O‘zbekiston | 19:50 / 07.03.2018
7928
3 daqiqa o‘qiladi

Bayram kunlari mehmonxonalarda 50 foizli chegirma e'lon qilinadi

18-22 mart kunlari (GoldenWeek - "Oltin haftalik") sayyoh guruhlar sonidan kelib chiqib, O‘zbekistondagi mehmonxonalarda 50 foizgacha chegirmalar e'lon qilinadi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi shu haqida xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Rasmiy sanalarni bayram qilish davrida qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilash va 2018 yilda dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi.

Ushbu dam olish kunlarini mazmunli o‘tishini ta'minlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududlaridagi mehmonxonalar bilan birgalikda O‘zbekistonning barcha hududlarida 18-22 mart kunlari sayyoh guruhlar sonidan kelib chiqib, mehmonxonalarda 50 foizgacha chegirmalar e'lon qiladi. 

Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining «Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Oʻz DSt 3220:2017 «Turizm xizmatlari. Mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalari. Tasniflash tizimi»ga doir davlat standarti ishlab chiqildi.

Standart manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan, turizm sohasida standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita tomonidan ma'qullangan va O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi («O‘zstandart» agentligi)ning 07.02.2018 yildagi 08-925-sonli qarori bilan tasdiqlangan. Ushbu standart mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalarini tasniflash tizimini belgilaydi va GOST 28681.4.-95 o‘rniga qo‘llaniladi.

Mazkur standart mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalarini tasniflash tizimini, shu jumladan tutash hudud, binolar, xonalar, nomerlar, texnik jihozlar va asbob-uskunalar, xodimlar, axborot ta'minoti, joylashtirish vositasi xizmatlariga doir talablarni belgilaydi.

Standartni ishlab chiqish vaqtida mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalariga doir umumiy (minimal) talablarni belgilovchi Oʻz DSt 3220:2017 ga binoan joylashtirish vositalariga doir amaldagi talablar hisobga olingan, amaldagi eski standartdan farqli ravishda mehmonxonalar va motellarning emas, balki apartotellar, apartamentlar majmui (qarorgohlar), lyuks nomerli mehmonxonalar, spa-mehmonxonalar, butik-otellar va boshqa o‘xshash joylashtirish vositalarining ham tasniflanishini hisobga oladi.

Ushbu standartni amalga joriy qilish sanasi - 2018 yil 1 avgust. Shu sanadan boshlab standart talablari, turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish organlari tomonidan sertifikatlashtirish va inspeksiya nazoratini o‘tkazish maqsadida va turli mulkchilik shakliga ega korxonalar tomonidan mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish vaqtida qo‘llash uchun majburiy bo‘ladi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid