“Namozov”mi “Nomozov?”
Zahmatkash xalqimiz qariyb 70 yil davomida sho‘ro hukumatining zug‘umi ostida ozodlik kelishini kutib yashadi va qilgan xolis niyatlari ro‘yobga chiqib 1991 yilda eng ulug‘ ne'mat – Mustaqillikka erishdi. Mustaqillik yillarida yurtimiz va xalqimiz o‘z mehnatkashligi va tirishqoqligi bilan o‘tgan 70 yil davomida yo‘qotgan narsalarini qayta qo‘lga kiritishga, qariyb unutilayozgan buyuk tariximizni o‘rganishga erishdi. Biroq 70 yil davomida har jabhada millatimiz turli yo‘llar bilan o‘zligini yo‘qotishiga asta-sekinlik bilan ko‘niktirilib, moslashtirilib kelindi, deyish mumkin. Bu narsa ko‘p hollarda o‘z aksini topgan. Shu darajaga borib yetdi-ki, hatto o‘zbek kishilarining ismlarini o‘zgartirish, buzish ishlari ham kishi bilmas tarzda olib borildi. Bu holatlarni ana shu yillarda fuqarolarga berilgan yuridik hujjatlarda ko‘rish mumkin: o‘zbek ismlari ruscha ko‘rinishda, ruslashtirib yozilgan.
Bir kuni dars vaqtida ikki o‘quvchim o‘zaro familiyalarining o‘xshashligi borasida tortishib qolishdi va bolalarcha odat bilan yakuniy, ya'ni eng to‘g‘ri javobni, hukmni mendan kutishdi va menga o‘zaro tortishayotgan savollarini berishdi. Bu ikkala o‘quvchi “Namozov” familiyali o‘quvchilar bo‘lib ular bir-biri bilan o‘zining familiyasi o‘zbek tili grammatikasi qoidalariga ko‘ra to‘g‘ri yozilganligi va aksincha o‘rtog‘ining familiyasi noto‘g‘ri yozilganligi borasida tortishayotgan edilar. Ular mendan eng to‘g‘ri javobni kutishgach, men masalaga jiddiy qaradim va ularning familiyalari bilan ularning pasport nusxalaridagi yozuvi bo‘yicha qiziqib ko‘rdim va aytishim mumkinki, bolalarning ikkalasi ham haq edi! Chunki bir xil familiya ikkita pasportda ikki xil yozilgan edi. Birida “Namozov” ikkinchisida “Nomozov”. Lekin hayot haqiqatiga ko‘ra ikki xil narsa o‘zaro to‘g‘ri bo‘lmaydi, ya'ni bu ikkita familiyadan biri noto‘g‘ri yozilganligini isbotlab berishim kerak edi, afsuski, bolalarda ikkala variant ham to‘g‘riligini isbotlovchi kuchli dalil – yuridik hujjat pasport bor edi.
Men bolalarga Namozov deb yozilgan yozuv imlo qoidasiga ko‘ra to‘g‘ri yozilganligini tushuntirishga kirishdim va munozarani yanada avj olishiga sababchi bo‘ldim. Keyin ushbu munozarani keltirib chiqargan sabab qayerdan kelib chiqqani haqida o‘ylab qoldim. Haqiqatan ham bu kabi holat ism va familiyalarning noto‘g‘ri yozilishi bo‘yicha yagona holat emas. So‘nggi vaqtlarda bu kabi, aytish mumkinki, kulgili holatlarga har qadamda duch kelyapmiz, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yana bir tanishim pasportida otasining ismi “Obidillayevich” deb yozilganligini ko‘rib, bunga qiziqqanimda o‘sha tanishim asli otasining ismi “Abdulla” bo‘lganligini, keyinchalik pasport berishayotganida otasining ismini “Obdilla” deb noto‘g‘ri yozib berishganini, keyingi gal esa yanada o‘zgartirib “Obidilla” deb yozib berishganini aytib berdi. O‘z ismining bu tarzda buzilishidan buyuk yozuvchilarimiz Abdulla Avloniy, Abdulla Qahhorlar ham qabrida tik turishgan bo‘lsa ehtimol. Bir vaqtlar bir Qayum aka degan kishi bilan birga ishlardik, o‘sha kishining pasportiga familiyasi lotin yozuvchida “KAUM” deb yozilganligini ko‘rgandim, aslida o‘sha ism “QAYUM” tarzida yozilsa, millatimiz ko‘zgusi bo‘lgan ona tilimiz qoidalari buzilmas va ma'nodor bo‘lgan ism qanaqadir laqabga aylanib ketmagan bular edi.
Shu tariqa o‘zbek millatiga xos bo‘lmagan yangi ismlar paydo bo‘lgan, bu ismlar, menimcha, mana shu pasport egasidan boshqa hammaga begona bo‘lsa kerak, agar shu ism ma'nosi kimgadir kerak bo‘lib qolsa ismlar ma'nosi kitobi, internet-u vikipediyalarda ham topilmasa kerak. Buxgalteriya va arxiv ishlariga oid sohalarda ishlaydigan kishilar ism-familiyaning aynan bir xil yozilishi juda muhim ekanligini aytishadi va agar kelgusida bir ism yoki familiya ikki marta yozilsa vaqti kelib o‘sha kishining hujjatlarida va pensiyaga chiqishida katta sarsongarchiliklar va murakkabliklar keltirib chiqaradi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, albatta, pasport berishda fuqaroning ism-familiyasining o‘zbek tilining imlo qoidalari buzilmagan holda, to‘g‘ri yozilishiga qat'iy e'tibor qaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Aslida, o‘zbek tilining grammatikasi, imlo qoidalari shu qadar muhim, bunga shu qadar jiddiy qaraladi-ki, Oliy o‘quv yurtiga kirish uchun davlat imtihonida abiturentga qo‘yilgan savollarda misol tariqasida “yo‘l” so‘zi “yul” qabilida yoziladimi yoki “yo‘l” qabilidami, degan savolga abituriyent mabodo noto‘g‘ri javob berib qo‘ysa, u oliy ta'limga o‘qishga kira olmasligi mumkin. Ya'ni, birgina so‘z bilan bir insonning taqdiri o‘zgarib ketadi. Birgina so‘z shu qadar ahamiyatli ekan nega endi o‘sha so‘zdan bir necha marotaba muhim va ahamiyatli bo‘lgan bir ismga mutlaqo e'tiborsizlik bilan qaraymiz?
Bunga e'tiborsiz qaraydigan va pasport stolidagi kishilarning xatolarini turli xil sabablar bilan oqlashga urinadigan kishilarga yana bir faktorni keltiraman: siz birorta rus ismini yoki familiyasini ikki xil variantda yozilganligini ko‘rganmisiz? Andrey ming yildan beri Andrey, Sergey ismidagi harflar ham biror marta o‘zgarmagan. To‘g‘ri, bir ismini turli ko‘rinishlariga duch kelish mumkin, masalan, Aleksandr, Aleksandro, Alessandro, Aleshandro kabi, biroq bu holatlar bir ismning turli millatlardagi turli ko‘rinishlaridir, bizda esa bir ismning o‘nga yaqin varianti bir millat ichida uchramoqda. Xulosa shuki, arzimasdek tuyulgan bu xatolik vaqti kelib bir illatga aylanadi. Bunday bo‘lmasligi uchun harakatni hozirdanoq boshlash zarur.
Mavzuga oid
18:33 / 26.11.2024
“Judayam murakkab savol” - Qo‘chqorov tibbiyot xodimlarining maoshi haqida
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
11:43 / 20.11.2024
2025 yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi
15:13 / 18.11.2024