Jamiyat | 14:47 / 31.03.2018
47525
3 daqiqa o‘qiladi

Bekobodda 55 kishi ovqatdan zaharlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 2018 yil 30 mart soat 6:20dan 31 mart soat 14:30gacha 55 nafar shaxs, shu jumladan 6 nafar bola tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, bo‘g‘imlarda og‘riq kabi, shikoyatlar bilan shifoxonaga murojaat qilgan va ulardan 50 nafari Bekobod shahar tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga, 4 nafari tug‘uruq bo‘limiga va 1 nafar bemor Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti shifoxonasiga “o‘tkir gastroenterit, ovqat toksikoinfeksiyasi” birlamchi tashxisi bilan yotqizilgan. 

O‘tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshiruv natijasida quyidagilar aniqlangan: 

Bekobod shahridagi “Baxt uyi” to‘yxonasida 28 mart kuni fuqaro Begali Yunusov tomonidan o‘tkazilgan nikoh to‘yida 300 nafar, “Dildora” to‘yxonasida fuqaro Dilobar Gulmurodova o‘tkazgan qiz bazmida 280 nafar mehmon qatnashgan.

Ikkala to‘yxonada ham Bekobod shahridagi “Nodirbek omad baraka” xususiy korxonasiga qarashli “Istiqlol” kafesi tomonidan tayyorlangan “Mujskoy kapriz”, “Yaponcha”, “Qirolicha”, “Ot shefa”, “Pikantniy”, “Olive”, “Go‘shtli bodring” salatlar, norin, chuchvara, lyula kabob, ugra, bifstrogan taomlar dasturxonga qo‘yilgan. 

Bemorlardan olingan biologik namunalar Toshkent viloyati sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining laboratoriyasiga yuborildi. 

Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyida o‘rganish, bemorlarni davolash, profilaktika va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni o‘tkazishda mahalliy mutaxassislarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun Respublika Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti direktori, t.f.n. A.Abdushukurov, institut shifoxonasining bosh vrachi, t.f.n. J.To‘ychiyev, 3 nafar reanimatolog, Respublika sanitariya - epidemiologiya nazorat markazi bosh vrachi B.Almatov va bo‘lim mudiri 2018 yil 30 mart kuni Bekobod shahriga yuborildi. 

Qayd etilishicha, shifoxonada bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, dori-darmon zaxiralari yetarli. Bemorlarning umumiy ahvoli o‘rtacha og‘irlikda. 2 nafar bemorga qoniqarli ahvolda uylariga javob berildi. Murojaat qilgan 7 nafar bemorlarga ambulatoriya sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatilib, ahvollari qoniqarli bo‘lgani uchun uylariga ketishga ruxsat berilgan. 

To‘y marosimida ishtirok etgan fuqarolarni ro‘yxatini aniqlash, profilaktik va epidemiya qarshi tadbirlarni amalga oshirish uchun shahar tibbiyot birlashmasidan jalb etilgan 136 nafar patronaj hamshira va sanitariya-epidemiologiya xizmatidan 50 nafar mutaxassis tomonidan xonadonma-xonadon yurib, surishtirish ishlari olib borilmoqda.

Yuzaga kelgan epidemik vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Mavzuga oid