O‘zbekiston | 11:52 / 07.03.2018
31032
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik yuzdan ortiq san'atkor Dushanbega yetib keldi

Foto: City24

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK charter reysi bilan Dushanbega 6 mart kuni o‘zbekistonlik 100dan ortiq san'atkor yetib keldi. Ular 9 mart kuni kechqurun Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi “Do‘stlik kechasi” konsertida ishtirok etishadi. Bu haqda AP xabar bermoqda.

O‘zbekistonlik san'atkorlar orasida Yulduz Usmonova, Sherali Jo‘rayev, Farrux Zokirov, Ozodbek Nazarbekov borligi aytilyapti.

Tojikistondan konsertda, kutilishicha, taniqli xonandalar Davlatmand Xolov, Nigina Omonqulova, Rustam Duloyev, «Shashmaqom» ijrochilari, raqs guruhlari qatnashadi.

Kontsertga ikki davlat rahbaridan tashqari, O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi a'zolari, Tojikiston hukumati va parlamenti a'zolari, jamoatchilik vakillari tashrif buyuradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi haqida rasmiy ma'lumot berilgandi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 2018 yil 9-10 mart kunlari davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘ladi. Oliy darajadagi muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning o‘zaro tashriflarini osonlashtirish masalalari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha prezidentlarning Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston - Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risida shartnoma, Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan jami 25dan ortiq hujjat imzolanishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid