Jamiyat | 00:41 / 14.03.2018
30594
6 daqiqa o‘qiladi

Haj masalasida shikoyat qilgan murojaatchining muammosi ijobiy hal etildi

KUN.UZ tahririyatiga Samarqand viloyati Jomboy tumani Nazar qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Muhabbat Sattorovadan murojaat kelib tushdi. Muhabbat ayaning yozishicha, Haj-2018 bo‘yicha eru xotin ariza topshirganlariga qaramay, tuman ishchi guruhi turmush o‘rtog‘ini tavsiya ruyxatiga kiritgan, ammo barcha talablarga javob berishiga qaramay, u mazkur ro‘yxatga kiritilmagan. Biz masala mohiyatini tushunish uchun dastavval murojaatchi bilan uchrashdik.

Murojaatchining aytishicha, Hajga boruvchilarni tanlab olishda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizom talablari buzilgan. Nomzodlar noto‘g‘ri tanlab olingan. Garchi, u turmush o‘rtog‘i Sattarov Samad bilan birga ariza topshirib, tuman ishchi komissiyasi bilan bo‘lib o‘tgan ilk suhbatda ularga ruxsat berilishi aytilgan bo‘lsa-da, tavsiya etilganlar ro‘yxatida Sattarova Muhabbatning ism-sharifi tushirib qoldirilgan. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyunda qabul qilingan “Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 364-son hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi “Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 1031-son qarori bilan tanishib chiqdik

Xo‘sh, VMning 364-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, Hajga boruvchilarga qanday qo‘shimcha talablar qo‘yiladi?

Bu savolga Nizomning 28-2-bandida javob berilgan: 

«Haj» tadbiriga borishga navbatga qo‘yiladigan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim: 
a) nomzod moddiy va jismoniy jihatdan «Haj» tadbiriga qodir bo‘lishi; 
b) «Haj» amallarini to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etishi uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi; 
v) nomzod ma'naviyati, ma'rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e'tiborga ega bo‘lishi; 
g) oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalla fuqarolar yig‘inidagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilashda ibrat bo‘la olishi; 
d) yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishi, mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkaziladigan xayriya tadbirlarida ishtirok etishi; 
ye) ushbu Nizomning 46-bandi talablariga javob berishi (ya'ni tegishli yilda «Haj» va «Umra» tadbirlariga boradigan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirishda quyidagi qo‘shimcha shartlar inobatga olinishi lozim:  «Haj» tadbiriga bormoqchi bo‘lgan fuqaro «Haj» tadbiriga bormagan bo‘lishi; 
«Umra» tadbiriga bormoqchi bo‘lgan fuqaro so‘nggi ikki yil mobaynida «Umra» yoki so‘nggi besh yil mobaynida «Haj» tadbiriga bormagan bo‘lishi;

“Men Nizomning 28-2-bandida ko‘rsatilgan talablariga javob beraman. Farzandlarimni barchasini o‘qitdim. Hammasi uyli-joyli. O‘zim 40 yil mobaynida Jomboy tumani bosh shifoxonasida akusher-ginekolog bo‘lib ishladim. Bir necha yillar bo‘lim mudiri ham bo‘ldim. Dinimizning barcha arkonlarini o‘rgandim. Nafaqat mahallada, balki tumanda ham o‘zimizga yarasha obro‘yimiz bor. Chunki, turmush o‘rtog‘im ham 20 yil tumanda turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Eru xotin birga Haj ibodatini bajarimiz, deb niyat qilib 3 yildan buyon navbatda turar edik. Endi ishchi guruh turmush o‘rtog‘imni yuborib, meni qoldirishayapti. Sababi nima, desak, jo‘yali javob berishmaydi”, - dedi M.Sattorova biz bilan suhbatda. 

Biz masalaga yechim topish yoki Muhabbat opaning rad etilishining sababini bilish maqsadida Jomboy tuman hokimligida bo‘lib, yaqinda lavozimga tayinlangan hokim Umidjon Nazarov bilan uchrashdik. Nazarov mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida hokimning ma'naviyat-ma'rifat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sardor Luqmonov (tavsiya ro‘yxati avvalgi o‘rinbosar Sanjar Imomov tomonidan tuzilgan), tuman prokurori Aminjon Boymatov hamda tuman “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Ilhom Niyozovlarni taklif etdi.

Shundan so‘ng, U.Nazarov Samad aka Sattarov va turmush o‘rtog‘i Muhabbat opa Sattorovani qabul qilib, ularning shikoyatlarini tingladi. Birgalikdagi muhokamadan so‘ng, tuman hokimi imkon darajasida muammoni ijobiy hal qilishini bildirdi. 

Mazkur maqola yozilishi jarayonida muallif M.Sattarova, tuman hokimining o‘rinbosari S.Luqmonov hamda tuman prokurori A.Boymatov bilan telefon orqali bog‘landi. S.Luqmonov hamda A.Boymatovlarning bildirishlaricha, tumandan 2018 yilda Hajga borish uchun tavsiya qilinganlar ro‘yxatiga istisno tariqasida o‘zgartirilib, M.Sattorova 2018 yili Hajga boruvchilarning yakuniy tavsiyanomasiga kiritilgan. 

Mavzuga oid