O‘zbekiston | 20:57 / 27.03.2018
17241
7 daqiqa o‘qiladi

Byudjyet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga tuzatish kiritildi

Foto: Pixabay

Moliya vazirining buyrug‘i bilan Byudjyet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Birinchidan, asosiy vositalarning inventar raqamlari endi 10 belgidan iborat bo‘ladi. Bu – o‘zgarmas miqdor (ilgari zarurat yuzaga kelganda ko‘paytirish imkoniyati bilan 8 belgidan iborat bo‘lgan). Guruh doirasida predmetning tartib raqami uchun qo‘shimcha 2 ta belgining ajratilishi hisobiga o‘zgarish ro‘y berdi. Ilgarigidek, dastlabki uchta belgi subschyotni, to‘rtinchi va beshinchi belgi – guruhni ifodalaydi.

Ikkinchidan, asosiy vositalar eskirishining qat'iy me'yorlari belgilandi. Ular Soliq kodeksining 144-moddasida keltirilgan amortizatsiya me'yorlari bilan deyarli bir xil. Faqat quyidagi farqlari mavjud:

• Soliq kodeksida me'yorlar eng yuqori hisoblansa, Yo‘riqnomada xuddi shu qiymatlar aniq deb qabul qilinadi (ya'ni kamroq yoki ko‘proq hisoblab bo‘lmaydi);

• eskirish me'yorlarining VII guruhi doirasida (boshqa guruhlarga kiritilmagan aktivlar):

– idora mebeli va asboblari (shu jumladan telefon apparatlari, hisoblash uskunalari va boshqalar) uchun 15 foizlik amortizatsiya me'yori joriy etilgan (Soliq kodeksida mazkur pozitsiya nazarda tutilmagan);

– boshqa aktivlar uchun 10 foizlik amortizatsiya me'yori joriy etilgan (Soliq kodeksida ushbu pozitsiya bo‘yicha eng yuqori me'yor – 15%).

Shuningdek belgilanishicha, qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan kapital qurilish obektlari yoki uning qismlari, shuningdek tugallanmagan qurilish bo‘yicha amortizatsiya hisoblanmaydi. Mavsumiy tusga ega byudjyet tashkilotlarida esa eskirish summasi moliya yili mobaynida har oyda yillik eskirish summasining 1/12 miqdorida hisoblanadi.

Uchinchidan, belgilanishicha, kelgusida ishlab chiqarish jarayonida foydalanish mumkin bo‘lgan chiqindilarning kirim qilinishi 06-«Boshqa tovar-moddiy zaxiralar» yoki boshqa schyotlarning tegishli subschyotlari debetida va 090-«Tovar (ish, xizmat)larga xarajatlar» subschyoti kreditida aks ettiriladi.

To‘rtinchidan, Byudjyet tashkilotini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasiga mablag‘larning kelib tushishi endi 12-«Byudjyet mablag‘lari bo‘yicha joriy yildagi moliyaviy natijalar» schyotining tegishli subschyoti kreditida ham hisobga olinadi. Ilgarigidek, zarur hollarda 15-«Turli debitorlar va kreditorlar bilan hisob-kitoblar» schyoti va boshqa schyotlarda hisobga olishga ruxsat beriladi.

Beshinchidan, chorakning so‘nggi ish kuni oxirida xarajatlar smetasida bo‘shab qolgan mablag‘lar tejab qolingan deb hisoblanmaydigan va tegishli byudjyetga qaytariladigan yoxud unda qoldiriladigan holatlar belgilandi:

• tarmoq, shtatlar va kontingent bo‘yicha reja bajarilmaganda;
• tasdiqlangan shtat jadvalida nazarda tutilgan shtat birliklari to‘ldirilmaganda;
• kapital qo‘yilmalarni moliyalashtirish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar moliya yili yakuni bo‘yicha to‘liq o‘zlashtirilmaganda;
• byudjyet tashkilotlari faoliyati to‘xtatib turilganda – to‘xtatib turilgan davr uchun;
• tasdiqlangan xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan, davlat moliyaviy nazorati bo‘yicha tadbirlar davomida aniqlangan ortiqcha yoki qonunga xilof ravishda olingan mablag‘larning summalari;
• qonun hujjatlari qabul qilinishi munosabati bilan ajratiladigan mablag‘lar miqdorlarining qisqartirilishi summalari;
• moliya yili boshiga tovar-moddiy qimmatliklarning normativdan ortiq zaxiralarining summalari;
• dotatsiyalar va subsidiyalarni to‘lash uchun mo‘ljallanib, ammo zarurati qolmagan summalar.

Bunda xodimlar sonining to‘ldirilmaganligi natijasida bo‘shab qolgan mablag‘lardan bir yo‘la bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganligi, xizmat ko‘rsatish doirasi kengayganligi, bajariladigan ishlar hajmining ortganligi, o‘zining asosiy ishi bilan birga, ishda vaqtincha bo‘lmagan xodimlarning vazifalarini bajarganlik uchun qo‘shimchalar belgilash uchun foydalanilishi mumkin.

Byudjyet tashkilotlarining moliya yilida foydalanilmay qolgan byudjyetdan tashqari mablag‘lari keyingi moliya yiliga o‘tadi hamda ulardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi. O‘tgan moliya yilida foydalanilmay qolgan mablag‘lar keyingi moliya yilida qayta taqsimlanmay, o‘sha maqsadlarda foydalaniladi.

Byudjyet tashkiloti qayta tashkil etilgan (qo‘shib yuborilgan, qo‘shib olingan, o‘zgartirilgan) hollarda, byudjyet tashkilotining byudjyetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha hisobvaraklaridagi (shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridagi) qoldiq mablag‘lar qayta tashkil etilgan byudjyet tashkiloti tasarrufida qoladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Byudjyet tashkilotlarini Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan saqlash xarajatlari to‘xtatilgan hollarda, byudjyetdan tashqari mablag‘lar qoldig‘i mazkur tashkilot tasarrufida qoladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Tugatilgan byudjyet tashkilotining byudjyetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha hisobvaraqlaridagi (shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridagi) mablag‘lar qoldig‘i belgilangan tartibda tegishli byudjyet daromadlariga o‘tkaziladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Byudjyet tashkilotlarining hisobvaraqlariga (shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga) noto‘g‘ri kelib tushgan mablag‘lar qaytarilishi to‘lovchi murojaat qilgan kundan boshlab 10 bank kuni mobaynida amalga oshiriladi.

Oltinchidan, markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmatlarida buxgalteriya hisobi Yo‘riqnomaga muvofiq tobe muassasalar kesimida alohida yuritilishi aniqlashtirilgan. Parallel ravishda 180-«Yuqori va quyi tashkilotlar o‘rtasidagi boshqa hisob-kitoblar» subschyotida endi markazlashgan tartibda berilgan moddiy aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobga olinmasligi belgilandi.

Yettinchidan, ishlab chiqarilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritilmaydigan davr xarajatlari 211-«Davr xarajatlari» subschyoti debeti va xarajatlarni hisobga oluvchi tegishli subschyotlar kreditida hisobga olinishi aks ettirildi.

Hujjat 18.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid