Nursulton Nazarboyevdan besh ijtimoiy tashabbus
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Ostonada parlamentning qo‘shma majlisidagi nutqida ijtimoiy modernizatsiyaga qaratilgan 5 tashabbusni bildirdi.
Birinchi tashabbus – uy-joy sotib olish uchun yangi imkoniyatlar
Bu tashabbusga ko‘ra, “7-20-25” nomli dasturni joriy qilish taklif qilinmoqda. Nazarboyevning aytishicha, har bir qozog‘istonlik quyidagicha shartlar bilan ipoteka kreditini olishi mumkin: kredit foizi hozirdagidek 14-16 foiz emas, yiliga 7 foizdan oshmaydi. Bugungi kunda banklar 30 foiz, ba'zan esa 50 foiz miqdorida dastlabki to‘lovni so‘rayotgan bo‘lsa, bu dastur bo‘yicha ushbu qiymat 20 foizdan oshmasligi kerak. Kreditni to‘lash muddati oylik to‘lovlar miqdori kamroq bo‘lishi uchun 10-15 yil emas, balki 25 yilni tashkil qiladi.
Ikkinchi tashabbus – past maosh oluvchi ishchilarga soliq miqdorini kamaytirish
Nisbatan past maosh oluvchi qozog‘istonliklarga soliq miqdorini 10 barobar kamaytirish taklif qilinmoqda.
Uchinchi tashabbus – oliy ta'limga ega bo‘lish va uning sifatini oshirish
Bu maqsadga erishish uchun har yilgi 54 ming grantga qo‘shimcha 20 ming grant ajratish kabi choralar taklif qilingan.
Nazarboyev ta'lim va fan vaziriga 2022 yilgacha 75 ming o‘rindan kam bo‘lmagan talabalar yotoqxonalari qurishni boshlash topshirig‘ini bergan.
To‘rtinchi tashabbus – mikrokreditlashni kengaytirish
Nazarboyev o‘tgan yilga nisbatan mikrokreditlashni 20 mlrd tangaga oshirishni buyurdi.
“Shu tariqa, umumiy summa yiliga 62 mlrd tangani tashkil qiladi. Natijada o‘z ishini boshlaydiganlar soni 2 barobar ko‘payib, 14 ming nafarga yetadi”, deb aytgan Qozog‘iston prezidenti.
Uning aytishicha, o‘z ishini ochish uchun katta mablag‘ shartmas.
Beshinchi tashabbus – mamlakatni gazlashtirish
Qozog‘istonda mustaqillik yillarida gaz qazib olish hajmi yiliga 8 mlrddan 1000-2000 mlrd kubmetrgacha yetgan va bu raqam har yili o‘sishda davom etadi.
“Bugungi kunda mamlakatda gazlashtirish darajasi 50 foizni tashkil qiladi. 9 ta viloyat, asosan g‘arbiy va janubiy hududlar gazlashtirilgan. Shu bilan birga markaziy va shimoliy viloyatlar hamon gazsiz qolmoqda”, deb aytgan Nazarboyev.
Bu masalani hal qilish uchun Qarao‘zek-Jyezqazg‘an-Qarag‘anda-Temirtau-Ostona yo‘nalishi bo‘yicha magistral gaz quvuri qurish taklif qilinmoqda.
“Bu 2,7 mln kishini gaz bilan ta'minlashidan tashqari, mamlakatning ekologik holatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi”, deb ta'kidlab o‘tgan Nazarboyev.
Mavzuga oid
20:59 / 18.11.2024
Qozog‘istonda Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik yuk avtomobillari uchun yopildi
15:13 / 18.11.2024
O‘zbekiston va Qozog‘iston ta’limda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishni muhokama qilyapti
15:25 / 14.11.2024
Qozog‘istonda Kaspiy dengizi sohilidan mingdan ortiq o‘lik tyulenlar topildi
21:23 / 13.11.2024