Sport | 16:00 / 07.03.2018
24465
8 daqiqa o‘qiladi

Qirol va masxaraboz. «PSJ» yana pley-offda yutqazdi

6 mart oqshomida «PSJ» «Real»ga o‘z maydonida ham yutqazdi va Chempionlar ligasining pley-offida birinchi bosqichdanoq chiqib ketdi. Transferlar uchun millionlab yevro sarflagan jamoa Zidan boshchiligidagi yulduzlarga qarshi chora topa olmadi. Krishtianu turnirda qatorasiga to‘qqizinchi o‘yinda gol urdi va van Nistelroyning rekordini takrorladi.

«PSJ» - «Real» - 1:2 (0:0)
Gollar: Krishtianu Ronaldu, 51 (0:1). Kavani, 71 (1:1). Kazemiru, 80 (1:2).  
«PSJ» (Parij): Areola, Dani Alves, Markinyus, Tiagu Silva, Berchiche, Verratti, Tiagu Motta (Pastore, 59), Rabo, Di Mariya (Draksler, 76), Kavani, Mbappe (Diarra, 85).
«Real» (Madrid): Navas, Karvaxal, Serxio Ramos, Varan, Marselu, Vaskes, Kazemiro, Kovachich (Kroos, 71), Asensio (Isko, 82), Benzema (Beyl, 76), Krishtianu Ronaldu.
Ogohlantirishlar: Verratti, 20. Kovachich, 32. Serxio Ramos, 78. Kavani, 84.  
Chetlatish: Verratti, 66 (ikkinchi sariq kartochka).  
Hakam: Brix (Germaniya).
6 mart. Parij. «Park de Prens» stadioni.
Birinchi o‘yin - 1:3.

Bebaho orzu
Yozda sharqdan esgan issiq shamol «Barselona»ning transfer rejalarini barbod qildi va bu shamol ortga Neymar bilan qaytdi. 222 million yevro evaziga xarid qilingan braziliyalik futbolchi parijliklar tojining eng tepasida porlashi kerak edi, qatarlik shayxlar bir necha yildan buyon Chempionlar Ligasida g‘olib chiqishni orzu qilmoqda. Ular qimmatbaho toshlar uchun pullarni ayamayapti, Neymardan tashqari boshqa futbolchilar ham sotib olindi, yozgi transferlarga jami 418 million yevro sarflandi (Mbappe uchun 180 mln shu yil yozida to‘lanadi). Sayqallash ishlari a'lo darajada olib borildi, endi toj kiydirish marosimini o‘tkazish qolgandi.

Olmosning yo‘qolishi


Jamoa Chempionlar ligasi nimchorak finaliga yetib keldi. Lekin «Qirollik klubi» turganida «Shahzodalar xiyoboni» («PSJ» stadioni) mezbonlariga kim toj kiydirardi? Parijliklarning guruh bosqichidagi o‘yinlari hisobmas. «Real» bilan o‘yingacha bo‘lgan bosqich - tayyorlanish edi, bu o‘yinlar simulyatordagi o‘yinlarga o‘xshardi. Agar Madriddagi o‘yinda g‘alaba saqlab qolinganida parijliklar orzu sari yana bir qadam tashlagan bo‘lardi, agar Parijda kerakli hisobda g‘alaba qozonilganida bu qadam baribir tashlangan bo‘lardi. Ammo eng kerakli vaqtda «Shoh» olmos tojdan sirg‘alib tushdi - bir hafta muqaddam Neymar tovonini jarohatlab oldi va 2 oyga safdan chiqdi.

Neymarning safdan chiqishi «PSJ»da deyarli imkoniyat qoldirmadi. Madridda kechgan o‘yinda faqat uning individual harakatlari yodda qolgandi, javob uchrashuvida esa shu ham bo‘lmadi. 1:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin javob uchrashuvida kerakli natijaga erishish uchun mukammal jamoaviy o‘yin ko‘rsatish talab etilardi. O‘yindan avval parijlik muxlislar jamoasiga yordam berish maqsadida «Real» futbolchilari joylashgan mehmonxona oldida to‘polon uyushtirishdi. Parijda urush kayfiyati hosil qilindi, ammo futbolchilarga bu yordam bera olmadi.

116-yillik tarix
Agar jamoa safardan durang bilan qaytganida «PSJ» Neymarsiz ham natijaga erishishi, Neymar o‘rnini zaxira futbolchilaridan biri bosib, «Real»ni qarshi hujumlarda «tutishi» mumkin edi. Ammo «PSJ» yutqazgandi va himoyaga ko‘proq e'tibor qaratayotgan, bo‘sh zonalar qoldirmagan jamoaga hujum qilishga majbur bo‘ldi. 

«Real» barcha muhim o‘yinlarda bo‘lgani kabi yuqori pressing uyushtirdi, jamoaning xato transferi deb qaralgan Mateo Kovachich raqibdan to‘pni olib qo‘yar, oldinga harakatlanar va to‘pni jamoadoshlariga to‘g‘ri uzatib berardi. Kazemiro ham hujumlarni to‘sishda xato qilmadi, Lukas Vaskes qora ishlarni a'lo darajada bajardi, qanotlarda harakatlangan Marselo va Asensio o‘zlariga e'tiroz uchun o‘rin qoldirishmadi.

Bunday pressingda «PSJ» o‘yini sochilib ketdi. Mezbonlar to‘p bilan juda kam vaqt muomala qilishdi, 14-daqiqada Marko Verratti qarshi hujum uyushtirish uchun ajoyib imkoniyatni yo‘qqa chiqargach, jamoa faqat uzun paslardan foydalanishga o‘tib oldi, «PSJ»ning birinchi zarbasi jarima nuqtasidan Anxel Di Mariya tomonidan berildi.

Bir yil muqaddam Barselonada faoliyatidagi eng yomon o‘yinlardan birini boshdan kechirgan Emeridan bu safar jamoasi bilan o‘shanda «Barselona» ko‘rsatgan irodani namoyish etishi talab etilardi. Fransiya chempionatida yakkapeshqadam bo‘lgan, barcha turnirlar doirasida qatorasiga 19 o‘yinda g‘alaba qozonib kelayotgan «PSJ»dan kuchli o‘yin kutilgandi. Ammo 6 mart kuni 116 yillik tug‘ilgan kunini nishonlagan «Real» kuchliroq o‘yin namoyish etdi. Areola birinchi bo‘limda jamoasini ikkita muqarrar goldan saqlab qoldi, Ramos va Benzema gol urishga juda yaqin kelishdi. Jamoa himoyasi ham yaxshi harakat qildi, ammo hujumda Mbappe va Kavanining o‘yini ochilmadi. Ikkinchi bo‘lim boshidayoq Ronaldu hisobni ochdi va vazifani yanada qiyinlashtirdi.

«PSJ» umidni yo‘qota boshlagach, jamoaning taktik jihatdan kuchsizligi ayon bo‘la boshlagach, futbolchilarda psixoz holati yuzaga kela boshladi. Marko Verratti birinchi bo‘limda Kovachichga qo‘pollik qilganida sariq kartochka olgandi, ikkinchi bo‘limda o‘ziga ishlatilgan kichik foldan keyin o‘yin hakami Feliks Brixga raqibni jazolamagani uchun baqira boshladi va hakam darhol unga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi.

Shundan keyin maydon markazida Adriyen Rabo yolg‘iz qoldi, jamoa ba'zi vaziyatlarda 6 kishi bo‘lib himoyalanishga majbur bo‘ldi, Kavanining goli o‘yinga intriga qaytara olmadi, «PSJ» himoyasi naqadar ayanchli ahvolda bo‘lmasin, bechora Benzema vaziyatlarni ko‘kka sovurib, vatandoshlariga yordam berib turdi, ko‘p o‘tmay Kazemironing golidan keyin tribunalar fayyerlarning tutuniga to‘lib ketdi.

Endi «PSJ» Zidanni Parijga olib kelish ustida ish boshlashi mumkin.

Emerining vaqti tugadi


Hujum chizig‘i uchun qariyb yarim milliard yevro sarflash yetarli bo‘lmadi. Toj charaqlashi uchun uni olmoslar bilan bezatish yetarli bo‘lmadi. Tojni qo‘lda tutib turish uchun kuchli raqib qarshisida qaltiramaslik kerak edi. Emerida g‘oliblik ruhiyati bor, lekin bu g‘alabalar Yevropa Ligasida bo‘lgan va bu daraja o‘zini ko‘rsatib qo‘ydi. U ikkinchi mavsumdirki ishonchni oqlamayapti, ko‘rinib turibdiki, jamoa psixologik muammolar tufayli yutqazmoqda, ko‘rinib turibdiki, uni iste'foga chiqarish vaqti kelgan. Uning boshqaruvidagi «PSJ» Qatar sahrosidagi sarob bo‘lib chiqdi. Bu sarob «Park de Prens» o‘yingohidagi tutunlar orasida yo‘qoldi.

Sarflangan pullar - shamolga uchgan pullar bo‘lib chiqdi. Endi yangi dovul turishi kerak bo‘ladi. Endi jamoaga Anchelotti darajasidagi tajribali va ruhshunos yoki Simeone darajasidagi qattiqqo‘l murabbiyni olib kelish kerak bo‘ladi. «PSJ»dagi vaziyat shundagina o‘zgarishi mumkin.

Aziz Qarshiyev

Mavzuga oid