Sport | 16:03 / 10.04.2018
14326
8 daqiqa o‘qiladi

YeChL anonsi. «Siti» bugun javob qaytaradi

Bugun Chempionlar ligasining chorak finali javob uchrashuvlari o‘tkaziladi. Birinchi o‘yinlar doirasida «Enfild»da «Manchester Siti» javobsiz 3ta gol o‘tkazib mag‘lub bo‘lgandi, ammo «Liverpul»ni yarim finalga yo‘llashga hali erta.

Kutilayotgan ssenariy

Foto: Match TV

Chorak finalning birinchi uchrashuvlari favoritlarni ajratib berdi. «Liverpul» va «Manchester Siti» juftligida ham ustunlik Klopp jamoasida, ammo Angliyaning bo‘lajak chempionlari Gvardiola boshchiligida bu tasavvurlarni tarqatib yuborishga harakat qilishadi.

«Liverpul» javob uchrashuvi oldidan katta ustunlikka ega bo‘lgan, ammo juda katta emas (boshqa jamoa bo‘lganida buni juda katta desa ham bo‘lardi). «Shaharliklar» bu mavsumda juda kuchli ko‘rinmoqdaki, ular bu vazifani ham uddalay olishlarini kutish mumkin. Gvardiola jamoasi uch gol ura olishi mumkin. Bu bo‘lishi mumkin bo‘lgan ssenariy.

Motivatsiya
«Manchester Siti»da hozirda motivatsiya katta. «Shaharliklar» alohida ishtiyoqsiz ham bu mavsumda yo‘lidan kim chiqsa, yakson etib ketaverdi. Jamoaning kuchi haqida Yurgen Klopp juda yaxshi biladi. U javob o‘yinidan oldin shunday dedi: «Birinchi o‘yindan so‘ng yigitlar bahsning faqat bir qismi ortda qolganini bilishgandi. Biz hisobda oldinda ekanimiz g‘alaba qozonishimizdan darak bermaydi. Biz javob o‘yinida ham yaxshi harakat qilib, o‘zimizning eng yaxshi futbolimizni namoyish etishimiz kerak».

Derbidan ibrat
O‘tgan shanba kuni «Manchester Yunayted» ham birinchi bo‘limda ilojsiz qoldirilgandi. 45 daqiqa ichida «Manchester Siti» «qizil iblislar»ga faqat 2ta emas, yana bir nechta gol urishi mumkin edi. Tanaffusda «Manchester Siti» futbolchilari chempionlikni qanday nishonlash haqida o‘ylashga kirishib ketgani ularni chalg‘itdi. «Liverpul»ning asosiy muammosi shuki, endi «Manchester Siti»ning xato qilishga haqqi yo‘q. Gvardiola shogirdlari avvalgi o‘yinlardan xulosa chiqarishlari kerak.

«Enfild»da bo‘lgan hodisa mening jamoa qanday o‘ynashi bo‘yicha munosabatimni o‘zgartirmaydi», degan o‘yindan oldingi matbuot anjumanida Xosep Gvardiola. «Manchester Siti» bugungi o‘yinda ham hujum qilishda davom etadi, bu to‘g‘ri ham: Manchester derbisining birinchi bo‘limi shuni ko‘rsatdiki, «shaharliklar»da hech qanday inqiroz yoki pasayish yo‘q, ular hamon qo‘rqinchli darajada kuchli.

Foto: Sport ekspress

Mavsum boshida «Siti» yirik hisoblarda g‘alaba qozongan, «Liverpul»ga ham 5ta gol urilgandi. Sentyabr oyida «Etihad»da kechgan o‘yinda hisob 1:0 holatidaligida Mane chetlatilgach, yana 4 gol urilgandi. «Siti» futbolchilari muayyan raqibga qarshi o‘yinda maqsadga qanday erishish mumkinligini bilishadi. 

«Siti»da Premer-liganing eng qimmatbaho tarkibi, har bir pozitsiyada bir necha nafardan kuchli futbolchi bor. Jamoa futbolchilari bir-birini o‘zaro tushunish darajasi o‘ta yuqori. Gvardiola ba'zan o‘z taktik ayyorliklari qurboniga aylanib qolishi mumkin, ammo u bugun maksimal darajada kuchli tarkibni maydonga tashlashi, futbolchilar o‘z joylarida harakat qilishlari kerak (bir hafta ilgari bo‘lgani kabi Kevin De Bryuyne tayanch zonasida o‘ynamasligi kerak).

Tezkor gol
Bu o‘yinda eng muhimi tezkor gol urib olish kerak. Hozir «Siti»da gol yo‘q, ammo birinchisi urilsa, keyingilari ham bo‘ladi. Faqat ilk 20 daqiqalikdagi gol «shaharliklar»ning Yevropadagi yurishni davom ettirishiga imkoniyat qoldiradi. «Biz albatta Yevropada kubok yutamiz. Ammo qachon, bunisi aniq emas. Biz chiqishimiz kerak bo‘lgan tog‘ juda baland», dedi o‘yindan oldin ispaniyalik murabbiy.

Taxminiy tarkiblar
«Derbidagi mag‘lubiyat yigitlarga qanchalik ta'sir ko‘rsatganini bilmayman. Ammo biz bunday psixologik zarbaga dosh bera olmasak, bizga kelajakda qiyin bo‘ladi. Bu bir sinov. Bizda yana 90 daqiqa hamda qo‘shimcha daqiqalar bor. «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinning oxirgi daqiqalarida ham biz juda ko‘p vaziyatlarga ega bo‘ldik», dedi murabbiy.

Javob uchrashuviga «Manchester Siti» deyarli yo‘qotishlarsiz keldi. Benjamin Mendi hali safga qaytmadi, Jon Stounzning o‘ynashi ham savol ostida. Lekin boshqa futbolchilar, jumladan, Serxio Aguero ham safda. Argentinalik futbolchi boshlang‘ich tarkibda o‘ynashi qiyin, hujum chizig‘i ko‘p ehtimol bilan Sane, Sterling, De Bryuyne va David Silvadan tarkib topadi. Tayanch zonasidan Fernandino joy oladi, himoya uchun turli variantlar bor. Jon Stounz o‘yin amaliyotiga ega emasligi tufayli Gvardiolada tanlov katta emas. O‘ng qanotda Uoker, chapda Delf yoki Danilo, markazda esa Otamendi va Kompani juftligi harakat qilishini kutish mumkin.

O‘z navbatida «Liverpul»da tarkib borasida muammolar yetarlicha. Bu esa «Siti»ning imkoniyatlarini oshiradigan omildir. O‘yinda diskvalifikatsiya qilingan Jordan Hendersondan tashqari, Muhammad Saloh va Endryu Robertson ham o‘ynay olmasligi mumkin. Lekin britaniyalik jurnalistlar misrlik futbolchi maydonga tushishiga ishonch bildirishmoqda. Matbuot anjumani vaqtida Yurgen Klopp ham buni tasdiqlagandek bo‘ldi: «Saloh o‘ynaydimi? 100 foizga ishonchim komil emas, ammo yo‘qdan ko‘ra ha». Diskvalifikatsiyaga uchragan Henderson o‘rnini boshlang‘ich tarkibda Veynaldum egallashi mumkin.

10 aprel. 23:45. Manchester. «Etihad» stadioni
Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob uchrashuvi
(birinchi o‘yin – 0:3)
«Manchester Siti» (Angliya) – «Liverpul» (Angliya)
Qayerda ko‘rish mumkin: «Futbol 2» Diskvalifitsiya qilinganlar: Jordan Henderson («Liverpul»)
Jarohatlanganlar: Jon Stounz (so‘roq ostida), Benjamen Mendi (tushmaydi) - Muhammad Saloh, Endryu Robertson, Alberto Moreno (barchasi so‘roq ostida), Jo Gomes, Adam Lallana, Joel Matip, Emre Jan (tushmaydi).

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid