O‘zbekiston | 02:35 / 14.04.2018
11382
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon va Qozog‘istonning Olma-ota viloyatlari o‘rtasida qardoshlik Memorandumi imzolandi

13 aprel kuni Andijon viloyatiga Qozog‘iston Respublikasi Olma-ota viloyatidan  rasmiy delegatsiya tashrif buyurdi. Qardosh mamlakatdan kelgan mehmonlar bilan  viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tomonidan qabul uyushtirilib, unda ikki viloyat o‘rtasida uzoq kelajakka mo‘ljallangan  iqtisodiy, savdo, ilmiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish uchun qilinajak rejalar haqida so‘z bordi.

Olma-ota viloyati hokimi Amandyk Batalov yig‘ilganlarga o‘z hududini tanishtirib, o‘lkaning tabiati, mavjud sanoat va ishlab chiqarish sohalari, turistik yo‘nalishlar haqida tushuncha berdi. O‘z o‘rnida Andijon viloyati hokimi 2017 yilda viloyat va Qozog‘iston  o‘rtasidagi savdo aylanmasi 121 million AQSh dollarini tashkil etgani, Andijondan qo‘shni davlatga avtomobil, ehtiyot qismlar, tekstil mahsulotlari, poyabzal eksport qilinishi va o‘z navbatida Qozog‘istondan un, shakar, yog‘och, qora metall, bitum, sement va boshqa mahsulotlar keltirilishiga to‘xtaldi.

 Tadbir so‘ngida har ikki viloyat hokimlari iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro kelishuv Memorandumiga imzo chekdilar.

 

      

Mehmonlar Asakadagi avtomobil zavodi, “Bog‘i Bobur” istirohat bog‘i,  Ho‘jaoboddagi “SAMO” va “Barchinoy” tekstil korxonalari, “Navigul” logistika markazi, Andijon tumanidagi insulin ishlab chiqaruvchi farmatsevtika korxonalarida bo‘lishdi.  

                                                  

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid