Jahon | 19:38 / 03.04.2018
11514
2 daqiqa o‘qiladi

Astronomlar Yerdan eng olis joylashgan yulduzni ochishdi

Foto: nasa.gov

Astronomlar xalqaro guruhi Yerdan eng olis joylashgan yakka yulduzni ochishdi. Bu yulduz yerdan 9 mlrd yorug‘lik yiliga teng uzoqlikda joylashgan. Yulduzning ochilgani haqidagi xabar Jyeneva universiteti saytida joylashtirilgan.     

Ta'kidlanishicha, yulduz Hubble teleskopi yordamida kuzatuvlar olib borilayotganda “gravitatsion linza effekti” evaziga topilgan. Yulduzning nurini kuchaytirgan va uni teleskopda ko‘rishga imkon bergan linza rolini Yerdan 5 mlrd yorug‘lik yili uzoqligida joylashgan MACS J1149+2223 galaktikalar to‘dasi o‘ynagan. Topilgan yulduz moviy supergigant bo‘lib, Quyoshdan 100 ming marta yorqinroqdir. Olimlar unga Ikar deb nom berishdi.

Minnesota universiteti mutaxassisi Patrik Kellining aytishicha, bu yulduz o‘ta yangi yulduzlar portlashlaridan tashqari, hozirgacha o‘rganilgan eng olis yulduzlardan kamida 100 marta olisroq joylashgan.   

Jyeneva universitetida ta'kidlanishicha, bu kashfiyot olis joylashgan yakka yulduzlarni o‘rganishning yangi bosqichi boshlanganini anglatadi.

Mavzuga oid