Jahon | 19:40 / 21.03.2018
5662
2 daqiqa o‘qiladi

Nigeriyada o‘g‘irlab ketilgan o‘quvchilarning aksar qismi ozod etildi

© AFP 2018 / Aminu Abubakar

«Boko Haram» tashkiloti jangarilari fevral oyi oxirida Nigeriya shimolidagi maktabdan o‘g‘irlab ketilgan 110 nafar o‘quvchining 76 nafari ozod etildi. Bu haqda Nigeriya Axborot va madaniyat vazirligi ma'lum qildi.

Bundan avvalroq mahalliy nashrlarda o‘g‘irlangan qizlarning ota-onalariga asoslangan holda terrorchilar qizlarning bir qismini qo‘yib yuborgani haqida xabar berilgandi. 

Daily Post xabariga ko‘ra, 5 nafar o‘quvchi asirlikda vafot etgan.

«Prezident Muhammad Buxoriyning farmoniga ko‘ra, xavfsizlik xizmatidagi barcha kuchlar 2018 yil 19 fevralida Dapchidan o‘g‘irlangan o‘quvchi qizlarning ozod etilishi uchun safarbar etildi. Buning natijasida o‘g‘irlangan 110 nafar o‘quvchidan 76 nafari seshanba tongida uylariga qaytdi», deyilgan vazirlik xabarida.

Vazir o‘quvchilarni qutqarish amaliyoti davom ettirilishini ma'lum qilgan. Hukumat «o‘z do‘stlari» yordamida jangarilarning joylashgan o‘rnini aniqlagan va ularga hech qanday to‘lov bermasdan maqsadga erishgan.

24 fevral kuni «Boko Haram» Nigeriyaning Yobe shtati hududida 110 nafar o‘quvchini olib ketgani ma'lum bo‘lgandi. Ularni qidirish uchun Nigeriya Harbiy-havo kuchlari jalb etildi. Maktab o‘quvchilari tunda ham, kunduzi ham qidirildi.

Nigeriya shimolida bir necha yildan buyon radikal kayfiyatdagi jangarilardan iborat «Boko Haram» guruhi faoliyat olib boradi. Bu jangarilar ta'limning g‘arbcha modeliga qarshi chiqadi va butun mamlakatda shariat qoidalarini o‘rnatmoqchi bo‘ladi. Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar ma'lumotlariga ko‘ra, «Boko Haram» faoliyati tufayli keyingi 8 yil davomida 20 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid