O‘zbekiston | 21:45 / 22.03.2018
13013
3 daqiqa o‘qiladi

Eksportchilar diqqatiga: Welcome to Uzbekistan tovar belgisi haqida unutmang

Foto: logist2.ru

"O‘zstandart" agentligining 05–912 sonli qarori bilan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasining standartlashtirish tizimi. Eksport qilinadigan mahsulot tamg‘asiga tushiriladigan tovar belgisi"ga doir Oʻz DSt 3284:2017 davlat standarti dolzarb va o‘z vaqtida qabul qilindi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan xabar berilishicha, mazkur standart eksport qilinayotgan tovarlar tamg‘asida www.uzbekistan.travel saytiga havola berilgan Welcome to Uzbekistan belgisidan majburiy foydalanishni ko‘zda tutadi. Belgi tushiriluvchi yuza tamg‘aning aniq va yaqqol tasvirini ta'minlashi kerak. Ta'kidlash joizki, standart xo‘jalik sub'yektlari tomonidan ishlab chiqariluvchi mahsulotlarda qo‘llaniladi. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Ushbu standartning o‘ziga xos jihatlaridan biri shuki, u xorijliklarga nafaqat O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish imkonini beradi, balki eksport qilinayotgan mahsulot haqida yanada aniq tasavvur hosil qiladi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish, xorijliklarni mamlakatga jalb qilish uchun ushbu standartni ko‘proq qo‘llash maqsadga muvofiqdir. Tamg‘a O‘zbekistondan eksport qilinadigan mahsulotlarga yopishtiriladi. Chet elliklar shu tamg‘adagi QR-kod (Quiick response - tezkor ma'lumot olish imkonini beruvchi kod) yoki www.uzbekistan.travel sayti orqali O‘zbekiston haqida ko‘proq ma'lumot olishadi va ularning aksariyatida bu yurtga qiziqish, kelish istagi paydo bo‘ladi. Bu salohiyatli turistlarni ko‘paytirish yo‘lida amalga oshirilayotgan usullardan biri. Eksportga chiqayotgan xo‘l meva yo sanoat mahsulotlari yoxud to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa tovarlar yangi standart tamg‘a bilan taqdim etilsa, ishlab chiqaruvchilar ham O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shgan bo‘lishardi. 

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, mazkur standartdan foydalanish O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 2 oktabrdagi Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi Protokoli ijrosini ta'minlashga qaratilgan Nazorat rejasi punktlaridan biriga kiradi.

Mavzuga oid