘lab boriladi. Bunda qoplash muddati sarf qilinish muddatidan boshlanishi aytilmoqda.

Anjuman davomida rasmiylar nima sabab tendersiz bu kompaniya tanlab olingani haqidagi savolga javob berishmadi.

Hokimiyat BRT tizimi qilinadigan 4 ta ko‘chaga oid loyiha chizmalari, taqdimotlarini Kun.uz'ga taqdim qildi. Loyiha haqida batafsil sharh Kun.uz tayyorlaydigan keyingi materialda e’lon qilinadi.

Piyodalar o‘tish joyi yo‘l sathidan ko‘tarilgan bo‘lishi reja qilingan.
Loyihada velosiped yo‘lagi avtomobil yo‘lidan jismonan ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oyida Toshkent shahar hokimligi China State Construction Engineering korporatsiyasi bilan salkam 1 mlrd dollarlik shartnoma imzolagan.

Kelishuv 300 mln dollarga poytaxt yo‘l infratuzilmasini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash, 259 mln dollarga ko‘priklarni loyihalash va qurish, 440 mln dollarga yirik turar joy majmuasi qurishni ham ko‘zda tutadi.

Shahar hokimiyati 300 mln dollardan tashqari, qolgan summalar ham davlat tomonidan qoplanadimi yoki yo‘q, ochiqlamadi. Shartnomalarga asosan talablar o‘zgarishi aytilmoqda.

Mavzuga oid