Sport | 11:10 / 14.03.2018
25772
13 daqiqa o‘qiladi

Sportchilarni qanday saralash kerak? Olimpiya qo‘mitasi va vazirlikka takliflar

13 mart kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida Olimpiya zaxiralari kollejlari rahbariyati, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari boshliqlari, respublika sport federatsiya va assotsiatsiyalar rahbarlari ishtirok etishdi. Unda ko‘tarilgan asosiy masala bu olimpiya zaxira kollejining kelgusidagi faoliyati haqida bo‘ldi.

Oldindan aytib qo‘yay, MOQning bu ishini ma'qullayman. Nomidan ham ko‘rinib turgan olimpiyachilarga doimiy zaxira yetkazib berish uchun mo‘ljallangan kollejlarning bugungi darajasini talab darajasida deb bo‘lmaydi. Birgina sportdagi natijalarimiz orqali buni bilib olish qiyin emas. Ikki-uch sport turi bilan sohadagi tuynuklarni yopib, boshqalarni ayblaymiz. Shu ma'noda, MOQ va Jismoniy tarbiya va Sport vazirligining olimpiya zaxiralari kolleji, ularning qabul kvotalarini qayta ko‘rib chiqish, ortiqcha o‘rinlarni yo‘q qilish kabi masalalarni ko‘tarib chiqayotgani yaxshi. Lekin tanganing boshqa tomoni bor.

Umid Ahmadjonov hududlardagi kollejlarda ajratilgan kvotalar soni ko‘pligi, hech qanday natija bermayotgan turlarga, aslida boshqa sport turi bilan shug‘ullanayotganlarni ham majburlab o‘qitish holatlari kuzatilayotganini gapirdi. Xo‘p yaxshi. Lekin yechimga kelganda yana o‘sha yo‘lning boshqacharoq, ya'ni qisqartirilgan varianti tanlandi. Tushuntirishga harakat qilaman.

Aytaylik, Andijon olimpiya zaxiralari kollejida shu kungacha taxminan 15 nafardan bitta sport turi vakillari bo‘lgan bo‘lsa, ularning kutilgan natijani bermayotgani sabab kvotalar 10taga qisqartirildi (yoki 5taga, farqi yo‘q). Lekin savol tug‘iladiki o‘sha qolgan 10ta kvotaga ham munosiblar kiradimi? MOQ va sport bo‘yicha mas'ul rahbarlar muammoni ko‘tarishga ko‘tarib chiqishdiyu, yechimiga kelganda o‘sha eski yo‘nalishdan, faqat biroz o‘zgartirilgan yo‘ldan borishdi. Har bir hudud kollej rahbarlari va mas'ullaridan «falon sportdan nechta joy kerakligi» so‘rab chiqildi. Kimdadir ommaviyligi inobatga olinib, boks uchun o‘rinlar ko‘paytirildi, boshqa sportlarda qisqartirildi.

Menga eng g‘alati tuyulgan joyi baribir aniq sonlarda qolgani bo‘ldi. G‘alatida, sportga mas'ul rahbarlar kollejlardan misol uchun «suzishga nechta joy kerak», deb so‘rashyapti? Bu aslida «hududingdan qancha suzuvchi chiqadi?», degandek gapda aslida. Endi kollej rahbarini tasavvur qilib ko‘ring. Birinchidan, u bugun kollejda o‘qiyotgan bugungi sportchini tanishi mumkin, imkoniyatlarini ham bilar deylik. Lekin ertaga qanday sportchilar yetishib chiqish mumkinligini qayerdan bilsin? O‘sha sportga mas'ul federatsiya ham kafolat bera olmaydiku, ertaga qancha potensiali yuqori bo‘lgan sportchi chiqish mumkinligini? Balki 5tagacha qisqartirilgan o‘rin kamlik qilar, balki keyinchalik ham hatto o‘sha 5ta o‘ringa ham munosib bola chiqmasligi mumkinku? 

Professional sportchilarni tarbiyalab chiqarishda ularni hech qachon ma'lum raqamlar bilan cheklab bo‘lmaydi. 11 nafar yaxshi futbolchini chiqarish uchun 15 yoki 50 nafar futbolchining ichidan saralab olinishi mumkinmi, bunisi noma'lum. Ya'ni qaysidir futbol maktabiga 15 bola olaman, shularning ichidan 11 nafar yaxshisi chiqadi, deya olmaysizku? Balki 50 nafarining ichidan ham chiqmas.

Xitoy yozgi olimpiada o‘yinlarida muntazam ravishda ishtirok etib kelayotganiga endi 34 yil bo‘ldi. Solishtirish uchun, ular O‘zbekistondan ko‘p emas, 10 yil oldin to‘liq olimpiada ishtirokchisi sifatida ishtirok etmoqda. Lekin mana shu davrda, yoki 10 yil oldin Pekinda o‘tgan olimpiadada (muntazam ishtirokdan bor-yo‘g‘i 24 yil o‘tib) mamlakat 51ta oltin medalni qo‘lga kirita oladigan darajada katta sport derjavasiga aylana oldi. Albatta bugun sportimiz birdaniga Xitoy darajasiga chiqib qolish kerak demoqchi emasman, ular bilan taqqoslash niyatim ham yo‘q. Shunchaki, ular nisbatan qisqa muddatda bu darajaga qanday qilib chiqib olganini surishtirsangiz, ko‘p narsa topishingiz mumkin.

Aynan bugun butun dunyoda yetakchilar qatoriga kirib olgan Xitoy bu darajaga chiqishida eng asosiy ikkita jihat bor edi. Birinchi navbatda, hukumatning sportga e'tibori. Davlat rahbariyati sport uchun juda katta mablag‘lar ajratdi. Rivojlanishga hissa qo‘shadigan qanday moddiy yordam kerak bo‘lsa, barchasini qildi. Bu borada Xitoyga o‘xshashmiz. O‘zbekistonda ham davlat rahbarining shaxsan o‘zi sportga qanchalik e'tibor berayotganini, sharoitlar yaratilayotganini ko‘rib turibmiz. 

Xitoyliklarning shu darajaga chiqishdagi ikkkinchi ahamiyatga molik jihat, bu sportchilarning saralab olinishida edi. Mamlakat sporti rahbarlari o‘sha vaqtdayoq eng birinchi navbatda sport maktablariga qabul qilish talablarini keskin qiyinlashtiradi. Qat'iy talablar qo‘yiladi. Ma'lum kriteriyalar ishlab chiqiladi. O‘tgani yo‘lda davom etadi va shug‘ullanishda davom etadi. Demoqchi bo‘lganim, ular falon sport turida faloncha odam qabul qilinishi kerak demagan, aniq, olimpiadaga moslab talablar ishlab chiqilgan. O‘sha talablarni kim bajarsa, marhamat. U 5ta bo‘ladimi, yoki 1000tami farqi yo‘q. Eng asosiysi, sport prinsiplariga asoslangan sportcha normativ bo‘yicha talabni bajargan bo‘lishi kerak.

Shu ma'noda MOQ va vazirlikka o‘z taklifimni bermoqchi edim. Katta islohotlar boshida turibsiz. Demak, katta o‘zgarishlar qilishga kuchingiz ham, xohishingiz ham yetarli. 

1. Barcha hududlar bo‘yicha har bir sport turida yagona talablarni ishlab chiqish kerak. Oddiy misol, olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun, suzuvchi ma'lum natijani qayd etishi kerak. Aniq bo‘lgan vaqt normasi bor. Olimpiya zaxiralari kollejiga qabulda ham xuddi shu tizimni joriy qilish kerak. Suzish bo‘yicha ROZKda o‘qimoqchi bo‘lgan talabgor, misol uchun 50 metr masofani qanchadir soniyada bosib o‘tishi kerak, 100 metrda buncha, og‘ir atletikachi vazniga qarab ma'lum kg vaznni ko‘tarsin (albatta bunda ham olimpiadada ishtirok eta oladigan potensial o‘lchov olinishi kerak) va hokazo. Albatta balki olimpiada talabi kollej uchun yuqoriroq deb hisoblansa, normativlar biroz pasaytirilishi mumkin. Aslida pasaytirilmagani ham ma'qul, sababi olimpiada talabini bajara olmaydigan sportchilarni o‘qitishdan naf yo‘q. Kollejga kirish yoshida olimpiada talabini bajara olsa, o‘qishi davomida yanada o‘sib medallar uchun kurasha oladigan darajaga chiqa olishi mumkin. Yuqorida aytganimiz Xitoyda suzish bo‘yicha yoshlar jamoasiga saralab olinadiganlardan aynan kattalar olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi normativlar talab qilinar ekan. O‘sha normativni yoshligidayoq bajara olgan sportchidan kelgusida medal kutish va bu medalni qo‘lga kiritishi ham tabiiy holat.

O‘z oldimizga yuksak maqsadlarni qo‘yar ekanmiz, boshida qiyinchiliklar bo‘lsada, talablarni oshirishimiz shart. Oddiy misol, futbolda klublar futbolchilari uchun ham alohida normativlar joriy qilinib, boshida qanchadan-qancha futbolchilar ko‘rikdan o‘ta olishmadi. Lekin qayta ko‘riklardan o‘tishgandirki, ko‘pchiligi superligada to‘p surmoqda. Aslida bu klublar ishiga aralashish bo‘lsada, qaysidir ma'noda terma jamoani o‘ylab qilingani ham to‘g‘ri. Boshqa sport turlarida esa hech qanday klub faoliyatiga aralashish ham bo‘lmayapti. Potentsial O‘zbekiston sha'nini himoya qilishi kerak bo‘lgan sportchi, yurtning ertangi bayroqdori tanlab olinyapti. Talab ham shunga yarasha bo‘lishi kerak.

O‘zi shundoq ham normativlarimiz borku, osongina kirib qolmaydi, dersiz. Lekin men aytmoqchi bo‘lgan talablar qat'iyligi bilan birga cheklovlardan ham xoli. Sportchi yugurish, turnikka tortinish shu kabi boshqa turlar bo‘yicha odatiy imtihonlarni topshiraversin. Bu ham zarur albatta. Ammo asosiy o‘zining sport turiga kelganda qattiqroq talabni bajarsin. Bajarsa marhamat, imtihondan o‘tsin. Omad.

2. Yuqoridagi talablarning barchasi respublikada yagona tizimga birlashtirib chiqilishi kerak. Ya'ni, «Andijonga 3 nafar akademik eshkak eshishchi, Termizga 5 suzuvchi» emas. Hamma qat'iy talablarni bajarganlar o‘tsin. Kvotalar soni emas, potensial sportchilar, olimpiada talabiga javob beradigan sportchilar o‘tsin. Misol uchun, butun O‘zbekiston bo‘yicha 50ta baydarkachi talabni bajardi. Qolgani bajara olmadi. Aynan o‘sha 50 sportchi endi qaysi hududda ekaniga qarab, o‘sha kollejda o‘qisin. Savol tug‘ilishi mumkin. Farg‘onadan bittagina o‘tsa, uning uchun ham alohida ochiladimi, deb. Yo‘q. Andijondan sinovni bajargani, Namangandan sinovni bajarganlari qo‘shilib misol uchun 5 sportchi o‘tgan bo‘lsa, hududning imkoniyatiga qarab ular uchun vodiydagi bitta hududda o‘qisin. Navoiydan 10ta suzuvchi talabni bajara oldimi, marhamat Navoiyga 10ta kvota berilsin. Buni hamma sport turiga moslab olishingiz mumkin.

Demoqchi bo‘ganim, bugun kollej talabga javob bermay qoldi, deya uni qisqartirish uchun, uni qanchaga qisqartirish mumkinligini bilib olishimiz muhim. Hudud mas'ulini savolga tutib, «senda 10ta edi, natija bermadi, 5taga qisqartiramiz», degan bilan o‘sha beshta sportchi zo‘r bo‘lib qolmaydi. Yoki kelgusi yili o‘sha 10 sportchi natija bermagan turdan o‘sha hududda yangi 15 nafar zo‘r, iqtidorli bola chiqib qolishi mumkinliginiyam hech kim inkor eta olmaydi. Ya'ni, kvotalarni har qanday holatdayam o‘zaro kelishib taqsimlagan bilan, biz aytmoqchi bo‘lgan o‘zgarishlarni qila olmaymiz. 

Bir paytlari Jizzaxdan ajoyib boks maktabi yetishib chiqqandi. Respublikada ular Andijondan ham o‘tib ketgan. Lekin bugun terma jamoaga qarasangiz, boshqa hudud vakillari ko‘proq ekanini ko‘rasiz. Avlodlar almashinuvi degan narsa bor. Bugun 70 nafar bokschi berayotgan Andijon ertaga uloqni boshqa hududga berib qo‘yishi, qanchadir muddatda buni qaytarib olishi yoki olmasligi mumkin. 

Kvotalar esa birinchi navbatda natijasiga qarab ajratilsa, natijalardan so‘ng hududlarga bo‘linsa, aslida sportcha prinsiplar uchun ham bu eng to‘g‘risi. O‘sha yig‘ilishda aytilganidek, barchasi bitta vatan — O‘zbekiston uchun. Sportchining qayerga borib o‘qishi, qayerda musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishining ahamiyati yo‘q. Eng asosiysi, birinchi navbatda u shu yurtni nomini ko‘tara oladigan darajadagi talabni bajarishi va keyinchalik bu nomni oqlashi kerak bo‘ladi. Qarshiga suzishdan 5ta yo‘llanma berib, 5 yilda ham beshta olimpiadaga munosib sportchi chiqmasligi, yoki aksincha ham bo‘lishi mumkin. Lekin barchasi faqat O‘zbekiston uchun ekan, undagi talablar ham bitta bo‘lishi kerak. Taqsimlash esa barchasi hal bo‘lganidan keyin amalga oshirilishi kerak.

Rossiyaga olimpiada oltin medalini olib kelgan figurali uchuvchi Alina Zagitova hali kollej yoshida ham emas. Hali kollejga bormaydigan bu kabi misollar ko‘p. «Kollejga kiradigan bolaga bunday katta talablarni qo‘ysak, hech kim o‘ta olmaydiku», deyishingiz mumkin. Mayli bir yil hammasi bo‘lib 100 sportchi ham o‘ta olmasin. Muhimi, o‘sha o‘ta olganlar, ertaga bizni uyaltirib qo‘ymaydigan sportchilar bo‘lishadi. Davlatning pulini bekorga sarflamagan bo‘lamiz. Oldimizga yuqori maqsadlarni qo‘yar ekanmiz, boshlayotgan ishimizdagi talablar ham shunga mos bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?

Azamat Murodov

Mavzuga oid