Sport | 16:38 / 12.04.2018
29382
6 daqiqa o‘qiladi

«Real»dek o‘ynash kerak edimi?

Foto: Reuters

Qahramon Aslanovning «Adolat va kayfiyat» degan maqolasi yoqdi. Doimgidek ilg‘ash mushkul bo‘lgan ko‘p jihatlarni ochib bergan. Men maqolada eslanmagan boshqa bir holat haqida qo‘shimcha qilmoqchiman.

«Yuventus»ga shlyapalar yechilmoqda, qo‘shilaman, uning o‘z uyida yirik hisobda yutqazib, Madridda o‘sha hisobni yo‘qqa chiqara olgani-da tahsinga loyiq. Bu ishni hech kim qilmagani ham aytib o‘tildi. Lekin bu vaziyatda «Yuventus» bor kuchini va quvvatini faqat 3:0 qila olishga sarflagani ma'lum bo‘lib qoldi. «Real» bir kun avval Rimda yirik hisobdagi ustunlikni mag‘lubiyatga aylantirib olgan «Barselona»ning holatiga tushib qolishini taxminan sezgan bo‘lsa-da, voqe'likda Turin klubidan o‘yin avvalidagi shiddatni kutmagandi. Bunaqa ochiq hujum bilan boshlashiga ishonmagan «Yuve»ning.

Qarasa, shunday boshladi. Buyog‘iga madridliklar xuddi «Barsa» singari taqdir izmidan istamaygina yurishni boshlashdi. Xarakterini ko‘rsatishga kech edi endi. Bu ko‘p kuzatiladigan holat. Hisob 0:3 ko‘rinish olguncha kutilgan ishni qildi: zarbalari noaniq bo‘ldi, aniqlarini Buffon qaytaraverdi.

E'tiborimni tortgan jihat, taqdir izmida ketayotgan ikki jamoa 0:3 degan chiziqqa kelgach, to‘xtab qolishgani bo‘ldi. Chunki, bu hududdan narisini «Yuventus» o‘ylab ko‘rmagani bilinib qoldi. «Real» esa, ana endi o‘zining hududiga kirgandi.

Madrid jamoasi penaltidan gol urgani boshqa masala, asosiy nuqta «Real»ning so‘nggi daqiqalarda o‘ziga bo‘lgan ishonchida. U o‘sha hududda hech kimdan qo‘rqmasligida. O‘sha manzilga yetib olsa bo‘lgani, buyog‘iga o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytara olishida. Raqib ham xuddi kelishilgandek, o‘sha chiziqdan o‘tgach butkul o‘zgarishida.

Kecha «Yuventus» uchinchi golini urgunicha vajohatli bo‘lgani va shundan so‘ng nima qilishni o‘ylab ko‘rmagani so‘nggi daqiqalarda yaqqol sezilib qoldi. Vaholanki, 4-gol «Yuventus» uchun uchta goldan ko‘ra muhimroq edi, madridliklar bu golga ikki gol bilan javob berishlari shart bo‘lib qolardi. Bu masalada Allegri jamoa bilan ish olib bormaganiga, menimcha, uchta golni urishning o‘zi buyuk qahramonlik sanalishi sabab bo‘lgan. Avval shuni eplab olaylik-chi, uyog‘iga ko‘rarmiz, deyishgan chog‘i.

«Real» overtaymga rozi bo‘lmay, tinmasdan hujum qilishni boshlaganida, men o‘ylaymanki, yuvechilar cho‘chishni, realchilar g‘alabaga ishonishni boshlashdi. «Yuve» uchinchi golini oxirgi daqiqalarda urganida, «Real» nisbatan hech narsaga ulgura olmasdi, ammo shunda ham overtaymda raqibni qiynagan bo‘lardi, deb o‘yladim o‘zim. Ammo turinliklar hisob tenglashtiruvchi golni sal barvaqt urib qo‘yishdi va o‘sha soniyadan boshlab «to‘rtinchi golga o‘tishimiz kerakmi yo shu hisobni ushlashimiz?» degan arosat maydonida qolib ketishdi. Shu golgacha o‘ziga kela olmayotgan «Real»ga esa, aynan shu gol kerak edi. Ular o‘ziga kelishdi va hisobdagi ustunligu, raqibning shijoatini unutdi. O‘z ishini, har doimgi ishini bajarishga tushdi.

To‘g‘ri, g‘alaba to‘pining penaltidan, so‘nggi soniyalarda, buning ustiga Buffonning qizil kartochka olib maydonni tark etishidan so‘ng kiritilgani yaxshi bo‘lmadi. Ammo bu golning tug‘ilishiga hakamning ta'siridan ko‘ra, men ko‘proq «Real»ning so‘nggi daqiqalardagi shturmlari ta'sir qildi, degan bo‘lardim.

O‘z uyida 0:3 hisobida yengilgan klubning raqib uyiga borib xuddi shuncha gol urib hisobni tenglashtira olgani katta matonat, tan olaman, biroq, «Yuventus» mana shu «o‘ziga kelib olishi» uchun bir hafta olganini, «Real» esa, hisob tenglashgach hujumlar yomg‘irini boshlashi uchun qandaydir daqiqalar olganini unutmasligimiz kerak. Menimcha, «Real»ga qiyinroq edi. Chunki bir kun oldin kambeklar qahramoni Kataloniya jamoasi ham xuddi shu hududda nima qilarini bilmay qolganini ko‘rdik, ya'ni o‘yin boshidan oxiriga qadar o‘zgara olmadi.

Qahramon Aslanovning maqolasi «Real»ga o‘xshab o‘ynamang, deb tugagan bo‘lsa, men boshqacha tugataman: Uchinchi golga qadar «Real»ga o‘xshab o‘ynamang, ammo bu hodisa boshingizga tushib qolgudek bo‘lsa, qolgan daqiqalarda faqat «Real»dan o‘rnak oling! 

Xayrulla Hamidov

Mavzuga oid